Oqsaroyda qabul
16.05.2012
Oqsaroyda qabul O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 16-may kuni Oqsaroyda Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) prezidenti Yozef Blatterni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, O‘zbekistonda Yozef Blatterni o‘z hayotini jahon va milliy futbolni rivojlantirishga bag‘ishlagan taniqli jamoat arbobi sifatida bilishlarini ta’kidladi. Bu – FIFA rahbarining O‘zbekistonga uchinchi tashrifi. Mazkur tashrif o‘zbek futbolining 100-yilligi nishonlanayotgan kunlarga to‘g‘ri keldi.

Uchrashuvda O‘zbekistonda futbolni rivojlantirish istiqbollari, mamlakatimizning ushbu nufuzli xalqaro tuzilma bilan samarali hamkorligini yanada mustahkamlash va kengaytirish yuzasidan fikr almashildi. “Gol”, “Gol-2” va “Gol-3” loyihalarining amalga oshirilgani shunday hamkorlikning natijalaridandir. Ushbu loyihalarga muvofiq Toshkent shahrida sun’iy qoplamali futbol maydoni va mamlakatimiz o‘smirlar terma jamoalarining o‘quv-mashq bazasi qurildi, Samarqand shahrida esa mini-futbol uchun yopiq manej barpo etilmoqda. O‘zbekiston bolalar-o‘smirlar futbolini, referi va murabbiylarning milliy maktabini rivojlantirish borasida ham FIFA bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor.

Bugungi kunda futbol O‘zbekistonda eng ommaviy sport turlaridan biriga va millionlar o‘yiniga aylangan. Ushbu sport turi ayniqsa, yosh avlod o‘rtasida keng ommalashgan. Davlatimiz tomonidan futbolni yanada ommalashtirishga ulkan e’tibor va yordam ko‘rsatilmoqda. Bu ma’naviy va jismoniy barkamol avlodni tarbiyalashga doir siyosatning muhim yo‘nalishlaridandir. 2011-yil 19-yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2011–2013-yillarda respublikada futbolning moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash va uni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur hujjatga muvofiq mamlakatimizda futbol infratuzilmasini kengaytirish va ushbu sport turini targ‘ib qilish borasidagi ishlarni yanada faollashtirishga doir tadbirlarning tizimli rejasi tasdiqlandi.

FIFA rahbari samimiy qabul uchun Prezidentimiz Islom Karimovga minnatdorlik izhor qildi va mamlakatimizning sport sohasidagi muvaffaqiyatlariga, shu jumladan, O‘zbekiston sportchilarining jahon maydonlaridagi ulkan yutuqlariga yuksak baho berdi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 19.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati