Oqsaroyda qabul
26.07.2012
Oqsaroyda qabul O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 26 iyul kuni Oqsaroyda Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili etib tayinlangan Patritsiya Flor xonimni qabul qildi.

1996-yilning iyun oyida Florensiyada O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasida davlat va hukumat rahbarlari darajasida mamlakatimizning yagona Yevropa bilan munosabatlarini har tomonlama mustahkamlashga asos bo‘lgan Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolangan.

O‘zbekiston Prezidentining 2011-yilning yanvar oyida Bryusselga tashrifi va uning doirasida imzolangan hujjatlar O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlikning prinsipial jihatdan yangi bosqichini boshlab berdi. O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasida hamkorlikning ikki va ko‘p tomonlama qo‘shma organlari shaklidagi mustahkam institutsional asosi yaratilgan va u muloqotlarni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Toshkentda YeI Delegatsiyasining ochilishi tomonlarning o‘zaro hamkorlikni sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishga intilishining yorqin misolidir.

Uchrashuvda O‘zbekiston bilan YeI o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, Markaziy Osiyoda barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashga oid, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar muhokama qilindi.

Muloqot chog‘ida turli darajalardagi hamkorlikni o‘zaro hurmat va ishonch tamoyillari asosida yanada kengaytirishga ikki tomon ham tayyor ekani ta’kidlandi. Parlamentlar hamkorligi va hamkorlik bo‘yicha “O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi” qo‘shma qo‘mitalarining navbatdagi majlislari yakunlari siyosiy va iqtisodiy sohadagi hamkorlikni izchil kengaytirish yo‘lidagi muhim qadamlar, deb baholandi.

Savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy-texnologik sohalardagi aloqalarni faollashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston demokratik jarayonlarni rivojlantirish va fuqarolik jamiyatini mustahkamlash sohasida YeI institutlari bilan hamkorlikka alohida ahamiyat qaratmoqda.

Patritsiya Flor xonim samimiy qabul hamda o‘zaro hamkorlikka oid muhim masalalar, mintaqa va jahon siyosatining dolzarb muammolari yuzasidan atroflicha fikr almashish imkoniyati uchun Prezident Islom Karimovga minnatdorlik izhor etdi, shuningdek, Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston bilan hamkorlikni izchil rivojlantirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.

                o`zb   рус   eng
Bugun: 19.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati