Islohotlar Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda
20.06.2013
Islohotlar Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov joylarda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi islohotlarning borishi, bunyodkorlik ishlari bilan tanishish maqsadida 19-iyun kuni Jizzax va Sirdaryo viloyatlariga tashrif buyurdi.

Butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi Jizzax viloyatida ham barqaror o‘sish sur’atlari ta’minlanib, ulkan yutuq va muvaffaqiyatlar qo‘lga kiritilmoqda. Buning tasdig‘ini viloyat mehnatkashlari erishayotgan salmoqli natijalar misolida ham ko‘rish mumkin. Xususan, joriy yilning birinchi choragida viloyatda yalpi hududiy mahsulot o‘sishi 9,7 foizni, sanoat mahsuloti ishlab chiqarish 9,3, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish 5,9, qurilish ishlari 11,6, pullik xizmatlar ko‘rsatish hajmi 10,7 foizni tashkil qildi. Viloyatni 2013-2015-yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan ishlab chiqilgan dasturga asosan 2061 loyihani, shu jumladan, 2013-yilda 1381 loyihani amalga oshirish belgilangan.

Sanoat sohasini rivojlantirish maqsadida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar samarasida 2013-yilning birinchi choragida Jizzax shahrida “Jizzax Toshtepa teks” to‘qimachilik korxonasi, ohak ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Jizzax tog‘-kon kimyo" korxonasi, G‘allaorol tumanida qurilish qumi va shag‘al ishlab chiqaradigan korxona, Zafarobod tumanida non va non mahsulotlari ishlab chiqaradigan "Favorit lines" korxonasi, Jizzax tumanidagi “Jizzax chorva baraka” fermer xo‘jaligida sutni qayta ishlash liniyasi ishga tushirildi.

Jizzax shahrida tashkil etilgan “Jizzax plasteks” O‘zbekiston-Germaniya qo‘shma korxonasi viloyatda yengil sanoatni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga yaqqol misoldir.

Davlatimiz rahbari viloyatga safarini mazkur korxona bilan tanishishdan boshladi.

Zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan ushbu fabrika mamlakatimizda yengil sanoatni izchil taraqqiy ettirish yo‘lida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarning yana bir amaliy natijasidir, dedi Islom Karimov. Sobiq tuzum davrida paxta xomashyosi ming azob va qiyinchiliklar bilan yetishtirilsa-da, uni yurtimizda qayta ishlash masalasiga e’tibor berilmagan. Aksincha boshqa o‘lkalarga tashib ketilgan. Mustaqillikka erishganimizdan keyin paxtani o‘zimizda qayta ishlashga alohida e’tibor qaratdik. Agar mustaqilligimizning ilk yillarida paxta tolasining 10-12 foizi mamlakatimizda qayta ishlangan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatkich 30 foizdan oshdi.

Davlatimiz rahbari yengil sanoatni rivojlantirish orqali paxta tolasini qayta ishlash ko‘rsatkichlarini muntazam ravishda kengaytirish masalasining ahamiyatiga atroflicha to‘xtaldi. Bu qo‘shimcha daromad topishning samarali manbai, aholini ish bilan ta’minlashdek dolzarb masalani hal qilishning muhim vositasi ekanini alohida qayd etdi.

Misol uchun, bir dollarlik paxta tolasi qayta ishlanib, kalava ipga aylantirilganda yarim tayyor mahsulot bo‘lib, undan 4-5 dollar, tayyor mahsulot ishlab chiqarilganda esa 10-12 dollar foyda olish mumkin. Yana bir ahamiyatli tomoni – yengil sanoat ishchi kuchini eng ko‘p talab qiladigan tarmoqlardan biridir.

Islom Karimov mamlakatimizning barcha hududlarida, shu jumladan, yuksak sifatli paxta xomashyosi yetishtiriladigan Jizzax viloyatida tolani qayta ishlaydigan va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zamonaviy korxonalarni ko‘proq tashkil qilish, bunday korxonalarda hayotga katta umidlar bilan kirib kelayotgan yoshlarimiz bandligini ta’minlash g‘oyat muhim vazifa ekanligini ta’kidladi.

“Jizzax plasteks” korxonasining birinchi navbati ishga tushirilishi bilan yiliga 12 ming tonna paxta tolasi qayta ishlanadi, 8,5 ming tonna kalava ip, 4 ming tonna trikotaj mato ishlab chiqarish o‘zlashtiriladi. Ikkinchi bosqichda – 2014-yilda korxonada ishlab chiqarilayotgan yarim tayyor mahsulotdan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Bu bilan to‘rt ming tonna trikotaj matoni bo‘yash va unga ishlov berish, 6 million dona tayyor kiyim-kechak mahsulotlari tayyorlash imkoniyati yaratiladi.

Korxona ishga tushgach bu yerda 1750 nafar kishi ish bilan ta’minlanadi. Bugungi kungacha viloyatdagi kasb-hunar kollejlarini tamomlagan 370 nafar yosh mutaxassis bilan mehnat shartnomalari tuzildi.

Prezidentimiz korxonada murakkab dastgohlarni sozlash ishlarini bajarayotgan Xushnud Ashirmatov, Hasan Xudoyberdiyev kabi yosh mutaxassislar bilan suhbat asnosida bugungi kunda o‘zbek yoshlari aql-zakovat, iqtidor va qobiliyat, intilish va tashabbus bobida xorijda ham ko‘pchilikning havasini tortayotganini qayd etdi.

– O‘zbek yoshlari o‘zining zukkoligi va tirishqoqligi bilan meni hayratga soldi, – dedi davlatimiz rahbari bilan suhbatda Germaniyaning Shlafxorst kompaniyasi menejeri Ospar Iltner. – Yosh montajchi-sozlovchilar keltirilgan zamonaviy texnologiyalarni o‘rnatishni qisqa vaqt ichida o‘zlashtirib oldi.

– Mamlakatimizda yoshlarning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi, o‘z iqtidori va salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun barcha sharoitlar yaratib berilgan, – dedi Xushnud Ashirmatov. – Mana bu zamonaviy korxona ham ana shu e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir amaliy namunasidir. Fabrikada zamonaviy texnologiyalarning o‘zlashtirilishi hisobiga ishlab chiqariladigan mahsulotlarning yuqori energiya tejamkorligi, ekologik tozaligi va raqobatbardoshligi ta’minlanadi. Bunday e’tiborga javoban Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi yo‘lida yonib yashash bizning farzandlik burchimizdir.

Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan mamlakatimiz qiyofasini tubdan o‘zgartirish borasida amalga oshirilayotgan ulkan ishlar natijasida shahar va qishloqlarimiz zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘lmoqda. Buni Samarqand, Buxoro, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Qo‘qon, Marg‘ilon, Termiz, Qarshi, Urganch kabi ko‘plab shaharlarimizning bugungi jamoli va tarovati misolida ham ko‘rishimiz mumkin. Jizzax ham ana shu shaharlarimiz qatoridan o‘ziga loyiq va munosib o‘rinni egallashi kerak. Iqtisodiy sohada erishayotgan ulkan yutuqlarimiz bilan birga ma’naviyatni yuksaltirishga ham e’tiborni yanada kuchaytirishimiz lozim. Shaharlarni har tomonlama rivojlantirish, sanoatning turli tarmoqlarini taraqqiy ettirish orqali odamlarning hayot sifatini oshirish, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari bilan yurtdoshlarimizning kayfiyatini, g‘ururini yanada yuksaltirmog‘imiz darkor.

Davlatimiz rahbari har bir shaharning bosh rejasi ustida ishlashda uzoq istiqbolni o‘ylab ish yuritish lozimligini ta’kidladi. Shaharda aylanma halqa yo‘lini barpo etish, ko‘p tasmali magistral yo‘llarni qurish, kommunikatsiyalarni rivojlantirish, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini tashkil etish, zamonaviy bino va inshootlarni barpo etish yuzasidan tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berdi.

– Poytaxtimiz Toshkent va boshqa shaharlarimiz tajribasidan kelib chiqib, Jizzax shahrining madaniy markazini yaratishimiz lozim, – dedi Islom Karimov. – Bunday markaz avvalambor aholining mazmunli hordiq chiqarishiga, hayotdan zavq olib yashashiga xizmat qiladi. Shaharda kashtan, eman, yapon saforasi kabi hududning tabiiy-iqlim sharoitiga mos manzarali daraxtlar ekilgan xiyobonlar va yashil hududlarni barpo etish ham muhim vazifalardan. Bunday keng miqyosdagi bunyodkorlik ishlari odamlarimizning dunyoqarashini o‘zgartirishda, ularning yangi-yangi marralar sari intilib yashashida muhim ahamiyat kasb etadi.

Yurtboshimiz Paxtakor tumanidagi “Javlonbek” fermer xo‘jaligi dalalarida bo‘lib, fermerlar va viloyat faollari bilan suhbatlashdi.

Shu kunlarda Jizzax viloyatida ham g‘alla o‘rim-yig‘imi qizg‘in davom etmoqda. Viloyatda joriy yilda 110 ming gektar sug‘oriladigan, 70 ming gektar lalmi maydonda g‘alla yetishtirildi, 101 ming 800 gektar maydonda g‘o‘za parvarishlanmoqda. Jizzaxlik fermerlar 312 ming 460 tonna don yetishtirishni rejalashtirishgan.

Erkin Kenjayev rahbarlik qilayotgan “Javlonbek” fermer xo‘jaligi a’zolari 95,5 gektar maydonda paxta va g‘alla yetishtirayotir.

Yurtboshimiz fermer va qishloq xo‘jaligi mutaxassislari bilan muloqot chog‘ida g‘alla hosilini qisqa fursatlarda yig‘ishtirib olish, iyul oyining odatdagidan issiq kelishi mumkinligini hisobga olib, g‘o‘zani issiq urishdan asrash choralarini ko‘rish kerakligini alohida ta’kidladi.

Islom Karimov fermerning mulkdor sifatida o‘z oilasi, mahallasi, qishlog‘idagi hayot tarzi yanada farovonlashishi, yurtning bundan ham obod bo‘lishidagi ishtiroki muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

– Hozirgi davr fermerlari nafaqat dehqonchilik sirlarini puxta bilishi, ayni paytda u iqtisodchi, hisobchi, seleksioner, biznesmen ham bo‘lishi darkor. Boshqacha aytganda, bugungi hayot oldimizga qo‘yayotgan yangi vazifalarni yaxshi bilishi, odamlarning, ayniqsa qishloq ahlining turmush darajasini yanada yaxshilash, ma’naviyatini yuksaltirish, xususan, yoshlarimizga har tomonlama g‘amxo‘rlik va e’tibor ko‘rsatishda faol bo‘lishi zarur, – dedi Prezidentimiz. – Buning uchun yetishtirilgan mahsulotni qayta ishlashni ham yo‘lga qo‘yish, joylarda kichik korxonalar tashkil etish kerak.

Mamlakatimiz rahbari “Jizzax” maxsus industrial zonasini barpo etish yuzasidan qabul qilingan farmon va mazkur hujjat ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar xalqimiz farovonligini yanada oshirishga qaratilganini, xorijiy sarmoyadorlar bilan amalga oshirilayotgan ko‘plab loyihalar iqtisodiyotimizni rivojlantirish va aholi turmush darajasini yuksaltirishda yangi imkoniyatlar yaratishini qayd etdi.

O‘zbekiston Qahramoni, Jizzax tumanidagi “Quyoshsevar Parda” fermer xo‘jaligi rahbari Parda Ziyotov, viloyat fermerlar kengashi raisi Anorboy Eshmatov, “Jizzax ovozi” gazetasi bosh muharriri Akram Inomov, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi raisi Azamat Darxonov va boshqalar fermerlik harakati tashkiliy, texnik va moliyaviy jihatdan izchil takomillashib borayotgani, fermerlarning daromadi yildan-yilga ortib, bunday yuksalishlarning barchasi Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimiz iqtisodiyotida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlarning samarasi ekanini ta’kidladilar. Mamlakatimiz taraqqiyoti, yurtimiz obodligi va xalqimiz farovonligini ta’minlash, Vatanimiz obro‘-e’tiborini har tomonlama yuksaltirishdek ishlarga rahnamolik qilayotgan Yurtboshimizga minnatdorlik izhor etdilar.

Prezidentimiz Islom Karimov shu kuni Sirdaryo viloyatiga keldi.

Xalqimiz erishayotgan betimsol yutuqlarda Sirdaryo viloyati mehnat ahlining ham salmoqli hissasi bor.

Yurtboshimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, barpo etilayotgan ko‘rkam uy-joylar, ta’lim va tibbiyot muassasalari, zamonaviy korxonalar, keng va ravon yo‘llar, bog‘u xiyobonlar viloyat qiyofasini butunlay o‘zgartirib, aholi farovonligining, ongi va tafakkurining yuksalishiga xizmat qilmoqda.

Viloyatda joriy yilning birinchi choragida yalpi hududiy mahsulot o‘sishi 9,5 foizni tashkil etdi. Sanoat mahsulotlari, xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish, pullik xizmat ko‘rsatish va boshqa tarmoqlarda ham barqaror o‘sish ta’minlandi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning izchil rivojlanishi natijasida viloyat yalpi hududiy mahsulotida kichik biznes sub’ektlarining ulushi 53,5 foizni tashkil etdi. Qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilgani, tadbirkorlarga ko‘plab imtiyoz va preferensiyalar berilayotgani samarasida joriy yilning birinchi choragida 181 kichik biznes sub’ekti, jumladan, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan 57 yangi korxona tashkil etildi.

Bu yil viloyatda qariyb 90 ming gektar maydonda boshoqli don ekinlari yetishtirildi.

Islom Karimov Oqoltin tumanidagi “Avazbek Umarov” fermer xo‘jaligi dalasida bo‘lib, fermerlar bilan suhbatlashdi.

G‘allachilik va paxtachilikda muhim bo‘lgan kunlarda dehqonlarimizga hormang, deyish, ularga kuch-quvvat tilash menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi, dedi davlatimiz rahbari. Siz kabi insonlarning fidoyiligi bilan mamlakatimiz ulkan yutuqlarga erishmoqda.

Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida moliyaviy-iqtisodiy inqiroz davom etayotgan bir sharoitda O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulotning yillik o‘sish sur’ati 8,2 foizni tashkil etmoqda. Bunday barqaror rivojlanishning asosiy omili mustaqillikning birinchi kunlaridan “Islohot – islohot uchun emas, avvalo inson uchun” degan qoidani asos qilib olganimiz, yurtimizning yuksak iqtisodiy-ijtimoiy salohiyatidan oqilona foydalanayotganimiz, o‘zimiz belgilab olgan taraqqiyot yo‘li – o‘zbek modelini tadrijiy amalga oshirayotganimizdir.

Xalqimiz o‘tgan davrda turli sinov va qiyinchiliklarni matonat bilan yengib o‘tdi. Mustaqillikka erishish arafasida va istiqlolning dastlabki yillarida Prezidentimiz tashabbusi bilan aholiga tomorqa uchun yerlar ajratilgani, O‘zbekiston bo‘yicha 700 ming gektar sug‘oriladigan yer tomorqa sifatida berilgani qishloqlarimizdagi ko‘plab ijtimoiy muammolarni yechish, aholi farovonligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etdi.

Bugun xalqimizning ongu tafakkuri, dunyoqarashi tamomila o‘zgargan. Odamlarning, ayniqsa, yoshlarimizning hayotga, mehnatga munosabati, siyosiy va huquqiy madaniyati yuksalib bormoqda, dedi Prezidentimiz.

Davlatimiz rahbari mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirishda fermerlik harakatining ahamiyati katta ekanini alohida ta’kidladi. Prezidentimizning 2012-yil 22-oktabrda qabul qilingan “O‘zbekistonda fermerlik faoliyatini tashkil qilishni yanada takomillashtirish va uni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq fermerlar kengashlari tashkil etilgani soha samaradorligini oshirishda muhim omil bo‘lmoqda.

Hammamizga ma’lumki, sovet tuzumi davrida xususiy mulk bo‘lmagan. Biz sobiq sovet tuzumining asoratlaridan fermerlarga yer ajratib, ularda mulkdorlik hissini shakllantirish orqali xalos bo‘la boshladik. Bugun fermerlar – mamlakatimizning ustuniga aylandi. Ustun esa tayanch demakdir, dedi Yurtboshimiz. Lekin faqat dehqonchilik va chorvachilik bilan farovonlikka erishib bo‘lmaydi. Fermerlarning huquq va vakolatlarini kengaytirish, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish lozim. Chunki fermerlik harakati iqtisodiyotimizni rivojlantirishga, aholining turmush darajasi va sifatini oshirishga xizmat qiladigan qudratli kuchdir.

Prezidentimiz Islom Karimovning Jizzax va Sirdaryo viloyatlariga safari davomidagi uchrashuv va muloqotlar mamlakatimizda izchillik bilan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar yuksak samaralar berayotganini va Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligini yanada yuksaltirishga xizmat qilayotganini yaqqol ko‘rsatdi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati