Hamkorlik masalalari muhokamasi
23.04.2010
Hamkorlik masalalari muhokamasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 23 aprel kuni Oqsaroyda Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar xavfsizlik kengashlari kotiblari, shuningdek, SHHT Bosh kotibi M.Imonaliyev va SHHT MATT Ijroiya qo‘mitasi direktori J.Jumanbekovni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari SHHT faoliyatining mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha ko‘p tomonlama kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirish kabi yo‘nalishlaridagi hamjihatlik yuksak natijalar berayotganidan mamnuniyat izhor etib, ularni muvofiqlashtirishda ushbu nufuzli xalqaro tashkilotga a’zo davlatlar xavfsizlik kengashlari muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov hozirgi davrda SHHTning nufuzi, faoliyatining ahamiyati oshib borayotgani haqida so‘z yuritar ekan, mintaqaviy va global xavfsizlik muammolarini hal etishda, xalqaro terrorizm, ayirmachilik, ekstremizm va narkotrafikka, shuningdek, strategik muhim mintaqa bo‘lgan Markaziy Osiyodagi boshqa tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashishda mazkur tashkilotning roli tobora kuchayib borayotganini qayd etdi.

Mamlakatimiz rahbariyatining tashabbusi bilan 2004 yilda tashkil etilgan SHHTga a’zo mamlakatlar xavfsizlik kengashlari kotiblarining uchrashuvi instituti hozirgi sharoitda mintaqamizda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lida o‘zaro kelishilgan chora-tadbirlar ishlab chiqishda muhim mexanizmga aylandi.

Joriy yil iyun oyining birinchi yarmida Toshkentda o‘tkazilishi mo‘ljallanayotgan SHHT sammiti arafasidagi tadbirlar doirasida mazkur tashkilotning turli tuzilmalari tomonidan qarorlar qabul qilish mexanizmi samaradorligini oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Uchrashuv qatnashchilari SHHTga a’zo mamlakatlarning mintaqaviy rivojlanishning ko‘plab dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorligini takomillashtirishga qaratilgan konstruktiv fikr almashish muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladilar. Bunda, ayniqsa, 2010 yil 5 aprel kuni Toshkent shahrida imzolangan SHHT va BMT Kotibiyatlari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya asosida BMTning tegishli antiterror bo‘linmasi bilan hamkorlik muhim ahamiyat kasb etadi.

Oqsaroydagi uchrashuvda mehmonlar samimiy qabul uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirib, mamlakatimiz rahbariyati tomonidan ko‘plab sohalarda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishda, ayniqsa O‘zbekiston Respublikasining SHHTga raisligi davrida, ushbu tashkilot faolligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar alohida ahamiyatga ega ekanini ta’kidladilar.

Suhbat chog‘ida SHHT Davlat rahbarlari kengashining majlisiga tayyorgarlikning borishi to‘g‘risida, umummintaqaviy ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa masalalar xususida fikr almashildi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 20.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati