Oqsaroyda qabul
09.10.2009
Oqsaroyda qabul O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 9 oktabr kuni Oqsaroyda “General Motors International Operations” prezidenti, “General Motors” korporatsiyasi ijrochi vitse-prezidenti Nik Raylini qabul qildi.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston avtosanoati bilan “General Motors” o‘rtasidagi hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini, ushbu uchrashuv hamkorlikni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashish uchun yaxshi imkoniyat ekanini ta’kidladi.

Muzokara chog‘ida yangi model liniyasini tashkil qilish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni kengaytirish, mahsulot eksporti hajmini oshirish, eksport bozorlaridagi savdo strategiyasini takomillashtirish, avtomobilsozlik sanoatida hamkorlikni rivojlantirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekistonda avtomobilsozlik sanoati muttasil rivojlanayotgan sohalardan biridir. “General Motors” bilan hamkorlik boshlangan nisbatan qisqa davrda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish borasida salmoqli ishlar qilindi, jumladan, yangi avtomobillar modellarini ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. Mamlakatimiz avtosanoatining strategik sherigi bo‘lgan ushbu korporatsiya butlovchi qismlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish loyihalarini amalga oshirish uchun yangi sarmoyadorlarni jalb etishda muhim rol o‘ynaydi.

Oqsaroydagi uchrashuvda Nik Rayli samimiy qabul uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi, “General Motors” korporatsiyasi o‘zbekistonlik sheriklar bilan hamkorlikni yuksak qadrlashini, uni izchil rivojlantirish tarafdori ekanini ta’kidladi.

Uchrashuvda hamkorlikning hozirgi darajasidan mamnuniyat izhor etilib, uni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari va o‘rta muddatli istiqbolga mo‘ljallangan aniq rejalar belgilab olindi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati