Oqsaroyda qabul
30.04.2010
Oqsaroyda qabul O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 30 aprel kuni Oqsaroyda Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha vitse-prezidenti Filipp Le Ueyruni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, mamlakatimiz iqtisodiyotining ustuvor sohalari bo‘yicha hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar strategik ahamiyatga ega ekanini, O‘zbekiston bilan Jahon banki o‘rtasidagi hamkorlik ko‘lami izchil kengayib borayotganini ta’kidladi.

– OTBning Toshkentda o‘tadigan yillik majlisida Jahon banki vakillarining ishtirok etishi O‘zbekiston Respublikasi bilan Jahon banki o‘rtasidagi munosabatlar yuksak darajada rivojlanayotganini yana bir bor tasdiqlaydi, – dedi Islom Karimov.

OTBning shu kunlarda ish boshlaydigan 43-yillik majlisida Jahon banki va qator boshqa xorijiy bank-moliya muassasalaridan nufuzli delegatsiyalar ishtirok etayotgani diqqatga sazovordir. Bu mamlakatimizda amalga oshirilayotgan inqirozga qarshi choralar dasturi va iqtisodiy islohotlar “o‘zbek modeli” samaradorligining yana bir tasdig‘idir.

Ushbu nufuzli xalqaro moliya muassasasi bilan hamkorlikda iqtisodiyotning turli tarmoqlari va ijtimoiy sohada yigirmaga yaqin loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Ular orasida ayniqsa agrar sektorda tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish, irrigatsiya-drenaj tarmoqlarini tiklash, kommunal xo‘jalik sohasini modernizatsiya qilish, shuningdek, sog‘liqni saqlash, ta’lim va atrof muhitni muhofaza qilish tizimini takomillashtirish muhim o‘rin tutadi.

Oqsaroydagi uchrashuvda Filipp Le Ueyru samimiy qabul uchun mamlakatimiz rahbariga minnatdorlik bildirib, jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi sharoitida iqtisodiyotning asosiy ko‘rsatkichlari va o‘sish sur’atini barqaror saqlab qolgan davlat sifatida o‘rnak bo‘layotgan O‘zbekistonda bunday nufuzli xalqaro forumning o‘tkazilishi muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Mehmon OTBning ushbu majlisi O‘zbekistonning yuksak sarmoyaviy jozibadorligidan dalolat ekanini, mamlakatni modernizatsiya qilish yo‘nalishlari to‘g‘riligining yana bir tasdig‘i bo‘lishini qayd etdi.

Muloqot chog‘ida qo‘shma loyihalar ijrosiga, O‘zbekiston bilan Jahon banki o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollariga oid masalalar yuzasidan fikr almashildi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 20.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati