O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI ISLOM KARIMOVNING TURKMANISTON PREZIDENTI GURBANGULI BERDIMUHAMEDOV BILAN KENGAYTIRILGAN TARKIBDAGI MUZOKARALARDAGI NUTQI
20.10.2010

Gurbanguli Malikquliyevich qisqa, ammo g‘oyat mazmunli nutqingizda bildirgan fikrlaringiz, g‘oyalaringiz uchun tashakkur!

Hurmatli turkmanistonlik do‘stlar!

Avvalambor, Turkmaniston Prezidentiga va barcha turkmanistonlik birodarlarimizga mehmondo‘st zaminda O‘zbekiston delegatsiyasini samimiy qabul qilganliklari uchun chin dildan minnatdorlik izhor etishga ijozat bergaysizlar.

O‘zbekiston delegatsiyasining mazkur tashrifi Turkmaniston o‘zining yangi tarixidagi haqiqatan ham eng ulug‘ sana – Mustaqillik kunini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rayotgan kunlarga to‘g‘ri kelgani teran ramziy ma’noga ega, deb o‘ylayman. Menga Turkmaniston Prezidenti, rahbariyati va xalqini ushbu ulug‘ sana munosabati bilan samimiy tabriklash katta mamnuniyat bag‘ishlaydi.

Biz O‘zbekiston delegatsiyasining ajoyib mamlakatingizga tashrifini Turkmaniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlash borasida muhim qadam, mamlakatlarimiz rahbariyati va hukumati o‘rtasidagi faol hamda samarali muloqotning mantiqiy davomi, deb hisoblaymiz.

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasida tobora mustahkamlanib borayotgan do‘stlik va amaliy hamkorlik, o‘zaro ishonch va sheriklik munosabatlarini yuksak qadrlaymiz.

Fursatdan foydalanib, men ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va ishonchli munosabatlar katta ahamiyatga ega ekanini, Siz, Gurbanguli Malikquliyevich bildirgan fikr-mulohazalarni yuksak qadrlashimni ta’kidlashni istayman.

Biz, O‘zbekistonda eng yaqin do‘st sifatida mustaqil va betaraf Turkmanistonning iqtisodiy yuksalish va ma’naviy yangilanish, mamlakatni modernizatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli dasturlarni amalga oshirish, mintaqa va xalqaro maydonda Turkmanistonning obro‘-e’tiborini oshirish yo‘lida dadil qadamlar qo‘yayotganidan mamnunmiz.

Turkmaniston Prezidenti rahnamoligida amalga oshirilayotgan dono va puxta o‘ylangan siyosat tufayli mamlakat iqtisodiyotining barqaror o‘sish sur’atlari ta’minlanmoqda, jalb qilinayotgan investitsiyalar va kapital qo‘yilmalar hajmi ortmoqda, shahar hamda qishloqlarda ijtimoiy soha va infratuzilma rivojlanmoqda. Bularning barchasiga nafaqat boy tabiiy-xomashyo resurslaridan oqilona foydalanish, balki mamlakat kelajagining ishonchli sanoat salohiyatini shakllantiradigan neft-kimyo, to‘qimachilik va qayta ishlash sohalarida zamonaviy tarmoqlarni tashkil etish tufayli  ham erishilmoqda.

Ikki mamlakat prezidentlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan atroflicha muzokaralarda biz serqirra sheriklik munosabatlarini har tomonlama chuqurlashtirish borasida manfaatlarimiz va siyosiy qarashlarimizning mushtarakligini, shuningdek, muhokama chog‘ida diqqat markazimizda bo‘lgan deyarli barcha masalalar hamda muammolar yuzasidan pozitsiyalarimiz va yondashuvlarimiz o‘xshash va yaqinligini yana bir karra tasdiqladik.

O‘zbekiston betaraf Turkmanistonning puxta o‘ylangan, og‘ir-vazmin tashqi siyosat yo‘lini, mintaqaviy va xalqaro xavfsizlik tizimini mustahkamlash, mintaqada savdo hamda iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, transport-kommunikatsiya yo‘laklari va energetika yo‘nalishlarini rivojlantirishga doir xolis yondashuvlari hamda asosli tashabbuslarini izchil  qo‘llab-quvvatlaydi.

Muzokaralar chog‘ida terrorizm, ekstremizm, narkotrafik va uyushgan jinoyatchilikka qarshi birgalikda kurashish hamda choralar ko‘rish, shuningdek, mamlakatlarimiz sarhadlari xavfsizligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratdik.

O‘zbekiston Turkmaniston bilan xalqaro maydonda sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash, tashqi siyosat idoralari o‘rtasida ikki tomonlama amaliy maslahatlashuvlarni davom ettirish bo‘yicha hamjihatlikdagi ishlarni yanada rivojlantirish tarafdoridir. Bizningcha, mazkur idoralar mintaqamizda va uning atrofida ro‘y berishi ehtimoli bo‘lgan har qanday salbiy tendensiya va jarayonlarning oldini olish bo‘yicha samarali ish olib borishi darkor. Siz, Gurbanguli Malikquliyevich, so‘nggi vaqtda mintaqamizda mamlakatlarimizni jiddiy tashvishga soladigan ko‘plab masalalar mavjudligini bilasiz. Mintaqamizda paydo bo‘layotgan bunday jiddiy holatlar to‘g‘risida batafsil gaplashib oldik va men delegatsiyalar a’zolari hamda jurnalistlar oldida bu borada atroflicha fikr almashganimizdan mamnuniyat hosil qilganim va eng asosiysi, bu muammmolarni qanday hal qilish bo‘yicha pozitsiyalarimiz, fikr hamda qarashlarimiz bir-biriga to‘liq mos kelganini alohida ta’kidlamoqchiman.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish, shubhasiz, ikki tomonlama munosabatlarning ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Biz Turkmanistonni eng yaqin  va ishonchli iqtisodiy sherik deb bilamiz.

Shunisi quvonarliki, dunyoda moliyaviy-iqtisodiy inqiroz hamon davom etayotganiga qaramay, 2009 yilda ikki tomonlama savdo aylanmasi qariyb 40 foiz o‘sdi. Bunda birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz va ko‘rgan amaliy choralarimiz, jumladan, Ashxobod va Toshkentda ikki mamlakat milliy ko‘rgazmalarining o‘tkazilgani muhim omil bo‘ldi.

Joriy yilda oldimizda mamlakatlarimiz iqtisodiyotining ulkan salohiyatini ishga solish orqali o‘zaro tovar ayirboshlashning o‘sish sur’atlarini barqaror saqlash vazifasi turibdi.

Ishonchimiz komilki, O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida to‘liq erkin savdo rejimini yo‘lga qo‘yish mamlakatlarimizda ishlab chiqarilayotgan tovarlarning erkin harakatlanishi yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga hamda korxonalarimiz o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Fursatdan foydalanib, Gurbanguli Malikquliyevich, O‘zbekiston bugungi kunda mamlakatlarimiz o‘rtasida erishilgan tovar aylanmasi darajasi imkon qadar jadal sur’atlar bilan rivojlanishidan manfaatdor ekanini ta’kidlamoqchiman.

Turkmaniston Prezidentiga aytganlarimni yana bir bor takrorlamoqchiman. O‘zbekiston Turkmaniston bilan eng ishonchli, barqaror va mustahkam savdo aloqalari o‘rnatilishini juda istaydi. Va buning uchun zamin yaratsak, mazkur ishga o‘z mehnati va hissasini qo‘shgan odamlar kelajakda faxrlanib yurishini yana bir karra ta’kidlamoqchiman. Takror aytaman, davlatlarimiz o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar – bu bizning kelajakdagi o‘zaro munosabatlarimizning ishonchli poydevori bo‘lib xizmat qiladi.

Ashxobod shahrida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan avtomobillarni sotish va ularga servis xizmati ko‘rsatish bo‘yicha O‘zbekiston-Turkmaniston qo‘shma korxonasining ochilishi xo‘jalik subyektlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi amaliy qadam bo‘ldi.

Ushbu jarayonlarda O‘zbekiston-Turkmaniston qo‘shma komisssiyasi muvofiqlashtiruvchi vazifasini bajarishi va o‘z e’tiborini 2008-2012 yillarga mo‘ljallab biz imzolagan hujjatni to‘liq amalga oshirishga qaratishi darkor.

Bizning mamlakatimiz Turkmaniston-O‘zbekiston-Qozog‘iston-Xitoy gaz quvuri qurilishiga oid loyihaning amalga oshirilishini har tomonlama qo‘llab-quvvatladi. Mazkur gaz quvuri tabiiy gaz uchun barqaror tranzit yo‘lagini shakllantirib, Markaziy Osiyo mintaqasidan uglevodorod xomashyosini eksport qilishni diversifikatsiya qilish imkonini beradi.

Uzoq masofani qamrab egallagan ushbu yangi gaz magistrali – bu 2008 yil sentabrda Turkmaniston Prezidenti tashabbusi bilan BMT tomonidan qabul qilingan “Energiya manbalarining ishonchli va barqaror tranziti hamda izchil  rivojlanish va xalqaro hamkorlikni ta’minlashdagi roli” rezolyutsiyasini hayotga tatbiq etish demakdir.

Turkmanistonning tashabbusi bilan bunday rezolyutsiyaning qabul qilinishi nafaqat mintaqamiz, balki faqat uglevodorod xomashyosi emas, boshqa resurslarni ham tashish yo‘lida yaratilgan sun’iy to‘siqlar tashvishga solayotgan barcha mamlakatlar uchun ham katta ahamiyat ega ekanini bu yerda o‘tirganlar yaxshi anglaydi, deb o‘ylayman.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Turkmanistonning boy xomashyo resurslarini, xususan bu yerda mavjud bo‘lgan gazni yetkazib berishning muqobil yo‘llarini topish bo‘yicha sa’y-harakatlarini har doim qo‘llab-quvvatlab kelgan va bundan keyin ham qo‘llab-quvvatlaydi. Turkman xalqining o‘z mamlakatini boy va farovon davlatga aylantirish borasidagi bunday intilishlarini har tomonlama to‘g‘ri, deb hisoblayman. Va bunda boshqacha  fikr bo‘lishi mumkin emas.

Bu boradagi har qanday siyosiy va boshqa cheklovlar yoki to‘siqlar, mening fikrimcha, asosan sun’iy ravishda yaratilmoqda va bu muammolar yuzasidan og‘ir-vazminlik bilan muzokaralar olib borish darkor. Biroq, ushbu masalalarga xolis yondashadigan bo‘lsak, bu vazifani hal etish uchun bugun Turkmaniston taklif etayotgan yo‘nalishlarni amalgam oshirishga yordam berishimiz lozim.

Biz, Turkmanistonning eng yaqin qo‘shnisi bo‘lgan O‘zbekistonda aynan shunday loyihalarning ro‘yobga chiqarilishi eng qulay va maqsadga muvofiq yo‘l ekanini, bu mamlakatni modernizatsiya qilish hamda, eng muhimi, xalqlarimiz turmush darajasini oshirishda muhim omil bo‘lishini yaxshi anglaymiz.

Gurbanguli Malikquliyevich, ijozatingiz bilan ikkalamiz muhokama qilgan masalalar haqida ushbu kengaytirilgan majlisda ham qisqacha to‘xtalib o‘tishni istardim. Nazarimizda, hozirgi voqeliklar hisobga olingan holda, mintaqamiz kommunikatsiya salohiyatidan foydalanishda mamlakatlarimiz uchun ochilayotgan istiqbolli yo‘nalishlarda qisqacha to‘xtalib o‘tmoqchi edim.

Bu o‘rinda gap O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron-Oman-Qatar va Fors ko‘rfazining boshqa mamlakatlari orqali o‘tadigan transport yo‘lagini tashkil qilish loyihasini ishlab chiqish haqida bormoqda. Umuman biz, bu masalani Turkmaniston Prezidenti bilan muhokama qildik va men bu loyiha, bu yo‘lak mamlakatlarimiz katta ehtiyoj sezayotgan kommunikatsiya yo‘nalishlari, jahon bozoriga chiqish uchun ulkan imkoniyatlar yaratishi mumkinligini Turkmaniston Prezidenti to‘liq tushunganidan mamnunman.

Shuningdek, Gurbanguli Malikquliyevich ushbu loyihani ishlab chiqish va amalga oshirishda O‘zbekiston Turkmanistonning ishonchli hamkori bo‘ladi, deb  ta’kidlamoqchiman.

Siz nima deb o’ylaysiz, diz bu masalada kelisha olamizmi ?

Takror aytaman, bu oddiy loyiha emas. Undan Sharq, ya’ni Fors ko‘rfazi hududida va G‘arbda joylashgan ko‘plab boshqa mamlakatlar ham manfaatdor.

Bu o‘rinda men avvalo, Turkmanistonni nazarda tutyapman. Chunki, ushbu loyihani amalga oshirishda Turkmaniston muhim o‘rin tutadi. Agar Turkmaniston mazkur ishni amalga oshirishni boshlasa, menimcha, boshqa mamlakatlar ham uni qo‘llab-quvvatlaydi. Va ushbu loyihaga qo‘shilgan barcha davlatlar undan manfaat ko‘radi.

Biroq, bu bir kunda hal bo‘ladigan masala emas. Umuman aytganda, ushbu loyiha Turkmaniston uchun ham, O‘zbekiston uchun ham katta istiqbolga ega, deb o‘ylayman.

Shuningdek, biz qator boshqa istiqbolli loyihalarni ham muhokama etdik. Qolgan masalalarni ko‘rib chiqish va bu haqda bilishni istaganlarga qo‘shimcha ma’lumot berish uchun hali vaqtimiz bo‘ladi, deb o‘ylayman.

Madaniy-gumanitar sohadagi yaqin munosabatlarimiz ham alohida e’tiborga molik.

Mazkur muhim sohada o‘zaro hamkorlik ko‘p sonli o‘zbek va turkmanlar istiqomat qiladigan davlatlarimizda millatlararo totuvlikni mustahkamlashda muhim omil hisoblanadi. Bugun turkman millatiga mansub O‘zbekistonning qariyb 170 ming nafar teng huquqli fuqarolari mamlakatimizning iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etmoqda.

Muhtaram Turkmaniston Prezidenti tashabbusi bilan Toshhovuz shahrida O‘zbekiston va Turkmaniston xalqlari do‘stlik festivalining o‘tkazilishi ham alohida ahamiyatga ega.

Mamlakatlarimiz madaniy hayotidagi ushbu muhim voqea o‘zbek va turkman xalqlarining o‘zaro hamjihatligi va hamkorligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Ishonchim komilki, bugun mamlakatlarimiz o‘rtasida madaniy-gumanitar sohada 2011-2013 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturining qabul qilinishi bu boradagi olijanob maqsad va vazifalarimizga erishishda muhim omil bo‘ladi.

Muhtaram Gurbanguli Malikquliyevich!

Turkmaniston bilan ko‘p tomonlama munosabatlarni rivojlantirish O‘zbekiston uchun ustuvor ahamiyatga ega va biz bu munosabatlarni yanada mustahkamlashga doim tayyormiz.

Fursatdan foydalanib, Siz, hurmatli janob Prezidentni O‘zbekistonga tashrif bilan kelishingizni taklif etaman. Siz va Siz orqali qardosh turkman xalqiga samimiy hurmat va mehmondo‘stlik tuyg‘ularini izhor etish bizga mamnuniyat bag‘ishlaydi. Samimiy qabulingiz va mehmondo‘stligingiz uchun minnatdormiz.

E’tiboringiz uchun tashakkur.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati