Oqsaroyda qabul
06.07.2012
Oqsaroyda qabul O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 6 iyul kuni Oqsaroyda AQSh Kongressi Vakillar palatasi quyi qo‘mitasi raisi Den Berton va kongressmen Gregori Miksni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonlarni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, O‘zbekiston AQSh Kongressi nufuzli delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifiga O‘zbekiston-Amerika muloqoti izchil rivojlanib, mustahkamlanib borayotganidan yana bir dalolat, ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi holati va istiqboli, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash masalalari yuzasidan fikr almashish uchun qulay imkoniyat sifatida qarashini ta’kidladi.

Suhbat chog‘ida kengayib borayotgan parlamentlararo aloqalar O‘zbekiston bilan AQSh o‘rtasidagi hamkorlikning asosiy tarkibiy qismlaridan biri bo‘lib, o‘zaro anglashuv va ishonchni mustahkamlashda, siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, gumanitar sohalardagi ko‘p qirrali sheriklikni, shuningdek, demokratiya va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasidagi hamkorlikni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

Xalqaro ahamiyatga molik masalalar muhokamasi chog‘ida Afg‘oniston mavzuiga, ushbu mamlakatdagi hozirgi vaziyat rivojining turli yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston ikki tomonlama asosda Afg‘onistondagi ijtimoiy-iqtisodiy va infratuzilmaga oid, mazkur mamlakatda tinch hayotni tiklashga qaratilgan inshootlar qurilishida qatnashib kelayotgani va bundan buyon ham ishtirok etishi ta’kidlandi.

Kongressmenlar samimiy qabul hamda ikki tomonlama munosabatlarga doir muhim masalalarni, dolzarb mintaqaviy va global muammolarni konstruktiv tarzda muhokama qilish imkoniyati yaratilgani uchun O‘zbekiston rahbariga minnatdorlik bildirdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston-AQSh munosabatlarini o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli asosda hamkorlikning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha rivojlantirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani qayd etildi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati