Oqsaroyda qabul
03.05.2010
Oqsaroyda qabul

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 3 may kuni Oqsaroyda Xitoy Xalq Respublikasi moliya vaziri Se Syuyjenni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, jumladan shunday dedi: - Fursatdan foydalanib, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Xu Szintao janoblariga Osiyo taraqqiyot bankining 43-yillik majlisiga Sizning rahbarligingizdagi nufuzli delegatsiyani yuborish to‘g‘risidagi qarori uchun minnatdorlik bildirmoqchiman. Bu, shubhasiz, oliy maqomdagi mazkur xalqaro anjumanning obro‘-e’tiborini yanada oshiradi. Biz mamlakatlarimiz o‘rtasida qaror topgan yaqin do‘stona munosabatlarni yuksak qadrlaymiz va bugun Xitoyning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori va nufuzi ortib borishining asoslari Den Syao Pin tomonidan ishlab chiqilganini yaxshi bilamiz.

Ikki tomonlama munosabatlarni izchil rivojlantirishda oliy darajadagi O‘zbekiston-Xitoy uchrashuvlarining samaralari alohida o‘rin tutadi. Mamlakatlarimiz o‘rtasida turli maqomdagi mutaxassislar va ishbilarmon doiralar vakillarining muloqotlari muntazamlik kasb etib, samaradorligi oshib bormoqda. O‘zbekiston va Xitoy ayniqsa Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida faol sheriklik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan.

China_0305_3.jpgSavdo-iqtisodiy sohada mamlakatlarimiz o‘rtasida 1994 yilda qabul qilingan eng ko‘p qulaylik yaratish tartibi amal qiladi. O‘zbekistonning savdo sheriklari orasida Xitoy yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi. Xususan, 2009 yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 2 milliard AQSH dollaridan oshdi. Mamlakatimizda 223 ta O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Oqsaroydagi uchrashuvda Se Syuyjen samimiy qabul uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirib, iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha "o‘zbek modeli" asosiy tamoyillarining ahamiyati va samaradorligiga, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi sharoitida muvaffaqiyat bilan amalga oshirilayotgan inqirozga qarshi choralarga yuksak baho berdi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 14.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati