Oqsaroyda qabul
04.05.2010
Oqsaroyda qabul O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 4 may kuni Oqsaroyda Koreya Respublikasi strategiya va moliya vaziri Chjin Xyon Yunni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari yuqori martabali mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasidagi munosabatlar izchil rivojlanayotganidan mamnuniyat izhor etdi.

– Sizning ushbu tashrifingiz O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasida hamkorlik aloqalarining mustahkamlanib borayotganidan yana bir dalolatdir, – dedi Islom Karimov.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi manfaatlar va intilishlar uyg‘unligidagi an’anaviy madaniy va iqtisodiy aloqalar strategik sheriklik ruhi hamda kelgusida ikki qardosh xalqning do‘stligini mustahkamlash borasidagi azmu shijoatiga asoslanadi. O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasida muntazam yo‘lga qo‘yilgan oliy darajadagi uchrashuvlar ham buning yaqqol tasdig‘idir. Ikki tomonlama aloqalar birgalikda hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilash va turli sohalarda, ayniqsa, neft-gaz, tog‘-kon, transport-ligistika, bank-moliya va boshqa tarmoqlarda amalga oshirilayotgan o‘zaro foydali yirik loyihalarni ishlab chiqishga xizmat qilmoqda.

Koreya Respublikasi haqli ravishda qator strategik muhim loyihalarni ro‘yobga chiqarishda O‘zbekistonning vaqt sinovidan o‘tgan eng ishonchli tashqi iqtisodiy sheriklaridan hisoblanadi. Navoiy shahridagi erkin industrial-iqtisodiy zona va xalqaro intermodal logistika markazi shular jumlasidandir. “KOGAZ” korporatsiyasi bilan Ustyurt gaz-kimyo majmui qurilishi loyihasida nafaqat konlarni yuqori texnologik o‘zlashtirish, balki polietilen va polipropilen kabi tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan hamkorlik alohida e’tiborga molik. Bu yo‘nalishdagi loyiha doirasida 3 milliard AQSH dollaridan ziyod miqdorda sarmoya jalb etish mo‘ljallanmoqda.

Savdo aloqalari sohasida O‘zbekiston bilan Koreya Respublikasi o‘rtasida eng ko‘p qulaylik yaratish tartibi amal qilayotgani tufayli 2009 yilning o‘zida o‘zaro mahsulot ayirboshlash hajmi 1,2 milliard AQSH dollarini tashkil etdi.

Oqsaroydagi uchrashuvda Chjin Xyon Yun samimiy qabul uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirib, Janubiy Koreya O‘zbekiston bilan o‘zaro munosabatlar ko‘lamini kengaytirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi. Koreya Respublikasi strategiya va moliya vaziri, eng avvalo, ko‘plab yetakchi davlatlar e’tirof etgan rivojlanishning “o‘zbek modeli” muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani bois, Toshkent Osiyo taraqqiyot bankining xalqaro forumini o‘tkazish joyi sifatida tanlanganini ta’kidladi.

- O‘zbekiston jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi sharoitida bugun amaliyotga tatbiq etilayotgan iqtisodiyotning milliy modelida o‘z aksini topgan himoya mexanizmlarining mustahkamligini namoyish etdi, - deb alohida qayd etdi mehmon.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati