ShHT ning Bishkek sammiti
13.09.2013
ShHT ning Bishkek sammiti Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 12-13-sentabr kunlari Bishkekda o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etdi.

Sammitning asosiy tadbirlari 13-sentabr kuni bo‘lib o‘tdi. ShHTga a’zo Davlat rahbarlari kengashining majlisi tor doiradagi uchrashuv bilan boshlandi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atamboyev, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon ishtirok etdi.

Majlisda xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar, shuningdek, ShHTni yanada rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Shanxay hamkorlik tashkiloti amaliy muloqot va mintaqaviy hamda global muammolarni hal etishning samarali yo‘llarini birgalikda topish uchun qulay imkoniyat ekani ta’kidlandi.

Tashkilotga a’zo davlat rahbarlari majlisni kengaytirilgan tarkibda davom ettirdilar. Ularga kuzatuvchi davlatlar va xalqaro tashkilotlar vakillari ham qo‘shildi.

Xalqaro munosabatlarda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash masalalari, zamonaviy siyosat va iqtisodiyotning bugungi holatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatayotgan shiddatli jarayonlar ro‘y berayotgani qayd etildi. Global xavf va tahdidlarga qarshi birgalikda samarali kurashish, ShHT makonida barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlash vazifalari ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.

ShHTga a’zo davlatlar xalqaro terrorizm, separatizm va ekstremizm, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, narkotik moddalar, psixotrop moddalar va ularning prekursorlarining noqonuniy aylanishiga, axborot xavfsizligiga tahdid solayotgan xavflarga qarshi faol hamda izchil kurashmoqda. Ushbu sohalardagi hamkorlikning normativ bazasini yanada takomillashtirishni qo‘llab-quvvatlamoqda.

Prezidentimiz Islom Karimov o‘z nutqida majlis ishtirokchilari e’tiborini Suriya va Afg‘onistonda ro‘y berayotgan voqealarga qaratdi. Xunrezliklar Suriyadan tashqariga yoyilishiga yo‘l qo‘ymaslik darkor. Afg‘oniston muammosini harbiy yo‘l bilan bartaraf etib bo‘lmaydi, uning siyosiy yechimini topish, BMT shafeligida muzokaralar o‘tkazish va qarama-qarshi kuchlarning murosaga kelishiga erishish bu boradagi yagona to‘g‘ri yo‘ldir. O‘zbekiston Afg‘oniston bilan munosabatlarni faqat ikki tomonlama asosda yo‘lga qo‘yadi.

O‘zbekiston rahbari yirik qo‘shma loyihalarni, ayniqsa, transport-kommunikatsiya sohasidagi loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish, ShHT Taraqqiyot jamg‘armasi va Rivojlanish bankini tashkil etish muhimligini ta’kidladi. Islom Karimov Orolbo‘yi mintaqasida murakkab ekologik vaziyat yuzaga kelganini qayd etar ekan, Shanxay hamkorlik tashkiloti va Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi o‘rtasida hamkorlik mexanizmlarini ishlab chiqish, ekologik muammolarni hal etishda ShHT salohiyati va imkoniyatlaridan foydalanish zarurligiga e’tiborni qaratdi.

Sammit ishtirokchilari milliy iqtisodiyotlarni yanada modernizatsiya qilish, investitsion hamkorlikni rivojlantirish, transportda tashish, kommunikatsiyalar, innovatsion texnologiyalar, agrosanoat sohalarida o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash zarurligini ta’kidladi. ShHT makonida yashayotgan xalqlar manfaati yo‘lida yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlikni, ma’naviy yaqinlik, madaniyatlararo muloqotni rivojlantirishga xizmat qiladigan ilmiy-texnik va madaniy-gumanitar, turizm sohalaridagi hamkorlikni yanada mustahkamlash muhimligi qayd etildi.

Davlat rahbarlari kengashi majlisi yakunlari bo‘yicha qabul qilingan Bishkek deklaratsiyasida amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishga oid asosiy yondashuvlar, ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish uchun barcha sa’y-harakatlarni yo‘naltirishga qaratilgan mushtarak intilishlar o‘z ifodasini topgan.

Davlat rahbarlari ShHTga a’zo mamlakatlarning uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha 2013-2017-yillarga mo‘ljallangan harakat rejasini imzoladilar.

Sammitda ShHTga a’zo mamlakatlar hukumatlari o‘rtasida ilmiy-texnikaviy hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining majlisidagi ishtiroki doirasida davlatimiz rahbari va Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atamboyevning uchrashuvi bo‘ldi.

Ikki davlat rahbarlari ShHT sammitini yuksak saviyada tayyorlash va o‘tkazish borasida Qirg‘iziston tomoni amalga oshirgan sa’y-harakatlar xususida fikr almashdilar.

Prezident Islom Karimov davlat rahbarlari darajasida imzolash uchun tayyorlangan ShHT doirasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash va tashkilot faoliyatini takomillashtirishga yo‘naltirilgan qator hujjatlarning qabul qilinishi muhim ekanligini ta’kidladi.

Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hamkorlikka doir masalalarga ham alohida e’tibor qaratildi.

Tomonlar o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, ikki tomonlama transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan aniq taklif va chora-tadbirlarni muhokama qildilar.

Chegara hududlarda birgalikdagi sa’y-harakatlar uchun sharoitlarni yaxshilash, shuningdek, ikki davlatning yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini rivojlantirishga bevosita daxldor bo‘lgan boshqa masalalar yuzasidan o‘zaro kelishuvga erishildi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati