Oqsaroyda qabul
15.08.2012
Oqsaroyda qabul O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 15 avgust kuni Oqsaroyda O‘zbekiston Respublikasi bilan AQSh o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning uchinchi davrasida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Amerika davlat tashkilotlari va xususiy kompaniyalari vakillaridan iborat nufuzli delegatsiya rahbari AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi Robert Bleykni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, O‘zbekiston-AQSh muloqoti izchil rivojlanib, mazmunan boyib borayotganini, o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishga tomonlarning intilishlari mushtarak ekanini alohida ta’kidladi.

Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarning muhim sohalaridagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, tashqi siyosat mahkamalarining muntazam muloqotlari, parlamentlararo munosabatlar, davlatlararo darajadagi har tomonlama hamkorlik hamda ikki mamlakat fuqarolik jamiyati vakillari o‘rtasidagi aloqalar haqida so‘z bordi. Tomonlar Afg‘oniston va Markaziy Osiyodagi vaziyatning rivojlanishi, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash masalalari, shuningdek, mamlakatlarimiz manfaatlariga daxldor boshqa muammolar yuzasidan fikr almashdilar.

Savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratildi. Amerikaning “General Motors”, “Boeing”, “Lockheed Martin” va boshqa ko‘plab yetakchi kompaniyalari ishtirokida ushbu sohada hamkorlik bo‘yicha yaxshi tajriba to‘plangani ta’kidlandi. O‘zbekistonda amerikalik investorlar ishtirokida tashkil etilgan 241 korxona ro‘yxatga olingan, mamlakatimizga kiritilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri AQSh sarmoyasi hajmi esa 2 milliard dollardan oshdi.

Robert Bleyk Amerika Qo‘shma Shtatlari rahbariyati mamlakatimizning mintaqada xavfsizlik va izchil rivojlanishni ta’minlashdagi, Afg‘onistonni tinch yo‘l bilan tiklashdagi rolini yuksak baholashini, shuningdek, AQSh O‘zbekiston bilan har tomonlama hamkorlikni yangi amaliy mazmun bilan boyitishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.

Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari birinchi marta har ikki tomondan vazirlik va idoralar, yetakchi iqtisodiy tuzilmalardan iborat keng tarkibdagi delegatsiyalar ishtirok etadigan O‘zbekiston Respublikasi bilan AQSh o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning uchinchi davrasi doirasidagi muzokaralarga muvaffaqiyat tiladi.

                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati