Mushtarak olijanob maqsadlar – mustahkam do‘stlik asosi
15.06.2013
Mushtarak olijanob maqsadlar – mustahkam do‘stlik asosi Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning taklifiga binoan Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev 13-iyun kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi.

Tashrifning asosiy tadbirlari 14-iyun kuni Ko‘ksaroyda bo‘lib o‘tdi. Oliy martabali mehmonni rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Ikki davlat rahbarlari shohsupaga ko‘tarildilar. O‘zbekiston va Qozog‘iston davlat madhiyalari yangradi. Prezidentlar faxriy qorovul safi oldidan o‘tdilar.

Ikki davlat rahbarlari tor doiradagi muzokaralarda O‘zbekiston-Qozog‘iston munosabatlarini rivojlantirishning muhim masalalarini, mintaqadagi va xalqaro maydondagi bugungi holatni atroflicha muhokama qildilar.

O‘zbekiston va Qozog‘istonning ko‘rib chiqilgan ikki va ko‘p tomonlama xususiyatga ega deyarli barcha masalalar bo‘yicha pozitsiya va yondashuvlari o‘xshash va yaqin ekani ta’kidlandi.

Tomonlar mamlakatlarimiz o‘rtasida oliy darajadagi davlatlararo muloqotlar qaror topganini hamda davlatlarimizning milliy manfaatlarini va bugungi davr talablarini hisobga olgan holda hamkorlikni har tomonlama yanada kengaytirish va chuqurlashtirish borasidagi intilishlari mushtarak ekanini ta’kidladilar.

Qat’iy siyosiy iroda, yaqin hamjihatlik, mustahkam shartnomaviy-huquqiy baza hamda konstruktiv hamkorlik borasida to‘plangan katta tajriba natijasida bugun uzoq muddatga mo‘ljallangan keng ko‘lamli samarali hamkorlik uchun barcha zarur sharoitlar va asoslar yaratilgan.

O‘zbekistonda Qozog‘istonga vaqt sinovidan o‘tgan ishonchli qo‘shni sifatida qaraladi. Qozog‘iston ham mamlakatimizga ana shunday nuqtai nazar bilan qaraydi.

O‘zbek va qozoq xalqlarini ko‘p asrlik qardoshlik rishtalari, mushtarak tarix va taqdir, ma’naviy va madaniy qadriyatlar, o‘xshash til va mentalitet birlashtirib turadi. Ta’kidlanganidek, xalqlarimizning umumiy tarixiy merosini, shuningdek, ularning buguni va kelajagini bir-biridan ajratib bo‘lmaydi. Biz har doim o‘zaro yaqin bo‘lganmiz va hamisha bir-birimizga suyanamiz.

O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish nafaqat o‘zaro hamkorlikning uzoq muddatli istiqbollari, ayni vaqtda butun Markaziy Osiyo mintaqasi barqarorligi va ravnaqini ta’minlash nuqtai nazaridan ham alohida muhim ahamiyat kasb etadi.

Islom Karimov va Nursulton Nazarboyev mintaqaviy xavfsizlik masalalarini muhokama qilar ekanlar, O‘zbekiston va Qozog‘iston Afg‘onistondagi vaziyat tezroq izga tushishidan manfaatdor ekanini ta’kidladilar hamda davlatlarimizning ushbu mamlakat iqtisodiyotini tiklashga qo‘shayotgan hissasini ijobiy baholadilar.

Tomonlar mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar doirasida aloqalarni yanada faollashtirish va hamkorlikdagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar. Ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi hamkorlikni izchil rivojlantirish barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi hamda mintaqaviy va xalqaro darajada taraqqiyotning yangi yo‘nalishlari uchun zamin yaratadi. Shu ma’noda O‘zbekiston va Qozog‘iston bundan buyon ham BMT, MDH, ShHT kabi ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasida bir-birini o‘zaro qo‘llab-quvvatlashga tayyor.

Uchrashuv chog‘ida ikki va ko‘p tomonlama hamkorlik doirasidagi munosabatlarga oid dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarga xalqlarimizning tub manfaatlaridan kelib chiqqan holda birgalikda har ikki tomon uchun maqbul yechim topish maqsadida oliy darajadagi O‘zbekiston-Qozog‘iston muloqotini davom ettirishga kelishib olindi.

Prezidentlar terrorizm, narkotrafik, diniy ekstremizm, separatizm, transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashishda o‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirish muhim ekanligini ta’kidladilar.

Tomonlar O‘rta Osiyoda suvdan adolatli foydalanish tizimi masalalarida yagona pozitsiyani tasdiqladilar. Mazkur pozitsiya mintaqadagi barcha suv-energetika muammolarini faqat xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalari va mintaqadagi barcha mamlakatlarning manfaatlarini albatta hisobga olgan holda hal qilish zarurligiga asoslanadi. Daryolarning yuqori qismida qurilishi rejalashtirilayotgan har qanday gidrotexnik inshootlar BMT shafeligida xalqaro mustaqil ekspertizadan o‘tkazilishi shart hamda Amudaryo va Sirdaryoning quyi qismida joylashgan mamlakatlar bilan o‘zaro kelishib olinishi lozim.

Prezidentlar muzokarani ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari a’zolari ishtirokida davom ettirdilar.

Kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralarda asosiy e’tibor savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik masalalari, madaniy-gumanitar sohadagi munosabatlarga qaratildi.

Qozog‘iston O‘zbekistonning savdo-iqtisodiy sohadagi muhim sheriklaridan biri bo‘lib, o‘zaro savdo izchil va barqaror o‘sib bormoqda. 2012-yil yakunlariga ko‘ra, mamlakatlarimiz o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi 9,6 foiz oshdi va 2 milliard 752 million AQSh dollarini tashkil qildi. 2013-yilning yanvar-aprel oylarida esa ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4,7 foiz o‘sdi va 920,4 million dollarga yetdi.

Transport va transport kommunikatsiyalari sohasidagi hamkorlik o‘zaro munosabatlarning ustuvor yo‘nalishlaridir. Bu borada yuklarni tranzit qilish va yetkazib berishni tashkil etishda tarif va notarif preferensiyalar berish hamkorlikning asosiy jihatlari hisoblanadi. 2012-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning Qozog‘iston hududi orqali tranzit qilingan yuklari hajmi 1474,6 ming tonnani, Qozog‘istonning O‘zbekiston hududi orqali tranzit qilingan yuklari hajmi 3142,9 ming tonnani tashkil qildi.

Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasida Qozog‘iston kapitali ishtirokida tuzilgan 177 korxona, shu jumladan 149 qo‘shma korxona va 28 to‘liq chet el kapitali ishtirokidagi korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.

O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligida Qozog‘iston hududida O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari ishtirokida tashkil etilgan 125 korxona ro‘yxatga olingan. Vazirlik tomonidan Qozog‘istonning qator yirik firma va kompaniyalarining vakolatxonalari akkreditatsiya qilingan.

Davom etayotgan jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi sharoitida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmining bugungi dinamikasini saqlab qolish va uni yanada ko‘paytirish mamlakatlarimiz manfaatlariga xizmat qiladi. Muzokaralarda ta’kidlanganidek, muvozanatlashgan tizim asosida hamda ikki mamlakat milliy ishlab chiqaruvchilari mahsulotlarining o‘zaro ehtiyoj mavjud bo‘lgan tovar guruhlarini sinchkovlik bilan aniqlash orqali o‘zaro savdo nomenklaturasini kengaytirish mumkin. Misol uchun, O‘zbekistondan Qozog‘istonga yengil va yuk avtomobillari, avtobuslar, qishloq xo‘jalik texnikasi, tayyor to‘qimachilik mahsulotlari, elektrotexnika va yengil sanoat mahsulotlari, qurilish materiallari, oyna, polietilen va Qozog‘iston bozorida talab bo‘lgan boshqa tovarlarni eksport qilish bo‘yicha ishga solinmagan katta zaxiralar mavjud. O‘z navbatida, O‘zbekiston Qozog‘istondan mamlakatimizda ishlab chiqarilmaydigan, milliy iqtisodiyotimiz ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan, jumladan, metallprokat, temir qotishmasi, yog‘och va taxta kabi mahsulotlarni import qilishi mumkin.

Tomonlar ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiya faoliyatini yanada takomillashtirishdan manfaatdor. Bu uzoq muddatli kooperatsiya tamoyillari asosida o‘zaro manfaatli sarmoyaviy loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish, transport, transport kommunikatsiyalari va tranzit sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirish, “Turkmaniston-O‘zbekiston-Qozog‘iston-Xitoy” gaz quvuri orqali tabiiy gazni transportirovka qilish bo‘yicha hamkorlikni faollashtirish imkonini beradi.

Prezidentlar ma’naviy yaqinlik va ko‘p asrlik an’anaviy munosabatlarga asoslangan madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini ham muhokama etdilar.

Ikki mamlakat ilmiy va ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, o‘quv-metodik materiallar almashish borasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, 2006-yilda Xorazm Ma’mun akademiyasi bilan Qozog‘iston Respublikasi Ta’lim va fan vazirligining R.Sulaymonov nomidagi Sharqshunoslik instituti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolangan.

Mamlakatlarimiz madaniyat va san’at sohasida faol hamkorlik qilib kelmoqda. Misol uchun, o‘zbekistonlik xalq ustalari Olmaota shahrida o‘tkaziladigan Markaziy Osiyo hunarmandlari ko‘rgazma-yarmarkasida muntazam ishtirok etib kelmoqda. Ostona, Olmaota va boshqa shaharlardagi badiiy galereyalar va muzeylarda mashhur o‘zbek rassomlarining ko‘rgazmalari namoyish qilinmoqda. O‘zbekiston musiqa va teatr jamoalarining Qozog‘istonga gastrollari tashkil etilmoqda. O‘zbekiston kinematografchilari o‘z filmlari bilan Qozog‘istonda o‘tkazilayotgan kinofestivallarda ishtirok etmoqda.

Qozog‘istonlik san’atkorlar Samarqandda o‘tadigan "Sharq taronalari" xalqaro musiqa festivalining hamda mamlakatimizda tashkil qilinadigan boshqa ko‘plab yirik madaniy tadbirlarning doimiy va faol qatnashchilaridir.

O‘zbekistonda yuzdan ortiq qozoq milliy-folklor va estrada ansambllari faoliyat ko‘rsatayotir. Jumladan, Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida “Do‘mbira” qozoq ansambli, Bo‘stonliq tumanida “Dorin” ansambli mavjud. Toshkent viloyatida folklor-ashula, Xorazm viloyatida ashula va raqs ansambllari tashkil etilgan.

Muzokaralarda madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikni yanada rivojlantirish muhim ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi. Tomonlar musiqali va drama teatrlari, badiiy va ijodiy jamoalar hamda yakkaxon ijrochilarning o‘zaro gastrollarini, sport va jismoniy tarbiya sohasida tajriba va mutaxassislar almashishni, milliy sport turlarini rivojlantirish, ikki davlat tashkil qiladigan xalqaro turnirlarda sportchilarning ishtirok etishini ta’minlash ishlarini, madaniyat, fan va san’at sohasidagi ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari va talabalari almashinuvini faol davom ettirishga kelishib oldilar.

Muzokaralar yakunlari bo‘yicha Islom Karimov va Nursulton Nazarboyev O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnomani imzoladilar. Shuningdek, ikki mamlakat ichki ishlar vazirliklari va bojxona xizmatlari hamkorligiga doir hujjatlar imzolandi. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi bilan Qozog‘iston Respublikasi Madaniyat va axborot vazirligi o‘rtasida madaniyat sohasida 2013-2015-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi qabul qilindi.

Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnomada siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, suv-energetika, ekologiya, madaniy-gumanitar, harbiy-siyosiy va boshqa sohalardagi o‘zaro hamkorlikning asosiy prinsiplari va ustuvor yo‘nalishlari mustahkamlangan. Shuningdek, Markaziy Osiyoda suvdan adolatli foydalanish tizimini rivojlantirish borasidagi o‘zaro kelishilgan yagona pozitsiya tasdiqlangan.

Prezidentlar ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda mazkur tashrif o‘zbek va qozoq xalqlarining ko‘p asrlik tarixiy, madaniy va ma’naviy yaqinligini, mamlakatlarimizning yuksak darajadagi o‘zaro ishonchi va hurmat-ehtiromini yana bir bor tasdiqlaganini hamda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga olib chiqqanini ta’kidladilar.

Qozog‘iston Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasining yangi binosi va qozoq adabiyotining buyuk namoyandasi Abay Qo‘nonboyev haykalining ochilishi Nursulton Nazarboyevning O‘zbekistonga tashrifining yorqin voqeasi bo‘ldi.

Marosimda ikki davlat rahbarlari bir necha yil avval Toshkent shahrining tarixiy markazida, qozoq adabiyoti asoschisi nomi bilan ataluvchi ko‘chada Qozog‘iston elchixonasining yangi binosini barpo etish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ta’kidladilar. Prezidentlarning ushbu g‘oyasi hayotda o‘z amaliy ifodasini topgani mazkur maskanga yangi qiyofa baxsh etib, poytaxtimiz husniga-husn qo‘shdi. Toshkent shahri yana bir noyob me’moriy inshoot bilan boyidi.

Abay Qo‘nonboyev haykali o‘zbek va qozoq xalqlari mushtarak qadriyatlarining yana bir yorqin timsoliga aylandi. O‘zbekistonda o‘z davrida hayotda insonning muqaddas burchlaridan biri – bu chin do‘st orttirishdir, deb yozgan mutafakkirning buyuk merosi kirib bormagan xonadonni topish mushkul.

O‘zbekiston bilan Qozog‘iston hamkorligining rivojlanish sur’atlarini kuzatar ekanmiz, mamlakatlarimiz o‘rtasida qaror topgan samimiy do‘stlik munosabatlari misolida buyuk Abayning mazkur da’vati ijobatining ifodasini yaqqol ko‘rishimiz mumkin.

Hamisha ezgu va olijanob maqsadlar sari intilib yashaydigan xalqlarni Yaratganning o‘zi qo‘llab, orzu va umidlari ijobat bo‘lishida madadkor bo‘ladi. Bunga azim poytaxtimizda o‘zbek va qozoq xalqlari azaliy do‘stligining go‘zal timsoli sifatida qad rostlagan Qozog‘iston elchixonasining yangi binosi va Abay haykali ochilishiga bag‘ishlangan marosim chog‘ida qut-baraka va farovonlik ramzi – yomg‘ir yoqqani ham bir ishoradir.

Islom Karimov va Nursulton Nazarboyev davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Toshkent shahrida bunyod etilgan “Ma’rifat markazi”ga tashrif buyurdilar. Simpoziumlar saroyi va Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi joy olgan ushbu zamonaviy muhtasham bino yirik xalqaro anjumanlar, madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish, aholiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatish borasida jahon andozalariga to‘la mos keladi. Bu muazzam bino atrofidagi landshaft dizayni unga alohida ko‘rk baxsh etib turibdi. Qozog‘iston Prezidenti majmuaning milliy me’morlik an’analari va zamonaviy arxitektura usullarini o‘zida mujassam etgan me’moriy yechimi va dizayniga yuksak baho berdi.

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning mamlakatimizga rasmiy tashrifi ana shunday ko‘tarinki ruhda nihoyasiga yetdi. Ushbu tashrif samimiy do‘stlik va uzoq muddatga mo‘ljallangan o‘zaro manfaatli munosabatlar rivojidagi muhim tarixiy voqea bo‘ldi. O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi davlatlararo muloqot har doim faol bo‘lgan va muntazamlik kasb etgan, bundan keyin ham shunday bo‘lib qolaveradi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati