Oqsaroyda qabul
26.11.2011
Oqsaroyda qabul O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 26 noyabr kuni Oqsaroyda A.Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi ilmiy markazi direktori, Rossiya Tibbiyot fanlari akademiyasi akademigi Leo Bokeriyani qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, Leo Bokeriya O‘zbekistonda, ayniqsa, uning noyob iqtidori va tajribasi tufayli qaytadan hayot nashidasini surayotganlar orasida hamisha ardoqlanib kelayotgan insonlardan biri ekanini ta’kidladi.

Ta’kidlash joizki, Leo Bokeriya nafaqat zamonaviy tibbiyotning yetuk namoyandasi ekanligi, balki O‘zbekiston va Rossiya tibbiyot muassasalarining hamkorligiga ulkan hissa qo‘shib kelayotgani bilan ham mashhurdir. U rahbarlik qilayotgan ilmiy markazda 1994 yildan buyon O‘zbekistonning yuzga yaqin mutaxassisi ta’lim oldi va malaka oshirdi.

Leo Bokeriya 2004 yilda xayrli maqsad bilan O‘zbekistonga kelib, V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan jarrohlik markazida tug‘ma yurak xastaligiga chalingan bolalarni o‘ta murakkab jarrohlik operatsiyasidan o‘tkazdi. O‘shanda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan A.Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi ilmiy markazi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Bu hujjat hamkorlikda ilmiy anjumanlar, jarrohlik operatsiyalari o‘tkazishni, kadrlar malakasini oshirishni nazarda tutadi. O‘tgan vaqt davomida O‘zbekiston tibbiy muassasalari bilan L.Bokeriya rahbarlik qilayotgan ilmiy markaz o‘rtasidagi aloqalar yanada faollashdi. Jumladan, ko‘plab o‘zbekistonlik mutaxassislar ushbu markazdagi hamkasblari bilan yaqin hamkorlikda nomzodlik va doktorlik tadqiqotlarini olib bordi.

Oqsaroydagi uchrashuvda Leo Bokeriya samimiy qabul uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston mustaqillik yillarida sog‘liqni saqlash tizimida, xususan, yurak-qon tomir kasalliklarini tashxislash va davolash borasida katta yutuqlarni qo‘lga kiritganini ta’kidladi. Toshkentda dunyoga mashhur olimlar, qariyb qirq mamlakat hamda turli xalqaro tashkilotlar mutaxassislari ishtirokida o‘tkazilgan nufuzli simpozium O‘zbekiston tibbiyot sohasida, avvalo, ona va bola salomatligini muhofaza qilish borasida erishgan muvaffaqiyatlarning keng e’tirofi bo‘lganini qayd etdi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Rossiyaning kardiojarrohlik sohasida faoliyat yurituvchi mutaxassislari o‘rtasida amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan fikr almashildi.

                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati