Oqsaroyda qabul
13.07.2009
Oqsaroyda qabul O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 13 iyul kuni Oqsaroyda Amerika Qo’shma Shtatlari Davlat kotibining siyosiy masalalar bo’yicha o’rinbosari Uilyam Bernsni qabul qildi.

Mamlakatimiz rahbari ushbu uchrashuv tomonlarni qiziqtirgan ikki va ko’p tomonlama hamkorlik masalalari xususida fikr almashish uchun qulay imkoniyat ekanini ta’kidladi.

– Tashrifingizni ikki mamlakatning uzoq muddatli manfaatlarini inobatga olgan holda O’zbekiston bilan amaliy va samarali hamkorlikni yanada rivojlantirishga AQSh tayyor ekanining tasdig’i deb bilamiz, – dedi Islom Karimov.

O’zbekiston- AQSh munosabatlari xalqaro va mintaqaviy siyosatni, jumladan, transmilliy tahdidlarga qarshi kurashish hamda mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashga oid keng ko’lamli masalalarni qamrab olgan. Mamlakatlarimiz Afg’onistonda tinchlik va barqarorlik o’rnatish, ushbu mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy tiklash ishlarida hamkorlik qilib kelmoqda. O’zbekiston hududi orqali Afg’onistonga noharbiy va gumanitar yuklar yetkazib berilmoqda.

O’zbekiston va AQSh o’rtasidagi munosabatlarda o’zaro manfaatli savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida ahamiyat beriladi.

Oqsaroydagi uchrashuvda U.Berns samimiy qabul uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi va AQShning hozirgi ma’muriyati O’zbekiston bilan hamkorlikni barcha sohalarda rivojlantirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.

Muloqot chog’ida O’zbekiston- AQSh munosabatlariga doir hamda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar yuzasidan fikr almashildi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati