PREZIDENT ISLOM KARIMOVNING O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MUSTAQILLIGINING YIGIRMA BIR YILLIGIGA BAG‘ISHLANGAN TANTANALI MAROSIMDAGI TABRIK SO‘ZI
31.08.2012
PREZIDENT ISLOM KARIMOVNING O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MUSTAQILLIGINING YIGIRMA BIR YILLIGIGA BAG‘ISHLANGAN TANTANALI MAROSIMDAGI TABRIK SO‘ZI
Aziz vatandoshlar!

Muhtaram mehmonlar!

Bugun biz mamlakatimiz hayotidagi unutilmas tarixiy voqea – O‘zbekistonimiz mustaqillikka erishgan kunning yigirma bir yilligini nishonlamoqdamiz.

Ana shu buyuk sana bilan, xalqimiz asrlar davomida intilib, orziqib kutgan, haqiqatan ham, barchamiz uchun eng ulug‘, eng aziz bayram bo‘lmish O‘zbekistonning Mustaqillik kuni bilan siz azizlarni, sizlarning timsolingizda butun xalqimizni chin qalbimdan tabriklash men uchun katta baxtdir.

Men ishonaman – asrlar, zamonlar o‘tar. Ammo barchamizga o‘zligimizni anglash, insoniy sha’nimizni, qadr-qimmatimizni, o‘z yurtimizga egalik qilish huquqini, tilimiz, muqaddas dinimizni, qadriyatlarimiz, urf-odatlarimizni qaytarib bergan bu ulug‘ ayyom Vatanimiz tarixida oltin sahifa bo‘lib, abadiy saqlanib qolajak.

Qadrli yurtdoshlarim!

O‘z-o‘zidan ayonki, kishilik tarixida, dunyo xaritasida davlatlar shakllanishida yigirma bir yil juda qisqa muddatdir. Lekin O‘zbekistonimiz shu davr mobaynida, hech shubhasiz, yuz yillarga teng bo‘lgan masofani bosib o‘tdi.

Biz eski mustabid tuzum, uning asoratlari va mafkurasidan butunlay voz kechib, tobelik va qaramlik davriga barham berib, kechagi nochor, o‘zini o‘zi boqishga kuchi yetmagan o‘lkadan bugun o‘zining kuch-qudrati va salohiyatiga tayangan, o‘z sarhadlari, xalqining tinch va osuda hayotini himoyalashga qodir bo‘lgan, xalqaro hamjamiyatda munosib o‘rin egallagan, tez va barqaror sur’atlar bilan o‘sib borayotgan mustaqil va suveren davlatlar qatoriga ko‘tarilganimizni yaqqol namoyon etmoqdamiz.

O‘tgan davr mobaynida biz oldimizga qo‘ygan buyuk vazifa – zamonaviy rivojlangan demokratik davlatlar safiga kirish, fuqarolik jamiyati barpo etish, hayotimizni, iqtisodiyotimizni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish hisobidan qo‘lga kiritgan yutuq va yuksak marralarimizning xalqaro maydonda e’tirof etilayotganini, Vatanimiz salohiyati, moddiy, iqtisodiy va intellektual kuch-qudratimiz tobora oshib, shahar va qishloqlarimizning qiyofasi va chehrasi o‘zgarib, ochilib borayotganini bugun hech kim inkor etolmaydi.

Ko‘pchilikni hayratda qoldirayotgan bunday haqiqatni tasdiqlab beradigan ko‘pgina raqam va ma’lumotlarni keltirish qiyin emas.

Shular qatorida istiqlol yillarida O‘zbekiston iqtisodiyoti qariyb 3,7 barobar, aholimizning real daromadlari jon boshiga 7 barobar, o‘rtacha pensiya miqdori qariyb 9 barobar, oylik ish haqi esa 18 barobar oshgani, odamlarimizning umr ko‘rish darajasi o‘rtacha 7-yilga uzaygani, yoqilg‘i va g‘alla mustaqilligiga, o‘zimizni o‘zimiz go‘sht, sut va boshqa iste’mol mollari bilan to‘liq ta’minlashga erishganimiz bularning yaqqol tasdig‘idir.

Bularning barchasi avvalo mustaqillikka erishgan birinchi kunlardan boshlab “Islohot – islohot uchun emas, avvalo inson uchun” degan prinsipni hayotga tatbiq etganimizning amaliy samarasi, desak, hech qanday xato bo‘lmaydi.

O‘tgan yillar mobaynida yurtimizda uy-joy hajmining ko‘rsatkichi qariyb 2 barobar oshgani, oilalarning 98,5 foizi o‘zining shaxsiy uy-joyi yoki kvartirasiga, qishloqlarda yashayotgan oilalarning 97,5 foizi shaxsiy tomorqasiga ega bo‘lganini ayni shu maqsadda amalga oshirgan milliy dasturlarimizning natijasi deb qabul qilamiz.

Bundan yigirma bir yil oldin har o‘nta oiladan bor-yo‘g‘i bittasi shaxsiy mashinaga ega bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda har uchta oilaning bittasida avtomobil mavjud ekani, har uch nafar yurtdoshimizdan biri internet tarmog‘idan foydalanib kelayotgani xalqimizning farovonligi tobora ortib borayotgani, uning emin-erkin yashayotganini namoyon etadi.

Shu borada yana bir misol keltirish o‘rinlidir.

Bugun barcha davlatlarni katta tashvishga solayotgan, hali-beri davom etayotgan, jahon miqyosida eng dolzarb, eng og‘ir masala bo‘lib turgan moliyaviy-iqtisodiy inqirozni hisobga olgan holda, O‘zbekiston oxirgi yetti yil davomida dunyodagi sanoqli davlatlar qatorida o‘rtacha 8-8,5 foiz iqtisodiy o‘sishga erishayotgani mamlakatimiz salohiyati barqaror rivojlanib borayotganining yaqqol dalilidir.

Barchamiz Vatanimizni ravnaq toptirish yo‘lida erishgan marralarimizni dastlabki qadamlar sifatida qabul qilib, bir haqiqatni chuqur anglab olishimiz darkor.

Bugun shiddat bilan tez o‘zgarayotgan globallashuv davrining keskin talablariga, dunyo bozorida tobora kuchayib borayotgan shafqatsiz raqobat kurashiga bardosh bera oladigan, faqat qat’iyatlik bilan oldinga intilayotgan, o‘zining uzoqni ko‘zlagan taraqqiyot strategiyasiga ega bo‘lgan davlatgina rivojlanishning katta yo‘lida o‘z ezgu maqsadlariga erishmog‘i mumkin.

Zamonning o‘zi o‘rtaga qo‘yayotgan ayni shunday o‘tkir talablarni inobatga olgan holda, bizning oldimizda turgan eng ustuvor vazifamiz – boshlagan ishlarimizni izchil davom ettirish, mamlakatimizni yangilash va modernizatsiya qilish, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, jamiyatimizning barcha jabhalarini erkinlashtirish jarayonlarini yangi bosqichga ko‘tarish, hayotimizning darajasi va sifatini yanada yuksaltirishdir.

Biz uchun bebaho boylik bo‘lmish tinchlik va osoyishtalikni, jamiyatimizdagi mehr-oqibat, fuqarolar va millatlararo totuvlik va hamjihatlikni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash hamisha e’tiborimiz markazida turishi lozimligini aslo unutmasligimiz kerak.

Bugungi notinch va murakkab zamon, yaqin va uzoq yon-atrofimizda, mintaqamizda ko‘pdan buyon davom etayotgan nizo va qarama-qarshilik, tobora keskinlashib borayotgan vaziyat bizning doimo ogoh, doimo hushyor, sergak va sezgir bo‘lib yashashimizni, xavfsizligimizga tahdid solayotgan har qanday balo-qazoning oldini olishimizni talab etmoqda.

Mustaqil taraqqiyot yo‘lida amalga oshirgan, ongu shuurimizni, hayotimizni tubdan o‘zgartirgan ishlarimizga baho berar ekanmiz, biz erishgan yutuq va marralarni qo‘lga kiritish oson bo‘lmaganini ta’kidlashimiz o‘rinlidir.

Bu yo‘lda el-yurtimiz qanday murakkab va tahlikali sinov, to‘siq va g‘ovlarni yengishda turli yovuz va zo‘ravon harakatlar oldida bosh egmasdan, o‘z e’tiqodidan qaytmasdan kelgani, avvalo o‘zining mehnatsevarligi, mardligi va matonati hisobidan bugungi yorug‘ kunlarga yetib kelganimizni hech qachon unutmasligimizni istardim.

Hozirgi kunlarda ham bizning tanlagan yo‘limizga shubha tug‘dirish, kechagi davrni ko‘rmagan, tajribasi yetarli bo‘lmagan yoshlarni yo‘ldan ozdirishga, istiqlolimizning ma’no-mazmunini soxtalashtirishga, bizni yana eski qolip va tobelikka qaytarishga urinadigan kuchlar va harakatlar kam emas.

Lekin bu kuchlar bir haqiqatni anglab olishi kerak. Bugun biz kechagi – 90-yillardagi o‘ta sodda, hech qanday siyosiy tajribaga ega bo‘lmagan odamlar emasmiz.

Biz bugun mustaqillik yillarida katta qiyinchilik va sinovlarda toblangan, dunyoqarashi, siyosiy va fuqarolik saviyasi, ijtimoiy faolligi o‘sib borayotgan, o‘zbekona aytganda, biz bugun oqni qoradan ajrata oladigan xalqmiz.

Bizning xalqimiz, avvalo, yigirma bir yil davomida voyaga yetgan, mustaqil fikrlashga, yuksalib borayotgan ongu tafakkurga ega bo‘lgan navqiron avlodimiz porloq kelajagimizga katta ishonch bilan qaraydi va o‘z tanlab olgan yo‘lidan hech qachon – men takror aytaman – hech qachon ortga qaytmaydi.

Bugun jahon hamjamiyati bilan hamqadam bo‘lib, uzoq va yaqindagi xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada mustahkamlash, chet el investitsiyalarini va eng zamonaviy texnologiyalarni olib kelish maqsadida yurtimizda qulay iqlim va imtiyozli sharoitlarni yanada kengaytirish, bizga xayrixoh bo‘lgan davlatlar bilan sheriklik munosabatlarini yangi bosqichga ko‘tarish – bularning barchasi doimo diqqatimiz markazida bo‘lishi shart.

Fursatdan foydalanib, shu muazzam maydonda jam bo‘lgan xorijiy mamlakatlarning elchilari va xalqaro tashkilotlarning vakillariga, barcha mehmonlarimizga bugungi tantanamizda bayram quvonchini biz bilan baham ko‘rayotganlari uchun sizlarning nomingizdan, butun xalqimiz nomidan minnatdorlik bildirishga ruxsat etgaysiz.

Bugungi shukuhli damlarda bizning tayanchimiz va suyanchimiz, umidimiz bo‘lmish yoshlarimizga qarata aytmoqchiman:

Qadrli farzandlarim, hech qachon unutmang:

Siz kimning, qanday ulug‘ zotlarning avlodisiz!

Siz qanday noyob va betakror meros vorislarisiz!

O‘z kuch-g‘ayratingiz, bilim va qobiliyatingizga, buyuk Vatanimiz qudratiga suyanib, marrani baland oling, aziz bolalarim!

Sizning erishadigan har bir g‘alabangiz – yurtimiz g‘alabasi, O‘zbekiston g‘alabasidir!

Azizlarim, qadrdonlarim!

Barchangizni bag‘rimga bosib, Mustaqillik bayrami bilan yana bir bor samimiy tabriklab, sizlarga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.

Bugun mana shunday yorug‘ kunlarga yetkazgan, ezgu ishlarimizda O‘zi madadkor bo‘lgan Yaratganimizga shukronalar aytamiz.

Yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo‘lsin!

Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!

                o`zb   рус   eng
Bugun: 23.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati