Oqsaroyda qabul
04.09.2009
Oqsaroyda qabul O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 4 sentabr kuni Oqsaroyda “ MAN” kompaniyalar guruhi Direktorlar kengashi raisi Xokan Samuelssonni qabul qildi.

– “ MAN Nutzfahrzeuge AG” konserni bilan “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani siz rahbarlik qilayotgan “ MAN” kompaniyalar guruhining mamlakatimiz avtomobilsozlik sanoatiga qiziqishidan dalolatdir, – dedi davlatimiz rahbari.

Samarqanddagi “SamAvto” zavodi hududida tashkil etilgan “JV MAN Auto-Uzbekistan” O‘zbekiston-Germaniya qo‘shma korxonasi MDHda birinchi bo‘lib joriy yil 4 sentabrdan “ MAN” rusumidagi yuk avtomobillari ishlab chiqara boshladi. Birinchi bosqichda qo‘shma korxonada neft-gaz, avtomobilsozlik, yo‘lsozlik, konchilik sanoati va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari ehtiyojlari uchun turli quvvatga ega yuk avtomobillari va ag‘darma mashinalar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish rejalashtirilgan. Jahonda moliyaviy-iqtisodiy inqiroz davom etayotganiga qaramay, O‘zbekistonda bu sohalarda ishlab chiqarishning yuqori o‘sish sur’ati, infratuzilmaning kengayib borayotgani va avtomobil parklarini yangilashga ehtiyoj ortayotgani kuzatilmoqda.

Yangi tuzilgan qo‘shma korxona faoliyatining ilk davrida yiliga 2000 dona avtotransport vositasi ishlab chiqaradi. Dastlabki bosqichda ishlab chiqarish Samarqand avtomobil zavodi bilan hamkorlikda olib boriladi.

MAN Nutzfahrzeuge AG” konserni kelgusida “JV MAN Auto-Uzbekistan” mahsulotlarini MDH mamlakatlaridagi o‘z distribyutorlari orqali eksport qilishni rejalashtirmoqda.

Oqsaroydagi uchrashuvda X.Samuelsson samimiy qabul uchun mamlakatimiz Prezidentiga minnatdorlik bildirib, “ MAN” kompaniyalar guruhi “O‘zavtosanoat” kompaniyasi bilan hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston avtomobilsozlik sanoati korxonalari bilan “ MAN” kompaniyalar guruhi o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish masalalari, birgalikda yangi loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati