Oqsaroyda qabul
16.07.2012
Oqsaroyda qabul O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 16 iyul kuni Oqsaroyda Fransiya Respublikasi mudofaa vaziri Jan-Iv Le Drianni qabul qildi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston-Fransiya hamkorligining bugungi holati va muhim yo‘nalishlari muhokama qilindi. Davlatimiz rahbari mamlakatlarimizning konstruktiv hamkorlik borasidagi tajribasini alohida ta’kidladi va Fransiya rahbariyati bilan qaror topgan samarali muloqotdan mamnunlik izhor etdi.

O‘zbekistonda Fransiya bilan turli sohalarda o‘rnatilgan o‘zaro aloqalar yuksak qadrlanadi, mazkur mamlakatga Yevropa qit’asidagi uzoq muddatli va muhim hamkor sifatida qaraladi.

O‘zbekiston va Fransiyaning tinchlik va barqarorlikni ta’minlash masalalaridagi pozitsiya va yondashuvlari yaqin hamda o‘xshashligi, faol parlamentlararo aloqalar, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikning keng imkoniyatlari o‘zaro munosabatlarni yanada mustahkamlash uchun ishonchli asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Fransiya mudofaa vaziri Le Drian Prezident Islom Karimovga samimiy qabul hamda ikki tomonlama munosabatlar va xalqaro siyosatning muhim masalalarini muhokama qilish, shuningdek, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni saqlash masalalari yuzasidan fikr almashish imkoniyati uchun minnatdorlik izhor etdi. Fransiya o‘zaro hamkorlikning barcha sohalarini rivojlantirish va kengaytirishdan manfaatdor ekanligi ta’kidlandi.

Fransiya hukumati a’zosi Afg‘onistondagi vaziyatga to‘xtalar ekan, O‘zbekistonning ushbu ko‘p yillik mojaroni hal qilishdagi prinsipial pozitsiyasiga va mamlakatimizning mazkur qo‘shni davlatni tinchlik yo‘li bilan tiklash borasidagi ishlarga qo‘shayotgan salmoqli hissasiga yuksak baho berdi.

Muloqot chog‘ida tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati