Oqsaroyda qabul
06.02.2012
Oqsaroyda qabul O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 6-fevral kuni Oqsaroyda Ukraina tashqi ishlar vaziri Konstantin Grishchenkoni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, ushbu uchrashuv O‘zbekiston-Ukraina hamkorligiga oid keng ko‘lamli masalalar yuzasidan fikr almashish uchun qulay imkoniyat ekanini ta’kidladi.

O‘zbekiston va Ukraina siyosiy, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy, madaniy-gumanitar sohalarda samarali hamkorlik borasida ulkan tajriba to‘plagan. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro manfaatli barcha yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish uchun qulay sharoit yaratadigan salmoqli shartnomaviy-huquqiy asosga ega.

Muntazam ravishda tashqi ishlar vazirliklarining maslahatlashuvlari o‘tkazilmoqda. Navbatdagi uchrashuv Ukraina tashqi siyosat mahkamasi rahbarining O‘zbekistonga mazkur tashrifi asnosida bo‘lib o‘tdi. Ushbu muzokaralar O‘zbekiston va Ukrainaning o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga oid ko‘plab masalalarga, mintaqaviy va xalqaro muammolarga qarash va yondashuvlari o‘xshash va yaqinligini yana bir karra tasdiqladi.

Mamlakatlarimiz BMT va MDH kabi xalqaro tuzilmalar doirasida ham faol hamkorlik qilib kelmoqda. Siyosiy nufuz, geosiyosiy ahamiyat va iqtisodiy salohiyat, shuningdek, qulay jo‘g‘rofiy joylashuvi tufayli O‘zbekiston va Ukraina Hamdo‘stlik makonida va undan tashqarida mintaqalararo savdo munosabatlarini kengaytirishda, transport-kommunikatsiya sohasidagi aloqalarni rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi.

Oqsaroydagi uchrashuvda iqtisodiy hamkorlik, ikki tomonlama savdo nomenklaturasini kengaytirish masalalari ham ko‘rib chiqildi. 2011-yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 665,9 million AQSh dollarini tashkil qildi. O‘zbekistonda Ukraina sarmoyasi ishtirokida tuzilgan 48 korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.

K.Grishchenko samimiy qabul uchun O‘zbekiston Prezidentiga minnatdorlik bildirib, Ukraina rahbariyati ikki tomonlama aloqalarni mamlakatlarimiz va xalqlarimizning uzoq muddatli manfaatlariga javob beradigan yanada yuqori pog‘onaga ko‘tarishga tayyor ekanini ta’kidladi.

Muzokarada O‘zbekiston bilan Ukraina o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan batafsil fikr almashildi.

                o`zb   рус   eng
Bugun: 14.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati