Oqsaroyda qabul
06.01.2012
Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 6 yanvar kuni Oqsaroyda Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Xu Szintaoning maxsus vakili sifatida mamlakatimizga kelgan Butunxitoy xalq vakillari kengashi Doimiy qo‘mitasi Raisining o‘rinbosari Chen Chjili xonimni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan buyon rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidan borar ekan, o‘zining yaqin qo‘shnisi va ishonchli hamkori bo‘lgan Xitoyning amaliy qo‘llab-quvvatlashiga doimo tayanib kelganini ta’kidladi.

Butunxitoy xalq vakillari kengashi Doimiy qo‘mitasi Raisining o‘rinbosari Chen Chjili shu kunlarda nishonlanayotgan mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatiya munosabatlari o‘rnatilganining 20 yilligi munosabati bilan Xitoy rahbariyatining samimiy qutlovlarini yetkazdi. Mehmon Xitoy tomoni O‘zbekiston bilan ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli aloqalarni 2005 yilning may oyida imzolangan Do‘stlik, hamkorlik va sheriklik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma hamda Prezident Islom Karimovning 2011 yil aprel oyida XXRga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan prinsipial kelishuvlar ruhida jadal taraqqiy ettirish uchun butun kuch va imkoniyatini ishga solishga tayyor ekanini ta’kidladi.

Bugungi kunda O‘zbekiston va Xitoy teng huquqlilik, o‘zaro hurmat va ishonch tamoyillari asosida uzoq muddatli hamkorlikni izchil rivojlantirib, kengaytirib bormoqda.

Tarixan qisqa vaqt mobaynida O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasida ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hamkorlikning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha ochiq va samarali siyosiy muloqot qaror topdi. Bunda parlamentlararo aloqalar ham muhim o‘rin tutadi. Shuningdek, tovar ayirboshlash hajmini oshirish va nomenklaturasini diversifikatsiyalashning, sarmoyalarni, birinchi galda sanoatning yuqori texnologiyali ustuvor tarmoqlariga yo‘naltirilgan sarmoyalarni ko‘paytirishning barqaror tendensiyasiga erishildi, madaniy-gumanitar va ilmiy-texnikaviy sohalardagi aloqalar sezilarli darajada kengaymoqda.

Tomonlar siyosiy-diplomatik sohadagi hamkorlikni yuksak darajaga ko‘tarishga muvaffaq bo‘ldi. Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalarga yondashuvlar o‘xshash va yaqin ekani ta’kidlanmoqda. Mamlakatlarimiz BMT, SHHT hamda boshqa nufuzli ko‘p tomonlama siyosiy tashkilotlar va moliyaviy institutlar doirasida yaqin hamkorlik qilib kelmoqda.

Uchrashuvda ikki tomonlama savdo hajmi barqaror yuksalish tendensiyasiga ega bo‘lib, so‘nggi besh yilda to‘rt barobar oshgani va 2011 yilning yanvar-noyabr oylarida, O‘zbekiston tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, qariyb 2,2 milliard AQSH dollariga yetgani qayd etildi.

Mamlakatimizda XXR kapitali asosida tuzilgan 380 dan ziyod, jumladan, to‘laligicha Xitoy sarmoyasi hisobiga tashkil etilgan 58 korxona faoliyat yuritmoqda. O‘zbekistonda ochilgan XXRning 65 yirik kompaniyasi vakolatxonalari ham savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.

Oqsaroyda bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida tomonlar O‘zbekiston-Xitoy munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashdilar.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 20.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati