O‘zbekiston – Rossiya: vaqt sinovidan o‘tgan hamkorlik
05.06.2012
O‘zbekiston – Rossiya: vaqt sinovidan o‘tgan hamkorlik O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning taklifiga binoan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin 4 iyun kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi.

Toshkent aeroportida Islom Karimov va Vladimir Putin o‘rtasida qisqacha suhbat bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston va Rossiya rahbarlarining ushbu uchrashuvi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi oliy darajadagi muntazam muloqotlarning mantiqiy davomidir.

O‘zaro hamjihatlik va konstruktivlikka asoslangan siyosiy muloqot an’anaviy tarzda ikki tomonlama munosabatlarning uzoq muddatli istiqbollari va muhim yo‘nalishlariga asos yaratadi.

O‘zbekiston va Rossiya Prezidentlari o‘rtasidagi muloqotlarning asosiy qismi Ko‘ksaroy qarorgohida, ikki davlat rahbarlarining rasmiy suratga tushish marosimi bilan boshlandi.

Prezidentimiz mehmonni mamlakatimizga tashrifi bilan samimiy qutlar ekan, ushbu uchrashuv ikki tomonlama munosabatlarga doir keng ko‘lamli masalalarni muhokama qilish, tomonlar o‘zaro manfaatdorlik asosida hamkorlikni yanada mustahkamlashni maqsad qilgan aniq yo‘nalishlarni belgilab olish uchun yaxshi imkoniyat ekanini alohida ta’kidladi.

Bugun O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarda hal qilib bo‘lmaydigan muammolar yoki o‘tib bo‘lmaydigan biror bir to‘siq yo‘q, mintaqaviy va xalqaro darajadagi ko‘ptomonlama hamkorlikning samarali mexanizmlari ishlab chiqilgan va izchil amalga oshirilmoqda. Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya doirasida faol ish olib borilmoqda.

Rossiya Federatsiyasi O‘zbekiston Respublikasining muhim iqtisodiy hamkorlaridan bo‘lib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo aloqalari barqaror va izchil rivojlanmoqda.

2011-yilda o‘zaro savdo hajmi 2010-yildagiga nisbatan 9 foiz o‘sib, 6,7 milliard AQSh dollariga yetdi.

Ayni paytda ikki mamlakat rahbarlari tovar ayirboshlashni tubdan diversifikatsiya qilish va sarmoyaviy hamkorlikning yo‘nalishlarini kengaytirishdan har ikki tomon ham manfaatdor ekanligini ta’kidladilar.

Mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi azaliy va mustahkam madaniy-gumanitar hamda tarixiy rishtalar an’anaviy ikki tomonlama hamkorlikning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Ta’lim sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratilmoqda. Bugungi kunda Toshkentda Rossiyaning uchta yetakchi oliy ta’lim muassasasining filiallari muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda, ushbu ta’lim dargohlarida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlanmoqda.

Uchrashuvda tomonlar o‘zlarini qiziqtirgan dolzarb ahamiyatga ega mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

Muzokaralarda qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyat va voqealarning ehtimoldagi rivoji tahliliga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu mamlakatda tinchlik o‘rnatilishi, uning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishi mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Muzokaralar yakuni bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi Strategik sheriklikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi deklaratsiya qabul qilindi. Mazkur hujjatda hamkorlikning yangi bosqichdagi istiqbolli yo‘nalishlari belgilab berilgan.

Imzolangan Deklaratsiya ko‘ptomonlama O‘zbekiston-Rossiya munosabatlarini rivojlantirish jarayonidagi navbatdagi mantiqiy bosqich bo‘lib, o‘zaro aloqalar uzluksiz va izchil ravnaq topayotganining yana bir dalilidir.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining 2011-yil 18 oktabrdagi Erkin savdo zonasi to‘g‘risidagi shartnomaga qo‘shilishi bo‘yicha istiqboldagi qo‘shma chora-tadbirlar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Shu bilan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi yakuniga yetdi. Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan atroflicha, keng ko‘lamli muzokaralar, erishilgan muhim kelishuvlar o‘zaro manfaatli, vaqt sinovidan o‘tgan hamkorlikni yanada kengaytirishdan, uni O‘zbekiston va Rossiya xalqlari farovonligi va manfaatlari yo‘lida sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishdan ikki tomon ham manfaatdor ekanidan dalolat beradi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 24.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati