PREZIDENTIMIZ ISLOM KARIMOVNING “ZAMONAVIY UY-JOY QURILISHI – QISHLOQ JOYLARINI KOMPLEKS RIVOJLANTIRISH VA QIYOFASINI O‘ZGARTIRISH HAMDA AHOLI HAYOTINING SIFATINI YAXSHILASH OMILI” MAVZUSIDAGI XALQARO KONFERENSIYANING OCHILISH MAROSIMIDAGI NUTQI
17.04.2013
PREZIDENTIMIZ ISLOM KARIMOVNING “ZAMONAVIY UY-JOY QURILISHI – QISHLOQ JOYLARINI KOMPLEKS RIVOJLANTIRISH VA QIYOFASINI O‘ZGARTIRISH HAMDA AHOLI HAYOTINING SIFATINI YAXSHILASH OMILI” MAVZUSIDAGI XALQARO KONFERENSIYANING OCHILISH MAROSIMIDAGI NUTQI

Hurmatli konferensiya ishtirokchilari, xonimlar va janoblar!

Siz, aziz mehmonlarimiz, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, ASEAN, YuNESKO kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar, moliya institutlari hamda boshqa tuzilmalar vakillarini, uy-joy qurilishi sohasidagi yirik kompaniyalar rahbarlari va yetakchi mutaxassislarni – bugungi konferensiyaning barcha qatnashchilarini qutlash, ushbu forumda ishtirok etayotganingiz uchun o‘zimning chuqur hurmatim va samimiy minnatdorligimni izhor etish menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi.

Uy-joy qurilishi sohasi o‘tkir ijtimoiy muammolarni hal etish uchun ulkan ahamiyatga ega ekani, qurilish bilan bog‘liq ko‘plab tarmoqlar va butun mamlakat iqtisodiyotining mutanosib rivojlanishi hamda barqaror o‘sish sur’atlarini ta’minlaydigan eng muhim omil ekanini hisobga oladigan bo‘lsak, bugungi konferensiya uchun tanlangan qishloqda uy-joy qurilishining roli haqidagi mavzuning dolzarbligi to‘g‘risida gapirib o‘tirishning hojati bo‘lmasa kerak.

Ekspert markazlarining ma’lumotlariga ko‘ra, iqtisodiy rivojlangan davlatlarda investitsiyalar tarkibida umumiy sarmoyalar hajmining 20 foizidan 40 foizigacha bo‘lgan ulushi aynan uy-joy qurilishi sohasiga to‘g‘ri kelayotgani albatta bejiz emas.

Bugungi kunda uy-joy qurilishi va iqtisodiyotning mazkur soha bilan bog‘liq tarmoqlarini rivojlantirish moliya tizimini shakllantirish va barqaror rivojlantirishning eng muhim bo‘g‘inlaridan biri hamda banklar aktivlari va ishonchli resurs bazasining mustahkam manbai bo‘lib qolmoqda.

Bu holat jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi hamon davom etayotgan hozirgi sharoitda alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Kredit mablag‘lari bilan yetarlicha ta’minlanayotganiga qaramasdan, bu mablag‘lar yakuniy iste’molchi, ya’ni iqtisodiyotning real sektoriga yetib bormayotgani global moliyaviy-iqtisodiy inqirozdan chiqishda jiddiy to‘siqlardan biri ekani sir emas. Holbuki, asosiy zaxira valyutalarini chiqaradigan emitent mamlakatlarda foiz stavkalari darajasi nihoyatda past. Ayrim hollarda bu stavkalar nol qiymatigacha tushib ketayotganiga esa ishonish qiyin.

Muxtasar aytganda, kredit resurslari hajmining yetarliligi ko‘plab holatlar, birinchi navbatda, 2008-yilda global moliyaviy-iqtisodiy inqirozni yuzaga keltirgan jiddiy sabablarning bartaraf etilmagani tufayli, afsuski, iqtisodiyotni jonlantiradigan turtki va omilga aylana olmayapti.

Bunday sharoitda uy-joy qurilishi va u bilan birgalikda rivojlanadigan infratuzilma – kommunal va ijtimoiy sektor, transport va kommunikatsiya tarmoqlari, zamonaviy qurilish materiallari hamda konstruksiyalarini ishlab chiqarish kapital va investitsiyalarni jalb etish, shuningdek, eng murakkab va jiddiy ijtimoiy masalalardan biri – aholi bandligi muammosini hal etishning g‘oyat maqbul va samarali sohasi sifatida xizmat qila oladigan hamda xizmat qilishi lozim bo‘lgan yo‘nalishga aylanmoqda.

Aksariyat davlatlarning tarixiy tajribasi shundan dalolat beradiki, uy-joy qurilishi va infratuzilma sohasini taraqqiyotning ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilash milliy iqtisodiyotni qayta tiklashning hal qiluvchi vositasi bo‘lib xizmat qiladi. Masalan, Buyuk depressiya deb atalgan 1930- yillardagi inqiroz davrida AQShda Prezident Ruzvelt yakka tartibdagi uy-joy qurilishini kredit bilan ta’minlash tizimini joriy qildi va bu islohot iqtisodiy o‘sishni tiklashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi.

O‘z vaqtida Germaniya, Buyuk Britaniya, Skandinaviya davlatlari va boshqa mamlakatlarda iqtisodiyotni rag‘batlantirish hamda qayta tiklash maqsadida ana shunday dasturlar qabul qilingan.

Hurmatli konferensiya qatnashchilari!

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan model – qishloqda uy-joy qurishni kompleks amalga oshirish dasturining mazmun-mohiyatini bayon etishdan oldin mamlakatimizni iqtisodiy, ijtimoiy rivojlantirish va modernizatsiya qilishning ana shu eng muhim sohasida yaqin-yaqingacha qanday muammolar to‘planib qolgani, haqiqiy ahvol qanday bo‘lgani haqida qisqacha to‘xtalib o‘tishga ijozat bergaysiz.

Bu sohaning bosh xususiyati shunda ediki, u deyarli boshqarilmas, boshqacha aytganda, o‘zboshimchalik avj olgan edi.

Bu aslida nimani anglatar edi?

Qishloqda uy-joylar aholi punktlarini barpo etishda qo‘llanishi zarur bo‘lgan bosh rejalarsiz qurilar, hududlarning o‘ziga xos tabiiy va iqlim xususiyatlari, o‘zbek oilasining milliy an’analarini hisobga olib, puxta ishlab chiqilgan namunaviy uy-joy loyihalari yo‘q edi.

O‘zi ham buyurtmachi, ham quruvchi bo‘lgan qishloq aholisining imkoniyatlari cheklangani, shuningdek, qurilish materiallarining doimiy tanqisligi hamda qishloqda rivojlangan qurilish sanoati bo‘lmagani uchun bu boradagi ishlar o‘z holiga tashlab qo‘yilgan edi. Boshqacha aytganda, uy-joylar qo‘lbola qurilish materiallari – xom g‘ishtdan qurilar, xonalariga yog‘ochdan pol qilinmas, tom yopish materiali sifatida asosan asbest shiferlardan foydalanilar edi.

Bosh rejasiz qurilgan uy-joylarni kommunal qulayliklar bilan ta’minlash, ichimlik suvi tarmog‘iga, elektr energiyasi va gaz tarmog‘iga ulash borasida jiddiy muammolar paydo bo‘lar edi.

Yangi qurilgan uy egalarining tibbiyot muassasalari, maktablar, bolalar bog‘chalari, savdo shoxobchalari, bozorlar, hovlisiga olib boradigan yo‘l, ya’ni oilaning qulay sharoitda yashashi uchun zarur bo‘lgan infratuzilma bilan ta’minlanishda qanday muammolarga duch kelgani haqida gapirib o‘tirmasa ham bo‘ladi.

Hozirgi vaqtda O‘zbekiston aholisining qariyb 50 foizi, ya’ni 15 millionga yaqin odam qishloq joylarida istiqomat qilayotganini hisobga oladigan bo‘lsak, bugungi kunda ushbu sohada hal qilishimiz lozim bo‘lgan murakkab vazifalarning ko‘lami va miqyosini tasavvur etish qiyin emas.

Bu borada shuni inobatga olish kerakki, O‘zbekistonda qishloq joylarida har yili 150 mingdan ortiq yangi oila vujudga kelmoqda, mustaqil taraqqiyotimiz yillarida esa qishloqlarimizda 2 million 600 mingdan ziyod yosh oila paydo bo‘ldi va ular o‘z uyiga ega bo‘lishga ehtiyoj sezmoqda. Shu munosabat bilan hozirgi kunda qishloq joylarida yakka tartibda uy-joy qurish bo‘yicha uzoq yillar mobaynida shakllangan yondashuvlar, usul va amaliyotni qayta ko‘rib chiqish vaqti kelgani, buni hayotning o‘zi ilgari surayotgani yanada yaqqol ayon bo‘lmoqda.

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan Qishloq joylarida namunaviy loyihalar asosida yakka tartibdagi uy-joylar qurish dasturining muhim xususiyatlari, dolzarbligi, unga bo‘lgan talab va ehtiyojning prinsipial xususiyatlari nimalardan iborat?

Bu borada birinchi navbatda hal etish lozim bo‘lgan prinsipial masalalardan biri – uy-joy qurilishining qonunchilik, huquqiy va normativ bazasini tubdan qayta ko‘rib chiqish hamda isloh etishdan iborat edi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlangan xususiy mulkning daxlsizligi haqidagi prinsipga asoslangan holda qabul qilingan Uy-joy va Shaharsozlik kodekslari, O‘zbekiston Respublikasining «Ipoteka to‘g‘risida»gi qonuni, boshqa qonun va me’yoriy hujjatlarda mulkdorning uy-joy hamda u barpo etilgan yer uchastkasiga muddatsiz egalik qilish va uni meros qilib olish huquqi mustahkamlab qo‘yilgan.

Qishloq aholisiga yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkalari bir oilaga 6 sotix hisobida umrbod meros qilib olish huquqi bilan bepul ajratilayotganini alohida ta’kidlashni istardim. Bu esa bizning yer resurslarimiz cheklangan sharoitda nihoyatda katta ahamiyatga egadir.

Tasdiqlangan me’yoriy hujjatlarga muvofiq, qishloq joylarida uy-joy massivlarini qurish ishlari yakka tartibda uy-joy quruvchi tashkilotlar tomonidan ishlab chiqilgan va ma’qullangan namunaviy loyihalar asosida, muhandislik-kommunikatsiya, ijtimoiy va bozor infratuzilmasi ob’ektlari bilan birgalikda barpo etilmoqda. Respublika va mahalliy byudjetlar hisobidan avtomobil yo‘llari, ichki kommunikatsiya tarmoqlarini qurish, suv, gaz va energiya ta’minotini yo‘lga qo‘yish albatta amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim shartlardandir.

Yangi uy-joy massivlarida yashaydigan aholi soni inobatga olinib, maktablar, bolalar bog‘chalari, qishloq vrachlik punktlari, savdo shoxobchalari va sport inshootlari ham namunaviy loyihalar asosida barpo etilmoqda.

Qishloqlarda uy-joy komplekslarini qurishda muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan bir qatorda yangi turdagi servis va elektron xizmatlar ko‘rsatish ob’ektlarini barpo etish hamda ishga tushirish ham alohida e’tiborga loyiq masalalardandir.

Bu bilan men nima demoqchiman?

Bu o‘rinda yangi, zamonaviy uy-joylar barpo etish bilan birga qishloqdagi uylar, qishloqdagi oilalarga eng zamonaviy kompyuterlar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, zamonaviy telekommunikatsiya tizimi, internet kirib borayotgani haqida so‘z bormoqda.

Eng asosiysi, qishloq aholisi uchun deyarli yangi bo‘lgan bunday turdagi xizmatlar odamlar ehtiyojini ta’minlash bilan birga, qishloq kasb-hunar kollejlarida ta’lim olgan va kasb egallagan minglab, o‘n minglab yigit-qizlarni ish bilan band etish imkonini bermoqda.

Farzandlarimiz, unib-o‘sib kelayotgan yosh avlod uchun bu qanchalik muhim ahamiyatga ega ekanini o‘zingizga bir tasavvur qiling. Buni so‘z bilan ifoda etib bo‘lmaydi.

Shu o‘rinda yakka tartibda uy-joy qurilishiga kredit ajratish mexanizmiga e’tibor qaratishni istardim. Qishloqda yashaydigan odam uyning namunaviy loyihasini tanlaganidan so‘ng dastlabki badal sifatida uy qiymatining 25 foizi miqdoridagi o‘z mablag‘ini to‘laydi. Unga qulay shartlar asosida uzoq muddatga – 15-yilga imtiyozli foiz stavkasi bo‘yicha – birinchi yil belgilangan foizni to‘lamaslik sharti bilan – 7 foiz miqdoridagi ipoteka krediti beriladi. Bu Markaziy bankning yillik 12 foiz miqdorida belgilangan qayta moliyalash stavkasidan ancha pastdir.

Qishloq joylarida yakka tartibda uy-joy qurish bo‘yicha kompleks ishlarni amalga oshirish uchun yaxlit institutsional tuzilma tashkil etildi.

Namunaviy uy-joylarni loyihalashtirish, ijtimoiy va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasiga ega bo‘lgan uy-joy massivlarini kompleks qurish rejasini ishlab chiqish “Qishloq qurilish loyiha” ixtisoslashtirilgan loyiha-tadqiqot instituti zimmasiga yuklangan. Shu bilan birga, mazkur institut qurilish ishlari bajarilishi ustidan mualliflik nazoratini ham amalga oshirmoqda.

Namunaviy loyihalar asosida yakka tartibdagi uy-joylar qurilishini kredit asosida moliyalashni shu maqsadda tashkil etilgan “Qishloq qurilish bank” aksiyadorlik-tijorat banki amalga oshirmoqda. Uning nizom jamg‘armasi bugungi kunda qariyb 130 million dollar miqdoridagi mablaqqa tengdir.

Mazkur bank tashkil etilganidan buyon o‘tgan to‘rt yil mobaynida qishloqda 23,6 ming nafar yakka tartibda uy-joy quruvchiga qiymati 677 million dollardan ziyod ipoteka kreditlari berildi.

Bank nafaqat aholi, balki qishloqda uy-joy va ishlab chiqarish hamda ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarini barpo etayotgan qurilish tashkilotlari, shuningdek, qishloq qurilishida foydalaniladigan zamonaviy materiallar va konstruksiyalar ishlab chiqaruvchi korxonalarni ham kredit bilan ta’minlamoqda.

Qishloq joylarida yakka tartibda uy-joy qurish dasturini amalga oshirishda mamlakatimizning boshqa banklari – Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va “Ipoteka bank” aksiyadorlik-tijorat banki ham faol ishtirok etmoqda.

Uy-joylarni namunaviy loyihalar asosida tayyor holda topshirish sharti bilan qurish borasidagi hamma ishlar “Qishloq qurilish invest” ixtisoslashtirilgan injiniring kompaniyasi zimmasiga yuklangan. Yagona buyurtmachi bo‘lgan ushbu kompaniya mamlakatimizning barcha hududlarida o‘z filiallariga ega bo‘lib, u qishloq joylarida uy-joy massivlarini sifatli qurish bo‘yicha yagona siyosatni amalga oshirmoqda.

Shu bilan birga, mamlakatimiz hududlarida tashkil etilgan 900 dan ortiq yangi ixtisoslashtirilgan pudratchi qurilish tashkilotlarida bugungi kunda 20 ming nafarga yaqin quruvchi mehnat qilmoqda, zamonaviy qurilish materiallari, konstruksiyalar, yog‘och pol, deraza panjaralari, tom yopish va boshqa materiallar ishlab chiqaradigan 60 dan ziyod korxona tashkil qilindi. Keng ko‘lamli imtiyoz va preferensiyalar tizimi yaratildi.

“Qishloq qurilish bank” kreditlari hisobidan yakka tartibda uy-joy qurayotgan qishloq aholisi ipoteka kreditlarini qaytarish va ularning ustama foizlarini qoplashga yo‘naltiriladigan daromad soliqlarini to‘lashdan ozod etilgan. Bundan tashqari, ular sotib olgan uy-joydagi mulk uchun ipoteka kreditini to‘liq to‘lagunga qadar soliq to‘lashdan ozod etildi.

Qishloq joylarida uy-joy qurishda ishtirok etayotgan “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi, pudratchi tashkilotlar va qurilish materiallari ishlab chiqaradigan ixtisoslashtirilgan korxonalar barcha turdagi soliqlar hamda maqsadli davlat fondlariga majburiy ajratmalar, shuningdek, olib kelinayotgan qurilish texnikasi va kichik mexanizatsiya vositalari uchun bojxona to‘lovlarini to‘lashdan ozod etilgan. Bu esa qishloq aholisi uchun qurilayotgan uy-joylar qiymatini sezilarli ravishda kamaytirish imkonini bermoqda. Bunday uy-joylarning bir kvadrat metri shahardagi uy-joy qiymatidan bugungi kunda o‘rtacha 2 barobar pastdir.

E’tiboringizni yana bir masalaga qaratmoqchiman. 2009-2012-yillarda namunaviy loyihalar asosida uy-joy qurish bo‘yicha maxsus dasturning amalga oshirilishi natijasida mamlakatimizning 159 ta qishloq tumanida 650 ta yangi qishloq uy-joy massivi barpo etildi, umumiy maydoni 3,2 million kvadrat metr bo‘lgan 23,6 mingdan ortiq yakka tartibdagi uy-joy qurildi. Ushbu maqsadlarga 1,2 milliard dollardan ziyod miqdordagi investitsiyalar yo‘naltirildi. Uzunligi 732 kilometr asfaltlangan avtomobil yo‘llari, mingdan ziyod ijtimoiy va bozor infratuzilmasi ob’ektlari barpo etildi.

Hozirgi vaqtda mamlakatimizda qishloq aholisini markazlashgan tarmoqlar orqali toza ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasi 75,8 foizni, tabiiy gaz bilan ta’minlash darajasi esa 76,2 foizni tashkil etmoqda.

Joriy yilda ham qishloq joylarida uy-joylarni keng ko‘lamda qurish ishlari ko‘zda tutilgan. 353 ta qishloq massivi hududida boshlangan qurilish ishlari jadal davom ettirilmoqda. Ularda namunaviy loyihalar asosida umumiy maydoni 1,4 million kvadrat metr bo‘lgan 10 mingta barcha qulay shart-sharoitlarga ega uy-joy qurish ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 17,5 foiz ko‘pdir. Ayni paytda uzunligi 300 kilometrdan ortiq ichimlik suvi tarmoqlari va 280 kilometrdan ziyod elektr tarmoqlari ishga tushiriladi, qariyb 240 kilometrlik avtomobil yo‘llari quriladi, keng ko‘lamli ijtimoiy va bozor infratuzilmasi yaratiladi. Bu maqsadlar uchun 2013-yilda salkam bir milliard dollar miqdoridagi investitsiya yo‘naltiriladi.

Qishloqda qurilish hajmi ortib borayotgani munosabati bilan zamonaviy qurilish sanoati rivojlanmoqda, yangi ish o‘rinlari tashkil etilmoqda, aholi bandligi ta’minlanib, uning daromadi va farovonligi tobora oshmoqda.

Biz uchun ayniqsa yangicha asosda mulkdorlar sinfi shakllanayotgani, qishloqlarimiz qiyofasi ko‘z o‘ngimizda tubdan o‘zgarib borayotgani, odamlarning madaniyati yuksalib, ularning turmush tarzi, ongu tafakkuri va mentaliteti o‘zgarayotgani beqiyos ahamiyatga egadir.

Yangi va zamonaviy sharoitlarda voyaga yetayotgan, eski tuzumning barcha asoratlaridan xoli bo‘lgan, o‘z kelajagiga qat’iy ishonadigan, yuksak bilimli, mustaqil fikrlaydigan, barkamol o‘g‘il-qizlar haqli ravishda bizning g‘ururimizdir.

Bunday avlod bilan haqiqatan ham faxrlanish va eng dadil istiqbol rejalarini tuzish mumkin.

Qishloq joylarida namunaviy loyihalar asosida uy-joy qurish bo‘yicha maxsus dasturni amalga oshirishda Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Jahon banki kabi ko‘plab nufuzli xalqaro moliya institutlari va tashkilotlari ham faol ishtirok etayotganini alohida mamnuniyat bilan ta’kidlashni istardim. 2011-yilda Osiyo taraqqiyot banki Direktorlar kengashi tomonidan jami 500 million AQSh dollari miqdoridagi “O‘zbekistonda qishloq joylarida uy-joylar qurishni rivojlantirish” loyihasini ko‘p transhli moliyalash dasturi ma’qullandi. 2012-yilda dastlabki transh doirasida 160 million dollar ajratilgan bo‘lsa, joriy yilda ushbu mablag‘ning 200 million dollarlik ikkinchi transhi taqdim etiladi.

Fursatdan foydalanib, ushbu yuksak minbardan turib Osiyo taraqqiyot banki va boshqa xalqaro tuzilmalar rahbariyatiga bizga mazkur strategik muhim vazifani amalga oshirishda ko‘rsatayotgan qimmatli yordami uchun chuqur minnatdorligimizni izhor etmoqchiman.

Hurmatli konferensiya qatnashchilari!

Xonimlar va janoblar!

O‘zbekistonda ishlab chiqilgan va amalga oshirilayotgan qishloq joylarida yakka tartibdagi uy-joylarni qurish dasturini mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan demokratik o‘zgarish va yangilanishlar jarayonlaridan ayri holda tasavvur etib bo‘lmaydi.

Bugungi kunda O‘zbekistonning biz tanlab olgan ijtimoiy yo‘naltirilgan demokratik davlat barpo etish yo‘lidan jadal ilgarilab borayotgani, puxta o‘ylangan siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari, tub o‘zgarishlarni tadrijiy, bosqichma-bosqich joriy etish strategiyasi tanlangani va izchil amalga oshirilayotgani shunday mustahkam va ishonchli asos bo‘lib xizmat qilmoqdaki, uning negizida milliy iqtisodiyotimiz barqaror hamda jadal rivojlanmoqda, aholi daromadlari va hayot darajasi muttasil oshib bormoqda, mamlakatimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tibori yuksalmoqda, deb to‘la ishonch bilan aytishimiz mumkin.

Bu borada aniq raqamlarni keltirmoqchiman.

Global moliyaviy-iqtisodiy inqirozga qaramasdan, O‘zbekiston iqtisodiyoti dunyodagi sanoqli davlatlar qatori yuksak barqaror o‘sish sur’atlariga erishmoqda. So‘nggi 6-yilda mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining yillik o‘sish sur’atlari 8 foizdan ziyodni tashkil etmoqda. Davlat byudjetining barqaror profitsit bilan bajarilishi, oltin-valyuta zaxirasining yetarliligi ta’minlanmoqda. Tashqi qarz yalpi ichki mahsulotga nisbatan 12 foizdan oshmasdan, pastligicha qolmoqda.

Davlat byudjetining ijtimoiy yo‘naltirilgani uning o‘ziga xos xususiyati bo‘lib qolmoqda. Davlat sarf-xarajatlarining qariyb 60 foizi ijtimoiy sohalarni moliyalashga, jumladan, 34 foizi ta’lim, 15 foizdan ortig‘i sog‘liqni saqlash sohasiga yo‘naltirilmoqda.

Bank tizimi ham ishonchli va barqaror faoliyat ko‘rsatmoqda. Bugungi kunda bank kapitalining yetarlilik darajasi 24 foizni tashkil qilmoqda va bu ko‘rsatkich dunyoda umumiy qabul qilingan xalqaro standartlardan 3 barobar ko‘pdir. 2012-yil yakuni bo‘yicha bank tizimining likvidligi talab etilgan eng kam darajadan 2 barobar yuqori bo‘ldi.

Har yili yangi, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalarni modernizatsiya qilish va yangilash bo‘yicha yuzlab yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Mamlakatimizda 2000-yilga nisbatan investitsiyalarning yillik o‘sishi 4 barobar oshdi va so‘nggi yillarda o‘rtacha kamida 12 milliard dollarni tashkil etmoqda. Investitsiya mablag‘larining qariyb 78 foizi – shunga alohida e’tibor berishingizni so‘rardim – ichki manbalar hisobidan shakllantirilmoqda, jumladan, investitsiyalar umumiy hajmining 21 foizini aholi omonatlari tashkil etmoqda.

2012-yilda jami investitsiyalarning 22 foizdan ortig‘i yoki 2,5 milliard dollardan ko‘prog‘ini xorijiy investitsiyalar tashkil etdi. Ularning 80 foizga yaqini to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalaridir. Bu, o‘z navbatida, xorijlik investorlarning O‘zbekistonga, mamlakatimizda biznes uchun yaratilgan shart-sharoitlarga ishonchi tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.

Aholining banklardagi omonatlari hajmi o‘tgan 2012-yilda 35 foizga, 2000-yilga nisbatan esa 60 barobar oshdi.

O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tashkil etildi va ayni paytda uning kapitali 15 milliard dollarga yetdi.

Bularning barchasi O‘zbekiston o‘zi tanlagan zamonaviy demokratik va iqtisodiyoti rivojlangan davlatlar qatoriga kirish, aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratib berish va jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallash yo‘lidan qat’iy ishonch bilan borayotganining yana bir tasdig‘idir.

Qadrli do‘stlar!

Mazkur anjuman kun tartibiga kiritilgan masalalarni to‘liq muhokama etish, ushbu serqirra muammoning barcha jihatini qamrab olish imkoni yo‘qligini barchamiz yaxshi tushunamiz.

Qishloqda uy-joy qurilishini yanada rivojlantirish bo‘yicha o‘z strategiyamizni shakllantirishda konferensiya qatnashchilari tomonidan boshqa mamlakatlarda bu borada to‘plangan qimmatli tajribani e’tiborga olgan holda bildiriladigan tilak va takliflarni eshitish biz uchun juda foydali va muhimdir.

Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, O‘zbekiston barcha xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari, chet el banklari va kompaniyalari, olimlar hamda ekspertlar bilan o‘z oldiga qo‘ygan maqsadni ro‘yobga chiqarish – qishloqlarimiz qiyofasini tubdan o‘zgartirish, qishloq aholisining hayot darajasi va sifatini yanada izchil oshirish, ularni rivojlangan davlatlardagi standartlarga yaqinlashtirishda hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdordir.

Muhtaram mehmonlar va xalqaro konferensiya ishtirokchilari, sizlarning timsolingizda, biz, avvalo, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va mamlakatni modernizatsiya qilish yo‘lida erishilayotgan yutuqlardan chin dildan manfaatdor bo‘lgan insonlarni ko‘rib turibmiz.

Fursatdan foydalanib, Sizlarga o‘zimning chuqur hurmatim va samimiy minnatdorligimni yana bir bor izhor etmoqchiman.

Konferensiyaning barcha qatnashchilariga anjuman ishi samarali bo‘lishini, aziz mehmonlarimizning saxovatli o‘zbek zaminiga tashrifi mazmunli o‘tishini hamda barchangizga mustahkam sog‘liq va faoliyatingizda muvaffaqiyatlar tilayman.

E’tiboringiz uchun rahmat.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 17.11.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati