Oqsaroyda qabul
14.05.2010
Oqsaroyda qabul O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 14 may kuni Oqsaroyda Ummon Sultonligi tashqi ishlar bo‘yicha davlat vaziri Yusuf bin Alaviy bin Abdullani qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlab, O‘zbekiston va Ummon o‘rtasidagi aloqalar nafaqat diplomatik, balki iqtisodiy asoslarda rivojlanayotganidan mamnunligini bildirdi. - Bunda uzoq yillar davomida xalqlarimizning tarixiy, diniy va madaniy jihatdan mushtarak taraqqiyoti asosiy mezon bo‘lmoqda, - deya alohida ta’kidladi Yurtboshimiz.

O‘zbekiston bilan Ummon o‘rtasidagi munosabatlar mustahkamlanib borayotgan do‘stlik va hamkorlik ruhida rivojlanmoqda. 2009 yil oktabr oyida Prezident Islom Karimovning Ummon Sultonligiga davlat tashrifi doirasida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik asoslari, havo transporti qatnovi, shuningdek, neft-gaz, kimyo, qurilish tarmoqlari, ta’lim, sayyohlik, madaniy va gumanitar sohalarga oid o‘ndan ziyod muhim hujjatlar imzolangan edi.

Mamlakatlarimiz o‘rtasida invetitsiyalarni rag‘batlantirish va himoyalash, daromadlarning ikki tomonlama soliqqa tortilishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda kapital soliqlarni to‘lashdan bosh tortishni bartaraf etish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimlar, shuningdek, O‘zbekiston-Ummon qo‘shma sarmoyaviy jamg‘armasini tashkil qilish borasida kelishuvlar amal qilmoqda.

Ummon O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi eng muhim davlatlatlardan biri sifatida tan oladi. Bizning mamlakatimiz bilan sheriklik Ummonga mintaqaviy iqtisodiy munosabatlarda ishtirok etish uchun keng imkoniyatlar eshigini ochadi.

Oqsaroydagi uchrashuvda Yusuf bin Alaviy bin Abdulla qabul uchun Davlatimiz rahbariga samimiy minnatdorlik bildirdi va Ummon Sultonligi O‘zbekiston Respublikasi bilan kelgusida ham barcha sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini alohida ta’kidladi.

Suhbat chog‘ida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni yanada kengaytirishga doir hamda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar yuzasidan fikr almashildi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 20.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati