Oqsaroyda qabul
16.02.2012
Oqsaroyda qabul O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 16 fevral kuni Oqsaroyda “Yuksak bilimli va intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash – mamlakatni barqaror taraqqiy ettirish va modernizatsiya qilishning muhim sharti” mavzuidagi xalqaro konferensiyada qatnashish uchun mamlakatimizga kelgan Osiyo taraqqiyot banki (OTB) prezidenti Xaruxiko Kurodani qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, mamlakatimiz bilan ko‘p yillardan buyon yaqin hamkorlik qilib kelayotgan OTB haqli ravishda eng nufuzli va yetakchi xalqaro moliya muassasalaridan biri ekanini ta’kidladi. Samarali ikki tomonlama hamkorlik hamda buning natijasida Osiyo taraqqiyot banki tomonidan umumiy qiymati 8,6 milliard AQSH dollariga teng 35 qo‘shma loyihaning ma’qullangani buning tasdig‘idir. Ushbu loyihalarni moliyalashtirishda OTBning ulushi 3,8 milliard dollarni tashkil qiladi.

O‘zbekiston va OTB hamkorligi ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlarini isloh qilishni qo‘llab-quvvatlash, energetika sektorining ishlab chiqarish quvvatlari va infratuzilmasini, temir yo‘l va avtomobil yo‘llari infratuzilmasini, kommunal xo‘jalik sohalarini modernizatsiya qilish, qishloq xo‘jaligida tuzilmaviy o‘zgarishlarni amalga oshirish, moliya sektorini rivojlantirish kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan.

O‘zbekiston bilan Osiyo taraqqiyot banki o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlarida ta’lim tizimini isloh qilish sohasidagi hamkorlik alohida o‘rin tutadi. Bunday hamkorlik doirasida umumiy qiymati 300 million AQSH dollariga teng 8 qo‘shma loyiha amalga oshirildi.

O‘zaro munosabatlarning bugungi holati keng ko‘lamli yo‘nalishlarda jadal hamkorlik qilinayotgani bilan diqqatga sazovordir. So‘nggi yillarda OTBning O‘zbekistondagi operatsiyalari hajmining yillik o‘sishi bir milliard dollarga yetdi. Xususan, OTB prezidentining ushbu tashrifi asnosida umumiy qiymati qariyb 950 million dollarlik to‘rtta loyiha bo‘yicha 508 million dollarga teng zayom bitimlari imzolangani ramziy ma’noga ega.

Shu bilan birga, Osiyo taraqqiyot banki tomonidan 2012 yil 17 yanvar kuni “Surg‘il koni negizida Ustyurt gaz-kimyo majmuini barpo etish va konni jihozlash” loyihasini moliyalashtirishda umumiy qiymati 400 million AQSH dollarini tashkil qiladigan kredit va kafolatlar bilan ishtirok etish to‘g‘risida qaror qabul qilingani katta ahamiyatga egadir. MDH mamlakatlarida yagona bo‘lgan ushbu loyihaning Osiyo taraqqiyot banki tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoya va kreditlar jalb qilishda muhim katalizator bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zbekiston va OTB ikki tomonlama sheriklik bilan bir qatorda, eng muhim mintaqaviy masalalarni yechishda ham faol hamkorlik qilib kelmoqda. Buning natijasida yiliga O‘zbekistondan Afg‘onistonga uzluksiz ravishda 1,2 milliard kilovatt/soat elektr energiyasi yetkazib berilishini ta’minlaydigan elektr uzatish liniyalari foydalanishga topshirildi. Shuningdek, “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat aksiyadorlik temir yo‘l kompaniyasi tomonidan Afg‘onistonning Hayraton va Mozori Sharif shaharlarini bog‘laydigan, ushbu mamlakat tarixidagi ilk temir yo‘lning qurilishi muvaffaqiyat bilan yakunlandi. Bu qo‘shma loyihalar Afg‘onistonda tinchlikni mustahkamlashga, ushbu mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga hamda Markaziy Osiyoda mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirishga muhim hissa bo‘lib qo‘shildi.

Muqobil energiya manbalarini rivojlantirish O‘zbekiston bilan OTB o‘rtasidagi hamkorlikning yana bir yangi yo‘nalishidir. OTBning 2010 yilda Toshkentda o‘tgan Yillik majlisi chog‘ida OTB prezidenti X.Kuroda tomonidan ilgari surilgan quyosh energetikasi tashabbusi doirasida joriy yilning 16 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ishtirokida muqobil energiya manbalari sohasida zamonaviy texnologiyalarni ishlab chiqish borasida nufuzli markaz bo‘ladigan quyosh energetikasi bo‘yicha qo‘shma xalqaro ilmiy tadqiqot institutini tuzish haqida kelishuvga erishildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov O‘zbekiston Respublikasining Osiyo taraqqiyot banki va boshqa xalqaro moliya institutlari bilan hamkorligini rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shgani, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar dasturini amalga oshirishga, mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlashga faol yordam ko‘rsatgani uchun OTB rahbari Xaruxiko Kurodaga davlatimizning yuksak mukofotini – “Buyuk xizmatlari uchun” ordenini topshirdi.

OTB prezidenti samimiy qabul va yuksak e’tibor uchun mamlakatimiz rahbariga chuqur minnatdorlik bildirib, Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekiston bilan hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.

Uchrashuvda tomonlar o‘zaro hamkorlikning bugungi holati yuzasidan fikr almashib, istiqbolda hamkorlik munosabatlarini yanada kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab oldilar, O‘rta Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati