O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI ISLOM KARIMOVNING “O‘ZBEKISTONDA ONA VA BOLA SALOMATLIGINI MUHOFAZA QILISHNING MILLIY MODELI: “SOG‘LOM ONA – SOG‘LOM BOLA” MAVZUIDAGI XALQARO SIMPOZIUM OCHILISHIDAGI NUTQI
26.11.2011
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI ISLOM KARIMOVNING “O‘ZBEKISTONDA ONA VA BOLA SALOMATLIGINI MUHOFAZA QILISHNING MILLIY MODELI: “SOG‘LOM ONA – SOG‘LOM BOLA” MAVZUIDAGI XALQARO SIMPOZIUM OCHILISHIDAGI NUTQI

Muhtarama Bosh direktor xonim,

Hurmatli simpozium ishtirokchilari, xonimlar va janoblar!

Siz aziz mehmonlarimizni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Birlashgan Millatlar Tashkilotining YUNISEF, Taraqqiyot dasturi va Aholishunoslik jamg‘armasi kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari, dunyoning ko‘plab mamlakatlari sog‘liqni saqlash sohasi rahbarlari, bugungi simpoziumning barcha ishtirokchilarini qutlash va o‘zimning chuqur ehtiromimni izhor etish menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi.

Yaqinda barpo etilgan, milliy va zamonaviy arxitektura hamda shaharsozlikning eng yaxshi namunalarini o‘zida mujassam etgan, bugun xalqaro anjuman o‘tayotgan ushbu noyob kompleks ikki qismdan – Milliy kutubxona va Simpoziumlar saroyidan iborat. Mazkur muhtasham saroyda qabul qilgan ilk mehmonlarimiz siz, eng insonparvar va olijanob soha – onalik va bolalikni muhofaza qilishga bag‘ishlangan ushbu xalqaro forum ishtirokchilari ekaningizning o‘zi ko‘p jihatdan ramziy va tarixiy ahamiyatga egadir.

Fursatdan foydalanib, Sizga, hurmatli Margaret Chen xonim, barcha mehmonlarimizga ushbu Forumda ishtirok etish taklifimizni qabul qilganingiz uchun samimiy minnatdorlik bildiraman.

Sizlar, taniqli xorijlik olimlar va tibbiyot olamining obro‘li mutaxassislari ishtirokingizda O‘zbekistonda aholi salomatligini himoya qilish, sog‘lom, barkamol yosh avlodni tarbiyalash bo‘yicha amalga oshirilayotgan umummilliy dasturning muhim tarkibiy qismi sifatida shakllangan onalik va bolalikni muhofaza qilish modelining muhokama etilishi biz uchun katta sharafdir.

Umume’tirof etilgan shior – «Sog‘lom ona – sog‘lom bola» tamoyili mohiyatiga ko‘ra, aholini jipslashtiruvchi va safarbar etuvchi murojaat bo‘lib, davlat hamda jamiyat darajasiga ko‘tarilgan ustuvor vazifaga aylandi.

Albatta, odamlar salomatligini muhofaza qilishning butun tizimini chuqur isloh etish va modernizatsiya qilish asosidagina oldimizga qo‘ygan maqsadga erishish mumkinligini teran anglab yetganmiz.

Mustaqil rivojlanish yillarida mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimini barpo etishni davom ettirish va yangilash imkonini berayotgan mustahkam poydevor yaratildi, deyish uchun bugun barcha asoslarimiz bor.

Birinchidan, eng yuqori talablar va xalqaro standartlarga javob beradigan ixtisoslashtirilgan viloyat shifoxonalari va ularning shahar hamda tumanlardagi bo‘limlari, tez tibbiy yordam xizmatlaridan iborat aholiga bepul, yuqori malakali shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha mutlaqo yangi va noyob yagona tizim shakllantirildi. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi ularga rahbarlik va faoliyatini muvofiqlashtirish ishlarini amalga oshirmoqda.

Ikkinchidan, mamlakatimizda tashkil etilgan 3200dan ziyod qishloq vrachlik punktlari odamlar salomatligini muhofaza qilish tizimini isloh etish va uning quyi bo‘g‘inini kuchaytirishda g‘oyat muhim rol o‘ynamoqda. Shunga e’tiboringizni qaratishni istardimki, bu yerda gap boshqa mamlakatlarda mavjud bo‘lgan feldsherlik-akusherlik punktlari haqida emas, balki zamonaviy tibbiyot texnikasi bilan jihozlangan va umumiy amaliyot shifokorlari birinchi tibbiy yordam ko‘rsatayotgan punktlar haqida bormoqda.

Uchinchidan, tuman va viloyat darajasidagi sog‘liqni saqlash muassasalari tarmog‘i optimallashtirildi, zamonaviy asbob-uskunalar bilan yaxshi jihozlangan va kadrlar bilan ta’minlangan ixcham tuman tibbiyot birlashmalari, viloyat ko‘p tarmoqli shifoxonalari hamda poliklinikalari tashkil etildi.

To‘rtinchidan, bugungi kunda mamlakatimizda e’tirof etilgan ilmiy maktablar negizida 10 respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiy markazlar – kardiologiya va kardiojarrohlik, akusherlik va ginekologiya, urologiya, oftalmologiya, pulmanologiya va ftiziatriya, endokrinologiya kabi yo‘nalishlarda faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda yuqori malakali, yuksak darajadagi kasb tayyorgarligiga ega kadrlar zamonaviy asbob-uskunalar yordamida yuqori texnologik tibbiy xizmatlar ko‘rsatmoqda.

O‘tgan yillar mobaynida bizning sa’y-harakatlarimiz, avvalo, uzoq muddatli samara – millat genofondini saqlash va yaxshilash, aholining umr ko‘rish davomiyligini va turmush darajasini oshirish maqsadida sog‘lom avlodni dunyoga keltirish hamda tarbiyalash uchun shart-sharoit yaratishga qaratildi. Tabiiyki, buning uchun ulkan vazifalarni, jumladan, odamlar psixologiyasi va ongini o‘zgartirishga doir ishlarni amalga oshirishga to‘g‘ri keldi.

Xususan, sog‘lom oilani shakllantirish va irsiy kasalliklarga chalinish mumkin bo‘lgan holatlarni kamaytirish maqsadida mamlakatimizda turmush qurayotgan shaxslarni nikohdan oldin majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tizimi joriy etildi.

Ushbu masalaga kengroq qaraydigan bo‘lsak, shuni alohida ta’kidlashni istardimki, jamiyatda, ayniqsa yoshlar o‘rtasida ma’naviy muhit va odob-axloq, oilani mustahkamlash, oila rishtalari barqarorligini ta’minlashga mamlakatimizda har doim katta e’tibor qaratilgan va bugungi kunda ham bu an’ana yuksak qadrlanadi. O‘ylaymanki, sog‘lom oila, oiladagi sog‘lom muhit sog‘lom bola tug‘ilishida ulkan ahamiyatga ega ekanini isbotlab o‘tirishga hojat yo‘q.

Bugun O‘zbekistonning deyarli barcha viloyatlarida ona va bola perinatal hamda skrining markazlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Qishloq joylardagi barcha homilador ayollar davlat budjeti mablag‘lari hisobidan sog‘lom naslni shakllantirish uchun zarur polivitaminlar bilan ta’minlanmoqda.

Maxsus davlat dasturi doirasida zamonaviy ona va bola skrining markazlari tarmog‘ining tashkil etilganiga alohida e’tibor qaratishingizni istardim. Ular ishga tushgan 2000 yildan buyon mamlakatimizda irsiy va tug‘ma nuqsonli bolalar tug‘ilishi 1,7 barobardan ziyod kamaydi.

Mamlakatimizda ikki yoshgacha bo‘lgan barcha bolalar bepul emlanmoqda, bu, o‘z navbatida difteriya, qoqshol, poliomiyelit kabi kasalliklarga butunlay barham berish imkoniyatini yaratdi. 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarning deyarli 100 foizi yiliga ikki marta, tug‘ish yoshidagi ayollar esa har yili chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda.

Mamlakatimizda kompleks chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida o‘tgan 20 yil davomida onalar va go‘daklar o‘limi uch barobardan ko‘proq kamaydi. O‘zbekiston joriy yilda “Bolalarni asraylik” xalqaro tashkiloti tomonidan tuzilgan 161 mamlakatdan iborat jahon reytingida o‘sib kelayotgan yosh avlod salomatligi haqida eng ko‘p g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotgan davlatlar orasida 9 o‘rinni egalladi.

Yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlash masalasi sog‘liqni saqlash sohasini isloh etishda muhim ahamiyatga ega.

Ayni paytda Toshkent tibbiyot akademiyasi qatorida Samarqand, Andijon, Buxoro, Urganch va Nukus kabi shaharlarda tibbiyot oliy o‘quv yurtlari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Oliy ma’lumotli tibbiyot hamshiralarini tayyorlashni tashkil etish mutlaqo yangi tizim hisoblanadi.

Mamlakatimiz tibbiyot institutlari “Sharite” (Germaniya), Garvard (AQSH), Manchester (Buyuk Britaniya), Vena (Avstriya) universitetlari klinikalari kabi yetakchi xorijiy tibbiyot muassasalari, Rossiya va Ukrainaning mashhur markazlari, Yaponiya, Janubiy Koreya hamda boshqa davlatlardagi yirik gospitallar bilan yaqin hamkorlikda ishlayotganini alohida ta’kidlamoqchiman.

Mana shu yuksak minbardan ushbu zalda yig‘ilgan Forum qatnashchilari nomidan ularga samimiy minnatdorlik izhor etish menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi.

Mamlakatimizda odamlar salomatligini muhofaza qilishga qaratilayotgan ulkan e’tibor, avvalambor, bu sohani rivojlantirishga yo‘naltirilayotgan investitsiyalar va mablag‘larda o‘zining aniq isbotini topmoqda.

Mamlakatimiz davlat budjetida sog‘liqni saqlash sohasiga sarflanayotgan xarajatlar ulishi 15,7 foizni, yalpi mahsulotga nisbatan esa 4,1 foizni tashkil etadi.

Sog‘liqni saqlash tizimining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, uni zamonaviy asbob-uskunalar va tibbiy texnika bilan qayta jihozlashga o‘tgan davrda 700 million dollardan ziyod imtiyozli kreditlar, donorlarning grant mablag‘lari jalb etildi.

Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi davom etayotganiga qaramay, keyingi uch yilda sog‘liqni saqlash sohasini moliyalash hajmi 2,5 barobar ko‘paydi.

Bepul va pulli tibbiyot masalalariga qisqacha to‘xtalib o‘tmoqchiman.

O‘zbekistonda aholi uchun barcha birinchi tibbiy yordam bepul hisoblanadi. Shoshilinch tibbiy va pediatriya yordami, tug‘ruq va homilador ayollarga tibbiy yordam, shuningdek, onkologik, yuqumli hamda boshqa qator ijtimoiy ahamiyatga ega kasalliklarni davolash xizmatlari ham shu asosda amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, zamonaviy va sifatli tibbiy yordam qimmatbaho, buning ustiga muntazam yangilashni talab qiladigan asbob-uskunalarga, shuningdek, qimmat dori vositalari hamda preparatlarga asoslanishini biz juda yaxshi tushunamiz. Bu bepul va pullik davolashni oqilona uyg‘unlashtirgan holda olib borishni taqozo etadi.

Biz tanlagan sog‘liqni saqlash modeli qanchalik to‘g‘ri va samaradorligini hayotning o‘zi tasdiqlab turibdi, deb aytishga bugun barcha asoslarimiz bor. Birgina misol. 1991 yildan buyon o‘tgan davrda odamlarning o‘rtacha umr ko‘rishini 67 yoshdan 73 yoshga, ayollarning umr ko‘rishini esa 75 yoshga uzaytirishga erishdik.

Tajribamiz sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar doimiy va uzluksiz jarayon ekanidan dalolat beradi. Tibbiyot ham ilm-fan, ham amaliyot sifatida muntazam takomillashib bormoqda va bu bizning milliy sog‘liqni saqlash modelimizda o‘z ifodasini topgan.

Shu kunlarda islohotlarning yangi bosqichi vazifalarini amalga oshirishga kirishdik. Bu borada sog‘liqni saqlash muassasalari tarmog‘ini optimallashtirishni nihoyasiga yetkazish va ularni eng zamonaviy apparatura bilan bosqichma-bosqich qayta jihozlash zarur. Ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarining moddiy-texnik, ilmiy va amaliy bazasi yanada yaxshilanadi, ular aksiyadorlashtiriladi, markazlarning tibbiyot xodimlarini rag‘batlantirish, yakuniy natijalar uchun ularning mas’uliyatini oshirish mexanizmlari joriy etiladi.

Bu maqsadlar uchun turli manbalar hisobidan yaqin yillarda 1,5 milliard AQSH dollariga teng mablag‘lar yo‘naltiriladi va ushbu masalaga biz nafaqat aholi farovonligi va salomatligini mustahkamlashning muhim omili, balki iqtisodiyotimizni yuksaltirish va jamiyatimiz barqaror taraqqiyotining muhim ko‘rsatkichlaridan biri sifatida qaramoqdamiz.

Hurmatli simpozium ishtirokchilari!

Bugungi xalqaro forum natijalari pirovardida Mingyillik rivojlanish maqsadlariga erishishga xizmat qilishiga ishonaman. Zero, har bir odam uchun uzoq va sog‘lom umr ko‘rish baxt-saodatning asosiy ko‘rsatkichi hisoblanadi.

So‘zimning yakunida shuni ta’kidlamoqchimanki, sog‘liqni saqlash sohasida erishgan va biz haqli ravishda faxrlanadigan barcha yutuqlarimiz asosida, avvalo, ming-minglab tibbiyot xodimlari – shifokorlar, hamshiralar, olimlar va mutaxassislar, o‘zining tinimsiz va fidokorona mehnati bilan insonga shifo berish, uning dardiga malham bo‘lishni muqaddas burch deb biladigan barcha olijanob kasb egalarining bilimi, tajribasi va mahorati mujassamdir.

Olloh tomonidan ato etilgan ikkita kasb bor: bular o‘qituvchilik va shifokorlikdir. O‘zining olijanob kasbiga sodiq shifokor har kuni eng yaxshi insoniy fazilatlarini namoyon etib, barchamizga oliy insonparvarlik maqsadlariga xolis xizmat qilishning namunasini ko‘rsatadi.

Ushbu yuksak minbardan siz va sizlarning timsolingizda mazkur olijanob kasb egalariga o‘zimning eng samimiy minnatdorligimni bildiraman. Sizlarga sihat-salomatlik, ishlaringizga muvaffaqiyat tilayman. Yana bir bor mehmondo‘st o‘zbek zaminiga xush kelibsiz, deyman.

E’tiboringiz uchun tashakkur.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 24.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati