Oqsaroyda qabul
23.04.2010
Oqsaroyda qabul O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 23 aprel kuni Oqsaroyda Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi a’zosi, jamoat xavfsizligi vaziri Men Szyanchjuni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston-Xitoy munosabatlarining ustuvor yo‘nalishlari siyosiy aloqalarni rivojlantirish, mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash borasidagi hamkorlikni, jumladan, SHHT doirasida yanada faollashtirish, o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirishdan iborat ekanini ta’kidladi.

Mehmon ta’kidlaganidek, mamlakatimiz rahbariyati tomonidan ko‘plab sohalarda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishda, ayniqsa O‘zbekiston Respublikasining SHHTga raisligi davrida, ushbu tashkilot faolligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xalqaro miqyosda keng qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Prezidentimiz O‘zbekiston ham Xitoy kabi qurolli mojarolar davom etayotgan hududlarga yaqin joylashgani bois mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashga strategik muhim ahamiyatga ega vazifa sifatida qarashini qayd etdi.

Uchrashuvda SHHT doirasidagi hamkorlik samaradorligini oshirish maqsadida tashkilot va uning tuzilmaviy bo‘linmalarining nufuzini oshirishga qaratilgan qarorlar qabul qilish mexanizmlarini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.

Men Szyanchju samimiy qabul uchun Prezidentimizga minnatdorlik izhor etib, O‘zbekiston raisligida SHHT doirasida rejalashtirilayotgan tadbirlar, shu jumladan, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Xu Szintaoning O‘zbekiston Respublikasiga davlat tashrifi yuksak saviyada o‘tishiga ishonch bildirdi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati