Oqsaroyda qabul
08.10.2009
Oqsaroyda qabul O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 8 oktabr kuni Oqsaroyda Shveysariya Konfederatsiyasining Federal maslahatchisi, Federal tashqi ishlar departamenti rahbari Mishlin Kalmi-Rey xonimni qabul qildi.

Mamlakatimiz rahbari O‘zbekiston-Shveysariya munosabatlari izchil rivojlanib borayotganini, ushbu uchrashuv ikki tomonlama hamkorlikka oid turli masalalar yuzasidan fikr almashish uchun qulay imkoniyat ekanini ta’kidladi.

Shveysariya Yevropa davlatlari orasida birinchilardan bo‘lib Toshkentda o‘z diplomatik vakolatxonasini ochgan. Ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlar savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik, sarmoyalarni rag‘batlantirish va o‘zaro himoyalash, ikki tomonlama soliqdan qochish to‘g‘risidagi qator hukumatlararo bitimlarga asoslanadi. Mamlakatlarimiz o‘rtasida eng ko‘p qulaylik yaratish tizimi joriy qilingan.

O‘zbekistonda Shveysariya sarmoyasi ishtirokida yuzga yaqin qo‘shma korxona tuzilgan. Ushbu mamlakatning 35 firma va kompaniyasi yurtimizda o‘z vakolatxonasini ochgan. Toshkentda 1995 yildan buyon “Kredi Sviss” banki vakolatxonasi ish yuritadi.

Texnikaviy-moliyaviy va gumanitar hamkorlik to‘g‘risidagi hujjatga binoan qo‘shma ijtimoiy-iqtisodiy loyihalar amalga oshirilmoqda. O‘tgan yillar davomida milliy va mintaqaviy ahamiyatga molik yigirmadan ziyod loyiha hayotga tatbiq etildi, o‘ndan ortiq loyihaning ijrosi davom etmoqda. Bu loyihalar suv va issiqlik ta’minoti tizimlarini barpo etish va ta’mirlash, kasb-hunar ta’limini rivojlantirish kabi sohalarni qamrab olgan.

Muloqot chog‘ida dolzarb xalqaro siyosiy va mintaqaviy muammolar ham muhokama qilindi.

Oqsaroydagi uchrashuvda Mishlin Kalmi-Rey samimiy qabul uchun mamlakatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi, Shveysariya O‘zbekiston bilan hamkorlikni yuksak qadrlashi va izchil rivojlantirish tarafdori ekanini ta’kidladi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati