O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI ISLOM KARIMOVNING KOLLEKTIV XAVFSIZLIK SHARTNOMASI TASHKILOTI (ODKB) KOLLEKTIV XAVFSIZLIK KENGASHINING MAJLISIDA SO‘ZLAGAN NUTQI
13.12.2010

Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 10 dekabr kuni Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB) Kollektiv xavfsizlik kengashining majlisida ishtirok etdi va nutq so‘zladi. Quyida ana shu nutq matni chop etilmoqda.

* * *

Muhtaram davlat rahbarlari.

Sizlarni qutlashga va Rossiya tomoniga, Rossiya Prezidenti Dmitriy Anatolevich Medvedevga samimiy qabul va an’anaviy mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik izhor etishga ijozat bergaysizlar.

Bugungi sammit kun tartibidagi asosiy masala – ODKB kollektiv xavfsizlik tizimini yanada takomillashtirishdir.

Biz ODKB qarorlarining samaradorligi va ularning tezkorlik bilan qabul qilinishini ta’minlash, Tashkilotning mojaroli vaziyatlarga samarali munosabat bildirish imkoniyatlarini mustahkamlash borasidagi tashabbuslarni asosli hamda o‘z vaqtida ilgari surilgan, deb hisoblaymiz.

Shu bilan birga, O‘zbekistonning bu boradagi qat’iy pozitsiyasini yana bir bor alohida ta’kidlamoqchiman: ODKBning vazifasi – bu, ODKB davlatlari o‘rtasidagi va MDH makonidagi turli qarama-qarshiliklar va mojarolarni hal etishda qatnashish emas, balki, avvalo, Tashkilotga a’zo mamlakatlarni tashqi tahdidlardan himoya qilishdan iboratdir.

Biz, shuningdek, ODKBga a’zo u yoki bu davlatlar ichida «zo‘ravonlik xatti-harakatlari» yuzaga kelgan hollarda unga Tashkilotning aralashuvi yoxud ta’sir ko‘rsatishiga aslo yo‘l qo‘ymaslik zarur, deb hisoblaymiz. Bizning prinsipial pozitsiyamiz shundan iborat va Tezkor harakatlanuvchi kollektiv kuchlar to‘g‘risidagi bitimni imzolamaganimizning sababi ham shunda.

Bunda u yoki bu mamlakat ichidagi «zo‘ravonlik xatti-harakatlari» turli ssenariylar bo‘yicha, tashqi kuchlarning bevosita aralashuvi va moliyalashtiruvi orqali yuzaga kelishi mumkinligini e’tiborga olish darkor.

Shu bois «zo‘ravonlik xatti-harakatlari»ning haqiqiy tashkilotchilarini aniqlab olish zarur. Shundan keyingina muayyan qaror qabul qilish mumkin.

Joriy yil 10-14 iyun kunlari Qirg‘iziston janubida ro‘y bergan voqealar barchamiz uchun ko‘p jihatdan saboq bo‘lishi kerak. Ushbu voqealar mamlakat ichidagi qarama-qarshiliklar va mojaroli vaziyatlarning haqiqiy sababini sinchkovlik bilan o‘rganmasdan, bu jarayonlarga aralashish qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini har tomonlama o‘ylamasdan, ularni hal etish uchun Tashkilotning aralashuviga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini yana bir bor ko‘rsatdi.

11-12 iyun kunlari o‘zbek millatiga mansub 100 mingdan ziyod qochqinlar, avvalambor, yordamga muhtoj xotin-qizlar, bolalar va qariyalar Qirg‘izistonning O‘sh va Jalolobod viloyatlarida ro‘y bergan millatlararo xunrezliklardan qochib, O‘zbekistonning Farg‘ona vodiysidagi chegarasini kesib o‘tdi.

Men hozir bu odamlarni joylashtirish, oziq-ovqat bilan ta’minlash, chegara hududida tartibni saqlash va ular o‘zini himoyalangan deb his qilishi uchun zarur shart-sharoit yaratish borasida yuzaga kelgan ulkan muammolar, buning uchun sarf etilgan resurs va mablag‘lar haqida gapirib o‘tirmayman.

Bu odamlar chegaradan o‘z xohishi bilan yoki Qirg‘iziston janubida yashash yoqmagani uchun o‘tgani yo‘q. Ular u yerda yuz yillar mobaynida qirg‘izlar bilan yonma-yon yashab kelgan va bundan keyin ham yashaydi. Bunga bizning ham, Qirg‘iziston Prezidenti Roza Otunboyevaning ham ishonchi komil. Qirg‘iziston janubida hamon saqlanib turgan keskin vaziyatdan chiqishning yo‘li shundan iborat ekaniga ishonaman.

Agar aholimiz o‘rtasida osoyishtalikni saqlay olmaganimizda va turli g‘ayriqonuniy xatti-harakatlar sodir etilishining oldini olmaganimizda O‘zbekistonning qariyb 300 ming qirg‘iz millatiga mansub aholi yashaydigan Farg‘ona vodiysi hududida qanday fojiali voqealar ro‘y berishi mumkinligi haqida gapirmasam ham bo‘ladi.

Roza Otunboyeva tashabbusiga binoan 11 iyun erta tongda men u bilan telefon orqali uzoq gaplashdim. Shunda men uni har qanday holatda ham biz tomondan birorta ham odam Qirg‘iziston chegarasidan o‘tmaydi, deb ishontirdim va o‘z so‘zimning ustidan chiqdim.

O‘sh Andijon shahridan uzog‘i bilan 40 kilometr, chegaradan esa bor-yo‘g‘i 15 kilometr masofada joylashgan. Agar ushbu qaltis paytda vaziyatni nazoratda saqlab turmaganimizda, Qirg‘iziston janubidagi millatlararo qarama-qarshilik O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi davlatlararo qarama-qarshilikka aylanib ketgan bo‘lur edi.

Boshqacha aytganda, Qirg‘iziston janubida ro‘y bergan qonli voqealar oqibatlarini oldindan aytish qiyin bo‘lgan ulkan fojiaga aylanib ketishi hech gap emasdi.

Ushbu qonli voqealarning sababi nimada, ularning buyurtmachilari, tashkilotchilari va ijrochilari kimlar ekani – bu alohida masala.

Sizlarning e’tiboringizni quyidagi masalaga yana bir bor qaratmoqchiman. Agar bitta bo‘lsa ham harbiy xizmatchi, O‘zbekiston, Qozog‘iston yoki Rossiya harbiy xizmatchisi bo‘lishidan qat’i nazar, Qirg‘iziston chegarasidan o‘tganida, bu keyinchalik jilovlash qiyin bo‘lgan katta mojaroga olib kelishi mumkin edi.

MDH hududida bunga misollar ko‘p. Masalan, Armaniston va Ozarboyjon 20 yildan ortiq vaqt mobaynida o‘zaro maqbul bo‘lgan kelishuvga erisha olmayotir. Mojaro ro‘y bergan dastlabki yillardayoq uning yoyilib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak edi. Ehtimol, shunda tomonlar bugun yuzaga kelgan vaziyatni bartaraf etib, o‘zaro murosaga kelgan bo‘lar edi.

Men bu misollarni har bir alohida vaziyatda biz “zo‘ravonlik xatti-harakatlari” deb atayotgan voqealarning haqiqiy sabablarini nihoyatda jiddiy o‘rganib chiqish kerakligining dalili sifatida keltirmoqdaman.

Aynan shu sababli O‘zbekiston mojaroli vaziyatlarga ODKB munosabat bildirishi tartibi to‘g‘risidagi Nizomni imzolamayotir.

Biz, shuningdek, ODKBning tinchlikparvar kuchlari to‘g‘risidagi bayonotni ham imzolamaymiz. Bizning qarorimizning mohiyati shundan iboratki, bunday tinchlikparvar kuchlarda ishtirok etish har doim ixtiyoriy xususiyatga ega bo‘lgan va O‘zbekiston o‘z hududidan tashqaridagi tinchlik o‘rnatish operatsiyalarida ishtirok etmaydi.

E’tiboringiz uchun tashakkur.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati