Oqsaroyda qabul
12.10.2009
Oqsaroyda qabul O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 12 oktabr kuni Oqsaroyda AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi Robert Bleykni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston-AQSH munosabatlari ko‘plab sohalardagi hamkorlikni, shuningdek, transmilliy tahdidlarga qarshi kurashish, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash kabi keng ko‘lamdagi xalqaro masalalarni qamrab olishini qayd etdi.

Mamlakatlarimiz Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlik o‘rnatish, Afg‘onistonni iqtisodiy tiklash ishlarida hamkorlik qilib kelmoqda. O‘zbekiston hududi orqali Afg‘onistonga noharbiy va gumanitar yuklar yetkazib berilmoqda.

Robert Bleyk samimiy qabul uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi, AQSH ma’muriyati O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston-AQSH munosabatlarini yanada rivojlantirishga doir hamda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar yuzasidan fikr almashildi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 20.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati