O‘zbekiston-Latviya: Hamkorlikning yangi bosqichi
18.10.2013
O‘zbekiston-Latviya: Hamkorlikning yangi bosqichi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Latviya Respublikasi Prezidenti Andris Berzinshning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan 16-17-oktabr kunlari ushbu mamlakatda bo‘ldi.

Tashrifning asosiy tadbirlari 17-oktabr kuni bo‘lib o‘tdi.

Latviya Prezidenti qarorgohida oliy martabali mehmonni rasmiy kutib olish marosimi o‘tkazildi.

Ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlari chog‘ida Prezidentlar ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va istiqbollarini, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qildi, dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashdi.

O‘zbekiston va Latviya o‘zaro muhim va ishonchli hamkor ekanligi, mamlakatlarimizni ko‘p yillik an’anaviy hamkorlik va mustahkam do‘stlik rishtalari bog‘lab turishi ta’kidlandi.

Qayd etish kerakki, muzokaralar yorqin voqea bilan boshlandi: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga Latviyaning oliy davlat mukofoti – birinchi darajali «E’tirof kresti» ordeni topshirildi. Latviya Respublikasi Prezidenti mamlakatimizning «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlandi. Bu bir jihatdan ikki davlat rahbarlarining mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishdagi ulkan xizmatlarining o‘zaro e’tirofi bo‘lsa, boshqa tomondan, munosabatlarni yanada mustahkamlash borasidagi umumiy manfaatdorlik va intilishlarning ifodasidir.

O‘zbekiston bilan Latviya o‘rtasidagi munosabatlar mustahkam huquqiy asosga ega. 1992-yilda O‘zbekiston va Latviya o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganidan buyon o‘zaro hamkorlikning deyarli barcha sohalariga oid qirqdan ortiq davlatlararo shartnoma va hukumatlararo bitimlar imzolangan.

Parlamentlararo hamkorlik ham izchil rivojlanmoqda – parlamentlar a’zolarining tashriflari muntazam amalga oshirilib, qonun ijodkorligi borasidagi o‘zaro tajriba almashish yaxshi samaralar bermoqda. 2010-yilda Latviya Seymida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi bilan hamkorlik bo‘yicha guruh ta’sis etildi. 2012-yilda O‘zbekiston parlamentida Latviya Seymi bilan hamkorlik bo‘yicha guruh tashkil qilindi.
Ikki mamlakat tashqi siyosat mahkamalari o‘rtasida muntazam va konstruktiv maslahatlashuvlar yo‘lga qo‘yilgan.

Muzokaralar chog‘ida terrorizm, ekstremizm, narkotrafik kabi zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi birgalikda kurashishga oid masalalarga ham e’tibor qaratildi. Latviya tomoni O‘zbekistonning Afg‘onistonni iqtisodiy va ijtimoiy tiklash borasida ko‘rsatayotgan yordami, xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha xalqaro koalitsiyaning ishtirokchi davlatlari bilan hamkorligiga yuksak baho berdi.

Tomonlar ko‘rib chiqilgan barcha masalalar yuzasidan O‘zbekiston va Latviyaning yondashuv va pozitsiyasi o‘xshash va yaqin ekanligini ta’kidladi.

O‘zbekiston va Latviya Prezidentlari savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va gumanitar hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi masofa ancha uzoqligiga qaramay, transport, jumladan, avtomobilda va xalqaro tashuvlar sohasida, ta’lim, fan, qishloq xo‘jaligi, akkreditatsiya va metrologiya, axborot texnologiyalari, turizm va boshqa yo‘nalishlarda faol hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Ta’kidlanganidek, mamlakatlarimiz o‘zaro iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishi uchun barqaror shartnomaviy-huquqiy asoslar yaratilgan. Iqtisodiyot va sanoat sohasidagi hamkorlik, investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish, ikki tomonlama soliqqa torishning oldini olish borasida erishilgan kelishuvlar amal qilmoqda.

Latviya – O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqidagi yirik savdo hamkorlaridan biridir. Eng ko‘p qulaylik yaratish tizimi samarasida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 2012-yilda qariyb 20 foiz o‘sib, 246 million AQSh dollardan oshdi. Joriy yilning birinchi yarmi yakunlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 126 million dollarni tashkil etdi.

O‘zbekiston Latviyaga yuqori sifatli paxta tolasi, motor moylari, farmatsevtika mahsulotlari va boshqa tovarlar yetkazib beradi. Latviya mamlakatimizga uskunalar, transport vositalari, plastmassa eksport qiladi, shuningdek, logistika xizmati ko‘rsatadi.

O‘zaro investitsiyaviy hamkorlik rivojlanmoqda. O‘zbekistonda Latviya sarmoyasi ishtirokidagi 22 korxona faoliyat yuritmoqda. Latviyada esa mamlakatimiz kompaniyalari bilan hamkorlikda tashkil etilgan qirqdan ortiq korxona ishlab turibdi.

Mamlakatlarimiz hamkorligida transport, ilmiy-texnikaviy, turizm, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida muhim qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda. Erishilayotgan bunday ulkan yutuq va marralar muntazamlik kasb etgan oliy darajadagi muloqotlar, ikki mamlakat hukumatlari vakillari va ishbilarmon doiralarining doimiy aloqalarining muhim samaralaridir.

O‘zbekiston va Latviya iqtisodiyot sohasida ulkan salohiyatga ega ekanligi ta’kidlandi. Tomonlar bu imkoniyatlardan yanada samarali foydalanish masalalarini muhokama qildilar.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston va Latviya teng huquqli iqtisodiy hamkorlardir. Mamlakatlarimiz o‘zaro iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishi mumkin bo‘lgan yo‘nalishlar ko‘p. O‘zbekiston kompaniyalarining joriy yil sentabr oyida o‘tgan «Riga Food – 2013» xalqaro ko‘rgazmasidagi ishtiroki natijalari ham bunga misol bo‘la oladi. Ushbu ko‘rgazma yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning meva-sabzavot mahsulotlarini Latviya va Yevropa mamlakatlariga yetkazib berish bo‘yicha 100 million AQSh dollaridan ortiq miqdordagi shartnoma va kelishuvlar imzolandi.

O‘zaro hamkorlikning muhim yo‘nalishi bo‘lgan transport sohasini rivojlantirish alohida ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi. Bu asosiy mintaqaviy va jahon bozorlariga chiqish maqsadida mamlakatlarimizdan amaldagi transport yo‘laklari raqobatbardoshligini oshirish, buning uchun mavjud tranzit salohiyatidan yanada kengroq foydalanishni taqozo qiladi.
O‘zbekiston va Latviya qishloq xo‘jaligi, turizm, fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi hamkorlik bo‘yicha ham ulkan salohiyatga ega.

O‘zbekiston tomoni, shuningdek, latviyalik ishbilarmonlarni turizm sohasida hamkorlikka jalb etish, bu borada kadrlar tayyorlash bo‘yicha tajriba almashishga ham qiziqish bildirmoqda.

Latviya, umuman, Boltiqbo‘yi mamlakatlari aholisi O‘zbekistonning Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent, Shahrisabz kabi shaharlarini yaxshi biladi. Qadimiy Movarounnahrning sehrli olami, boy tarixi va an’analari barchani maftun etishi tabiiy.

O‘zbekiston Prezidentining davlat tashrifi doirasida Rigada biznes-forum bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston va Latviyada birgalikda biznes yuritish imkoniyatlari, hamkorlikning yangi yo‘nalishlari, Latviya logistika tarmoqlaridan O‘zbekistonning foydalanishini kengaytirish, O‘zbekistondan Latviyaga oziq-ovqat sanoati mahsulotlarini yetkazib berish hajmlarini oshirish masalalari muhokama etildi.

Ishbilarmon doiralarning bevosita aloqalari mustahkamlanishi muhim ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi. Bu, xususan, Boltiqbo‘yi bozorlarini Yevropa Ittifoqining barcha talablariga javob beradigan a’lo sifatli mahsulotlar bilan to‘ldirishga xizmat qiladi. Ma’lumki, bugungi kunda Latviyada sotilayotgan O‘zbekiston mahsulotlari ko‘p hollarda bevosita emas, uchinchi mamlakatlar orqali keltiriladi. Bu ularning narxiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatayotir. Aslida, O‘zbekiston o‘z oziq-ovqat tovarlarini nafaqat Boltiqbo‘yi bozorlariga, balki quritilgan meva va poliz mahsulotlarini savdo flotiga ham yetkazib berishi mumkin. Bu, albatta, ishbilarmon doiralarning vazifasi. Tomonlar ikki mamlakat tadbirkorlarini mazkur yo‘nalishda ish olib borishga jalb etishga kelishib oldilar. Buning uchun zarur huquqiy asoslar mavjud. Endi gap to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yishda.

Madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik ham izchil rivojlanmoqda. 2004-yilda Riga shahrida mashhur alloma va davlat arbobi Mirzo Ulug‘bekning, 2006-yilda ulkan mutafakkir Abu Ali ibn Sinoning haykali o‘rnatilishi latviyaliklarning xalqimizga, buyuk ajdodlarimizga va boy merosimizga yuksak hurmat-ehtiromining amaldagi yaqqol ifodasi bo‘ldi.

Mamlakatlarimiz poytaxtlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari mustahkamlanmoqda. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat akademik Katta teatri hamda Latviya milliy operasi o‘rtasidagi ijodiy hamkorlik tobora kengaymoqda. Badiiy va foto ko‘rgazmalar, kino dekadalari, konsertlar tashkil etilmoqda, ikki mamlakatning folklor jamoalari O‘zbekiston va Latviyada o‘tkazilayotgan turli madaniy tadbirlarda ishtirok etmoqda. Xususan, Latviya san’atkorlari Samarqandda o‘tkaziladigan «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivalida muntazam qatnashib keladi.

Ta’lim sohasi hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridandir. Bugungi kunda O‘zbekiston Latviyada o‘qiyotgan xorijlik talabalar soni bo‘yicha beshinchi o‘rinda turadi. Latviyada qariyb 200 nafar o‘zbekistonlik yigit-qiz tahsil olmoqda.

18102013_1.jpgMuzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Latviya Respublikasi Prezidentining Qo‘shma bayonoti qabul qilindi. Shuningdek, sog‘liqni saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, transport va yuklar tranziti, savdo aloqalarini kengaytirish, turizm va investitsiyaviy hamkorlikka oid hujjatlar imzolandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Latviya Seymiga tashrif buyurib, Spiker Solvita Aboltinya bilan muzokaralar o‘tkazdi. Davlatimiz rahbari Latviya parlamenti faoliyati bilan tanishdi. Suhbat jarayonida parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning Latviya Bosh vaziri Valdis Dombrovskis bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar chog‘ida tashrif davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Prezidentimiz Islom Karimov Latviya Prezidenti Andris Berzinsh hamrohligida Ozodlik monumenti poyiga gul qo‘yib, Latviya ozodligi yo‘lida qurbon bo‘lganlar xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Latviya Respublikasiga davlat tashrifi nihoyasiga yetdi.

Ushbu tashrif ikki tomonlama hamkorlik rivojiga yanada jadal sur’at baxsh etishi va uni yangi bosqichga olib chiqishi shubhasiz.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 14.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati