Oqsaroyda qabul
12.06.2012
Oqsaroyda qabul O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 12 iyun kuni Oqsaroyda Amerika Qo‘shma Shtatlari Davlat kotibining birinchi o‘rinbosari Uilyam Bernsni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, O‘zbekiston va AQShning ko‘p qirrali hamkorligi jadal rivojlanib, izchil mustahkamlanib borayotganini mamnuniyat bilan ta’kidladi.

Uilyam Berns, o‘z navbatida, Prezidentimizga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, AQSh rahbariyati O‘zbekiston bilan siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalardagi aloqalarni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanini qayd etdi.

Batafsil suhbat chog‘ida hamkorlikning hozirgi holati va istiqbolli yo‘nalishlari, ikki tomonlama munosabatlarga oid eng dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston bilan AQSh o‘rtasida diplomatiya munosabatlari o‘rnatilganidan buyon o‘tgan 20 yil davomida tomonlar o‘zaro konstruktiv hamkorlik borasida salmoqli tajriba to‘plagani ta’kidlandi. Hamkorlikdagi sa’y-harakatlar bilan ikki tomonlama munosabatlarning o‘zaro manfaatli hamkorlikni faol rivojlantirish imkonini beradigan keng qamrovli huquqiy asosi yaratildi.

Ikki mamlakat tashqi siyosat mahkamalari o‘rtasidagi muntazam aloqalar, kengayib borayotgan parlamentlararo, davlat va fuqarolik jamiyati tuzilmalari o‘rtasidagi ko‘p tomonlama muloqotlar o‘zaro munosabatlarni kompleks tarzda ravnaq toptirishga xizmat qilmoqda.

Hozirgi kunda O‘zbekistonda AQSh sarmoyasi ishtirokida tuzilgan 240 korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. AQShning 48 yetakchi kompaniyasi vakolatxonalari mamlakatimizda ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Uchrashuvda tomonlar AQShning qator yetakchi korporatsiyalarining O‘zbekiston bozoridagi samarali faoliyati natijasida to‘plangan tajribaga tayangan holda, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirishga, yuqori texnologiyali qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga yordam ko‘rsatishga tayyor ekani ta’kidlandi.

Suhbat chog‘ida mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik, Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirishga oid, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar yuzasidan fikr almashildi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 24.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati