Oqsaroyda qabul
06.04.2010
Oqsaroyda qabul O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 6 aprel kuni Oqsaroyda AQSH Qurolli Kuchlari Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondoni Devid Petreusni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasidagi bugungi munosabatlar mustahkam va barqaror ekanini, ushbu munosabatlarni istiqbolda konstruktiv va tenglik asosida yanada rivojlantirish imkoniyatlari mavjudligini ta’kidladi.

O‘zbekiston va AQSH Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirishda, bu mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy tiklashda hamkorlik qilib kelmoqda. Mamlakatimiz Afg‘onistonga elektr energiyasi, qurilish materiallari va oziq-ovqat ta’minotida amaliy yordam ko‘rsatmoqda, transport infratuzilmasini barpo etish va yo‘lga qo‘yishda ishtirok etmoqda.

Oqsaroydagi uchrashuvda Devid Petreus samimiy qabul uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirib, AQSH ma’muriyati ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashdan manfaatdor ekanini, shuningdek, O‘zbekiston rahbarining qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish borasidagi tashabbuslari muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga oid hamda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar yuzasidan fikr almashildi.

                o`zb   рус   eng
Bugun: 14.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati