Oqsaroyda qabul
23.07.2012
Oqsaroyda qabul O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 23 iyul kuni Oqsaroyda Janubiy Afrika Respublikasining energetika va kimyo bo‘yicha “Sasol” kompaniyalar guruhi prezidenti Devid Konsteblni qabul qildi.

Uchrashuvda Qashqadaryo viloyatida tabiiy gazdan rejalashtirilgan nominal ishlab chiqarish quvvati kuniga 38 ming barrel (yiliga 1,5 million tonna)ni tashkil etuvchi “GTL” – sintetik suyuq yonilg‘i ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi amalga oshirilishining borishi muhokama qilindi. Loyiha “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi, “Sasol” kompaniyasi va Malayziyaning “Petronas” korporatsiyasi ishtirokida amalga oishrilmoqda.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, O‘zbekistonda ushbu loyiha ijrosi doirasida “Sasol” kompaniyasi bilan hamkorlik yuksak qadrlanishini ta’kidladi. Yevroosiyoda yagona bo‘lgan mazkur zavodda mamlakatimizning boy gaz resurslarini chuqur qayta ishlash asosida yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish imkonini beruvchi eng zamonaviy innovatsion texnologiyalar joriy etiladi.

Prezident Islom Karimov “GTL” loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlab, mazkur loyihaning O‘zbekiston energetika sektorini rivojlantirish va mamlakatimizni eng ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash borasidagi salohiyatini namoyish qilishdagi ahamiyatini alohida qayd etdi.

“Sasol” kompaniyasi rahbari samimiy qabul va qo‘shma loyihani qo‘llab-quvvatlagani uchun davlatimiz rahbariga chuqur minnatdorlik izhor etdi. Devid Konstebl “Sasol” kompaniyasi portfelidagi eng asosiy loyihalardan bo‘lgan ushbu loyihani samarali amalga oshirish uchun kompaniya barcha sa’y-harakatlarini ishga solishini ta’kidladi.

“Sasol” kompaniyasi prezidentining O‘zbekistonga tashrifi doirasida mazkur loyiha brendining rasmiy taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi va tadbirda qo‘shma korxona tomonidan amalga oshirilayotgan loyihaga “Oltin yo`l GTL” nomi berildi. Shuningdek, zavod maydonida tashqi infrastruktura ob’ektlari qurilishi boshlanishiga bag‘ishlangan marosim ham bo‘lib o‘tdi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 24.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati