O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning MDH Davlat rahbarlari kengashining tor doiradagi majlisida so‘zlagan nutqi
28.10.2013

Muhtaram rais,

Hurmatli davlat rahbarlari!

Hamdo‘stlik davlat rahbarlari sammiti ishtirokchilarini qutlash va Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Grigorevich Lukashenkoga samimiy qabul va mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirishga ijozat bergaysizlar.

Bugun dunyoda ro‘y berayotgan murakkab jarayonlar, kuchlarni global va mintaqaviy joylashtirish borasidagi murakkab o‘zgarishlar, jahon iqtisodiyotida inqirozdan keyin kechayotgan og‘ir davr, Hamdo‘stlikka yaqin va uzoq davlatlardagi vaziyat va ziddiyatlarning keskin tus olayotgani haqida gapirishning hojati yo‘q, deb o‘ylayman.

Shu munosabat bilan, bizningcha, MDHning bu boradagi roli va o‘rnini belgilash, Hamdo‘stlik doirasida qanday ishlar amalga oshirilayotganini va uning imkoniyat hamda salohiyatini baholash, ushbu tashkilotning istiqboli va kelajagini qanday tasavvur etishimiz xususida fikr bildirishimiz muhim ahamiyatga ega.

MDHning, o‘tgan yillar mobaynida mazkur tashkilot tomonidan yaratilgan huquqiy maydon va hamkorlik vositalarining, mexanizmlarining ahamiyatini oshirmasdan, ayni paytda kamsitmasdan aytish mumkinki, Hamdo‘stlik unga a’zo har bir davlat uchun muhim o‘rin tutmoqda. Bunday deyish uchun barcha asoslar bor.

Hamdo‘stlik unga a’zo davlatlarning izchil rivojlanishi, barqarorligi va xavfsizligiga raxna solishi mumkin bo‘lgan tahdid va xavflarga o‘z vaqtida, munosib javob qaytarish, bahs va nizolarni hal etishga qaratilgan, pirovard natijada sobiq ittifoq hududida fuqarolarning o‘zaro muloqot qilishi uchun maqbul yondashuv va muvofiqlashtirilgan amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish borasida keng imkoniyatlar yaratmoqda.

MDH davlatlarining serqirra hamkorligi haqida so‘z borganda, biz, avvalambor, MDH makonida zo‘ravonlik va murosasizlik g‘oyalarini ochiq-oydin targ‘ib qilayotgan turli ekstremistik tashkilotlar faolligi kun sayin kuchayib borayotganini e’tiborga olgan holda, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashda Hamdo‘stlik mamlakatlarining o‘zaro hamkorligini nazarda tutamiz.

Bugun tobora avj olayotgan radikalizm, terrorizm va jangari ekstremizm mafkurasi nafaqat bir mamlakat yoki muayyan mintaqa doirasida keng tarqalayotgani, balki ushbu jarayon milliy chegara bilmasligi haqida gapirishning hojati yo‘q. Aynan shu sababli MDHga a’zo davlatlar hududida har qanday ko‘rinish va shakldagi terrorizm va ekstremizmga yo‘l qo‘ymaslik muhitini shakllantirish, ushbu xavfli tahdidlarning paydo bo‘lishi va tarqalishiga ko‘maklashadigan sabab va sharoitlarni aniqlash hamda bartaraf etish uchun birgalikda harakat qilish zarur.

Bugungi sammitda jinoyatchilik va terrorizm, narkotik vositalarning noqonuniy aylanishiga qarshi hamkorlikda kurashish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi, shuningdek, Axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlik konsepsiyasining qabul qilinishi Hamdo‘stlikka a’zo barcha davlatlarning uzoq muddatli xavfsizlik manfaatlariga mos keladi.

Ikkinchidan. Afg‘onistondan AYSAF tinchlikparvar kuchlarining 2014-yilning oxirigacha chiqarilishi, shak-shubhasiz, Afg‘oniston bilan chegaradosh davlatlar va unga yaqin hududlar uchun jiddiy sinov bo‘ladi.

Dunyodagi aksariyat mamlakatlar Afg‘oniston muammosini hal etishning yagona yo‘li – bu, ushbu muammoning siyosiy tinch yechimini topish, o‘zaro kurashayotgan turli tomonlar o‘rtasida BMT shafeligida muzokaralar o‘tkazish va murosaga kelish, tarkibiga o‘zaro qarama-qarshi asosiy kuchlar ham kirishi mumkin bo‘lgan muvaqqat hukumatni shakllantirish zarur, degan xulosaga kelmoqda.

O‘zbekiston Afg‘oniston bilan qo‘shni davlat sifatida uning ichki ishlariga aralashmaslik, Afg‘oniston bilan hamkorlikni ikki tomonlama asosda tashkil etish, Afg‘oniston xalqi saylaydigan hukumatga yordam berish va uni qo‘llab-quvvatlash siyosatiga qat’iy amal qiladi.

Bunday sharoitlarda har bir mamlakat o‘zi qabul qiladigan chora-tadbirlarni amalga oshirishi, shuningdek, Afg‘onistondan qo‘shinlarni chiqarish jarayoni yon-atrofdagi mamlakatlarga ziyon yetkazmasligidan manfaatdor tomonlarning o‘zaro muvofiqlashgan va maslahatlashgan holda ish tutishi, eng muhimi, yuzaga kelayotgan sharoitda avvalo Afg‘onistonning o‘zida tartibsizlik va zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ymaslik mamlakatlarimiz va umuman, mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni saqlash uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada manfaatdor qudratli davlatlar amaliy yordam ko‘rsatishi mumkin va darkor.

Yana bir masalaga alohida to‘xtalmoqchiman. Bu MDH makonida mamlakatlar o‘rtasida amaldagi savdo rejimiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydigan prinsiplarga asoslangan to‘laqonli erkin savdo zonasini shakllantirishdir. Bu MDH hududida barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlashning muhim shartlaridandir.

Bunda tovar oqimlari tuzilmasini diversifikatsiya qilish, o‘zaro yetkazib berilayotgan tovarlar turlarini kengaytirish va eng muhimi, muvofiqlashtirilgan va samarali transport-kommunikatsiya hamda tarif siyosatini amalga oshirish ulkan ahamiyatga ega.

Biz O‘zbekiston Respublikasining Erkin savdo zonasini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomaga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlagan Rossiya Federatsiyasi va Hamdo‘stlikning boshqa mamlakatlaridan minnatdormiz. O‘zbekistonning izchil rivojlanayotgan bozori va jadal o‘sib borayotgan iqtisodiyoti bilan ushbu muhim integratsiya loyihasida ishtirok etishi Shartnomaning barcha qatnashchilariga o‘zaro foyda va manfaat keltirishiga ishonaman.

Muhtaram hamkasblar!

MDH istiqboli va kelajagi ko‘p jihatdan bizga, ya’ni Hamdo‘stlikka a’zo mamlakatlarga va, albatta, hech bir mubolag‘asiz birinchi navbatda, Rossiyaga bog‘liq ekanini hammamiz yaxshi tushunamiz.

Sobiq ittifoq hududidagi har bir mamlakat uchun Rossiyaning ulkan salohiyati va bozor imkoniyatlari e’tiborga olingan holda, u bilan yo‘lga qo‘yilayotgan munosabatlar va muhimi – umumiy tariximiz, qadriyatlarimiz, intilishlarimiz va kerak bo‘lsa, uzoq yillar mobaynida biz birgalikda yashagan makon alohida ahamiyat kasb etishi bugun hech kimga sir emas.

Sobiq ittifoq hududida Hamdo‘stlik bilan bir qatorda boshqa integratsiya jarayonlarining ham rivojlanayotgani MDH faoliyati uchun to‘siq bo‘layotgani yo‘q.

Shu bilan birga, davlatlararo birlashmalarning har biri – MDH, Bojxona ittifoqi va uning asosida tashkil etilayotgan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bir-birini takrorlamasdan o‘z yo‘nalishi bo‘yicha faoliyatini yo‘lga qo‘yayotgani g‘oyat muhimdir. Bunday holat esa kelajakda yuz berishi mumkin.

Hurmatli hamkasblar!

Belarus Respublikasining MDHga raisligi, bizning fikrimizcha, faol va amaliy xususiyatga ega bo‘ldi va Tashkilot doirasida unga a’zo mamlakatlarning umumiy maqsad hamda vazifalarini ilgari surishga yordam berdi.

Fursatdan foydalanib, Ukrainani navbatdagi davrda MDHga raislik qilishi bilan tabriklab, Ukraina Prezidenti Viktor Fedorovich Yanukovichga ushbu mas’uliyatli missiyani amalga oshirishda katta muvaffaqiyatlar tilayman.

E’tiboringiz uchun tashakkur.

                o`zb   рус   eng
Bugun: 17.11.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati