Hamkorlik izchil rivojlanmoqda
30.04.2010
Hamkorlik izchil rivojlanmoqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 30 aprel kuni, Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Boshqaruvchilar kengashining 43-yillik majlisi arafasida Oqsaroyda OTB prezidenti Xaruxiko Kurodani qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, mamlakatimiz bilan ko‘p yillardan buyon yaqin hamkorlik qilib kelayotgan OTB haqli ravishda eng nufuzli va yetakchi xalqaro moliya muassasalaridan biri ekanini ta’kidladi. Bankning O‘zbekiston bilan izchil amalga oshirib kelayotgan hamkorlik strategiyasi buning tasdig‘idir.

– Osiyo taraqqiyot bankining navbatdagi majlisiga mezbon sifatida Toshkent tanlangani uchun Sizga minnatdorlik bildirishga ijozat bergaysiz. Bunday nufuzli xalqaro anjumanning Toshkentda o‘tkazilishi mamlakatimiz uchun katta sharaf, ayni paytda tarixiy voqeadir. Osiyo taraqqiyot banki boshqaruvchilarining keyingi majlislarida umumiy qiymati 1 milliard 140 million AQSH dollaridan ziyod bo‘lgan to‘rt yirik sarmoyaviy loyiha ma’qullandi. Bu loyihalar transport-kommunikatsiya infratuzilmasi va ichimlik suvi ta’minoti tizimini takomillashtirish, kommunal xo‘jalikni rivojlantirish, Tollimarjon IESida bug‘-gaz qurilmasi barpo etish, shuningdek, mamlakatimiz tijorat banklari orqali kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash kabi muhim yo‘nalishlarni qamrab oladi, – dedi Prezidentimiz Islom Karimov.

O‘zbekiston Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida yirik loyihalarni amalga oshirmoqda. Ular strategik va muhim ahamiyatga molik sohalarni rivojlantirishga qaratilgan. Mamlakatimizda iqtisodiyotni isloh etish va erkinlashtirishning huquqiy asosi va qulay sarmoyaviy muhit yaratilgani tufayli OTB mutaxassislari bilan birgalikda ishlab chiqilgan bu loyihalar muvaffaqiyatli ijro etilmoqda.

OTBning 43-yillik majlisi shu kunlarda Toshkent shahrida o‘z ishini boshlaydi va Markaziy Osiyo mintaqasida bunday yuksak darajadagi ilk forum hamda rivojlanishning “o‘zbek modeli” samaradorligi xalqaro miqyosda e’tirof etilganidan yana bir dalolat bo‘ladi. 2-4 may kunlari ASEAN+3 mamlakatlari moliya vazirlarining uchrashuvi ham bo‘lib o‘tadi. Unda OTBning “Strategiya – 2020” dasturini, shuningdek, global moliyaviy tizimni isloh etish, Osiyo mamlakatlarining mintaqaviy hamkorligi va inqirozdan keyingi rivojlanishi, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilish ko‘zda tutilgan.

Xalqaro moliya muassasalari, jumladan, OTB yetakchi ekspert va mutaxassislarining e’tirof etishicha, O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotining hozirgi rivojlanish darajasi global inqiroz sharoitida asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlar va iqtisodiy o‘sish sur’atlarining barqarorligi bilan ko‘plarga o‘rnak bo‘ladi.

Xaruxiko Kuroda ta’kidlaganidek, O‘zbekiston iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishning barqaror sur’atlari ishonchli tarzda ta’minlangan sanoqli davlatlardan biri bo‘ldi. Uning fikricha, “o‘zbek modeli” muvaffaqiyatining asosi yana shundan iboratki, O‘zbekiston Respublikasi rahbariyati hozirgi sharoitda faqat tashqi qarzlarga tayanmasdan, iqtisodiyotni faol diversifikatsiya qilish hamda boy mineral, ishlab chiqarish-sanoat, qishloq xo‘jaligi resurslaridan va, eng muhimi, insonning yuksak intellektual salohiyatidan oqilona foydalanish choralarini ko‘rdi.

OTB prezidenti X.Kuroda samimiy qabul uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirib, OTB iqtisodiyot va ijtimoiy taraqqiyotning turli sohalarida O‘zbekiston Respublikasi bilan hamkorlikni yanada kengaytirish va rivojlantirishdan g‘oyat manfaatdor ekanini alohida ta’kidladi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 14.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati