MDHning Minsk sammiti
26.10.2013
MDHning Minsk sammiti O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 24-25-oktabr kunlari Minsk shahrida bo‘lib, MDH Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etdi.

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining sammitlari 20-yildan ortiq vaqt davomida davlatlararo ahamiyatga molik muhim masalalar, mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashish, o‘zaro ma’qul qarorlar qabul qilish maqsadida ochiq maslahatlashish uchun qulay muloqot maydoni vazifasini o‘tab kelmoqda.

Minsk uchrashuvida Hamdo‘stlik faoliyatini yanada takomillashtirish, a’zo mamlakatlar o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash, xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Prezidentlar mintaqaviy va xalqaro muammolar, xususan, terrorizm, ekstremizm, narkotik moddalar va qurol-yarog‘ kontrabandasi kabi tahdidlarni bartaraf etishda hamkorlik borasida fikr almashdilar.

Afg‘onistondagi vaziyat haqida so‘z borar ekan, 2014-yilda xalqaro koalitsiya kuchlari bu mamlakatdan chiqarilishi xavfsizlikni ta’minlash borasidagi mushtarak sa’y-harakatlarni yanada faol muvofiqlashtirishni taqozo qilishi ta’kidlandi.

Islom Karimov Hamdo‘stlik makonida terrorizm va ekstremizm g‘oyalari kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaydigan muhitni shakllantirish, bu illatlarning oldini olishda faqat ularning o‘zi emas, manbalariga qarshi kurashish zarurligini qayd etdi. O‘zbekiston rahbari bu borada axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi hamkorlik ham muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

O‘zbekiston Prezidenti Afg‘onistondagi vaziyat haqida to‘xtalib, bu muammoning harbiy yechimi yo‘q ekanini, qurolli mojaroga murosa va muzokaralar bilan barham berish maqsadga muvofiq ekanini qayd etdi.

Davlat rahbarlari MDH doirasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarga doir masalalarni ham ko‘rib chiqdilar. Ma’lumki, bu yo‘nalishdagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida 2011-yilda Erkin savdo zonasi to‘g‘risidagi shartnoma imzolangan. Prezident Islom Karimov to‘laqonli erkin savdo zonasini barpo etish eng ustuvor va muhim vazifalardan biri ekanini ta’kidladi. Zero, dunyodagi ko‘plab mamlakatlar moliyaviy-iqtisodiy inqirozni boshdan kechirgan va uning asoratlarini bartaraf etayotgan hozirgi sharoitda mukammal erkin savdo zonasini shakllantirish ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, ishbilarmon doiralarning o‘zaro ishonchini yanada mustahkamlash, qo‘shma iqtisodiy dasturlarning vaqtida ijro etilishini ta’minlash kabi qator iqtisodiy samaralar beradi.

Prezidentlar madaniy-gumanitar hamkorlik masalalarini muhokama qilib, 2014-yilni MDHda Sayyohlik yili deb e’lon qilishga kelishib oldilar.

Davlat rahbarlari jinoyatchilik, odam savdosi, narkobiznes, terrorizmga qarshi kurashish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi dasturlarni tasdiqladilar.

Hamdo‘stlikka raislik 2014-yildan Ukrainaga o‘tadi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati