O‘ZBEKISTON-JBT: SAMARALI HAMKORLIK
04.05.2010
O‘ZBEKISTON-JBT: SAMARALI HAMKORLIK O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 4 may kuni Oqsaroyda Jahon bojxona tashkiloti (JBT) Bosh kotibi Kunio Mikuriyani qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, jumladan, bunday dedi:

- Sizning Toshkent shahrida o‘tayotgan Osiyo taraqqiyot banki 43-yillik majlisi ishida ishtirokingizni O‘zbekistonga, bizning butun mintaqamizga hurmat belgisi sifatida qabul qilamiz. O‘zbekiston bojxonachilari Sizning tashkilotingiz zamonaviy uslub va andozalarni ishlab chiqish va joriy etish, sohada malakali kadrlarni tayyorlash masalalarida ko‘rsatayotgan amaliy yordamdan bahramand bo‘lmoqda. Biz Jahon bojxona tashkilotining xalqaro savdo tizimidagi, ayniqsa, savdo qoidalari va protseduralarini ishlab chiqishdagi samarali rolini yaxshi tushunamiz.

Milliy bojxona tuzilmalari birlashgan bunday darajadagi xalqaro tashkilot 1947 yilda tashkiliy shakllangan va 176 davlatni birlashtirgan. Savdo sohasiga doir me’yorlarni ishlab chiqish, xalqaro miqyosda tan olingan bojxona jarayonlarini takomillashtirish, a’zo davlatlar bojxona organlari faoliyat samaradorligini oshirish va hamkorligini rivojlantirish tashkilotning asosiy funksiyalari etib belgilangan.

O‘zbekiston mazkur tashkilotga a’zo bo‘lgan 1992 yildan buyon u bilan unumli hamkorlik qilib kelmoqda. Jumladan, 2007 yilda ekspertlar bilan birgalikda “2007-2010 yillarda O‘zbekiston Respublikasi bojxona organlarini rivojlantirish strategiyasi” ishlab chiqilgan va hozirda samarali ro‘yobga chiqarilmoqda. Mazkur hujjat doirasida bojxona xizmatlari faoliyatiga axborot texnologiyalari va zamonaviy uskunalarni joriy etish, soha xodimlari malakasini oshirishga oid loyihalar amalga oshirilmoqda.

Ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan 2003 yilda mamlakatimizda bojxona sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha mintaqada yagona bo‘lgan oliy o‘quv yurti, avvalroq esa, o‘tgan yili mintaqaviy maqom olgan respublika bojxona xizmatining kinologiya markazi tashkil etilgan edi.

Uchrashuvda Kunio Mikuriya samimiy qabul uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.

- Avvalo, men OTB bunday nufuzli tadbirni o‘tkazish uchun Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib Toshkent shahrini tanlaganidan xursandman, - deya ta’kidladi Kunio Mikuriya. - 2002 yilda Jahon bojxona tashkiloti Bosh kotibi o‘rinbosari vazifasini bajarganimda OTBning o‘sha vaqtdagi rahbari janob Tadao Chino meni Markaziy Osiyoda o‘tkazilgan vazirlar konferensiyasiga taklif etgan edi. U O‘zbekiston haqida ko‘p hikoya qilib bergan, Sizni uzoqni ko‘ra biladigan siyosatchi, iqtisodchi va samimiy inson sifatida havas bilan eslagan edi. Shu bilan birga, yana shuni aytishni istardimki, janob Prezident, men Yaponiya moliya vazirligida xizmat qilgan kezlari Tadao Chino rahbarim, ustozim bo‘lgan, uning maktabini o‘taganman. Mening ushbu tashrifim mamlakatingiz hayoti va uning rivojlanish sur’ati bilan yaqindan tanishish uchun yaxshi imkoniyatdir.

Bosh kotib O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 43-yillik majlisi ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida qayd etilgan iqtisodiy rivojlanishning keng ko‘lamli strategiyasiga yuqori baho berdi. Shuningdek, u mamlakat bojxona tizimida huquqiy bazani takomillashtirish, zamonaviy texnika va texnologiyalarni joriy qilish hamda soha faoliyatini samarali tashkil etishga imkon beruvchi uskunalar bilan jihozlash alohida diqqatga sazovor ekanini ta’kidladi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi bilan Jahon bojxona tashkiloti hamkorligini kelgusida yanada faollashtirish va o‘zaro manfaatdorlikka doir boshqa masalalar yuzasidan fikr almashildi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 14.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati