Oqsaroyda qabul
17.08.2012
Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 17 avgust kuni Oqsaroyda Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm rahbarligidagi AQSh ishbilarmon doiralari delegatsiyasini qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonlarni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, mamlakatlarimizning yetakchi kompaniyalari o‘rtasida hamkorlik aloqalari izchil kengayib borayotganini ta’kidladi. Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi tomonidan tashkil etilgan, AQShning yetakchi va aksariyati global transmilliy maqomga ega bo‘lgan 25 kompaniyasi rahbarlaridan iborat qariyb 80 biznesmen ishtirok etgan biznes-forumning muvaffaqiyatli o‘tkazilganini ijobiy baholadi.

Uchrashuvda AQShning yetakchi kompaniyalari va ularning o‘zbekistonlik sheriklari o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli biznes munosabatlarini yanada mustahkamlash, ichki va tashqi bozorda xaridorgir bo‘lgan yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxonalar tashkil etishga qaratilgan iqtisodiy va investitsion hamkorlikning bugungi holati va ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Amerikaning “Jeneral Motors”, “Boing”, “Lokxid Martin” va boshqa ko‘plab yetakchi kompaniyalari bilan ancha yillardan buyon samarali hamkorlik qilib kelinayotgani o‘zaro munosabatlarda to‘plangan ijobiy tajribaning yorqin misoli sifatida qayd etildi. O‘zbekistonda amerikalik investorlar ishtirokida tashkil etilgan 241 korxona ro‘yxatga olingan. Mamlakatimizga kiritilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri AQSh sarmoyasi hajmi 2 milliard dollardan oshdi.

Kerolin Lemm va Amerika biznesining boshqa vakillari davlatimiz rahbariga ko‘rsatilayotgan e’tibor va O‘zbekistonda AQSh kompaniyalari ish yuritishiga yaratilgan qulay sharoit uchun samimiy minnatdorlik izhor etdilar va O‘zbekiston bozorida AQSh investitsiyalari, texnologiyalari va yuqori texnologiyali kompaniyalari faoliyatini yanada kengaytirishning keng istiqbollari mavjudligini ta’kidladilar.

Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi raisi katta muvaffaqiyat bilan o‘tgan biznes-forumda “Jeneral Motors”, “Boing”, “Jeneral Elektrik”, “Lokxid Martin”, “Merk”, “Rio Tinto”, “Uayt end Keys”, “Anadarko”, “Keys Nyu Xolland”, “Nukem”, “Solar Turbayns”, “Katerpilar” “Zeppelin” va boshqa eng nufuzli kompaniyalarning ishtirok etgani AQSh ishbilarmon doiralarining O‘zbekistonga katta qiziqishi yuksalib borayotganidan dalolat ekanini ta’kidladi.

O‘zbekistondagi makroiqtisodiy va siyosiy barqarorlik, yurtimizda zamonaviy Amerika texnologiyalarini jalb qilgan holda yirik investitsion loyihalarni amalga oshirish borasida kengayib borayotgan imkoniyatlar, mamlakatimizning O‘rta Osiyodagi yirik bozor sifatidagi strategik ahamiyati bunday qiziqishning asosi ekani ta’kidlandi.

Shu bilan bir qatorda, O‘zbekistonning boy mineral-xomashyo salohiyati, rivojlangan sanoat va transport infratuzilmasi, yuksak malakali kadrlari, shuningdek, xorijiy investorlar uchun imtiyozlar, preferensiyalar va ularning huquqlarini himoya qilish kafolatlarining ishonchli tizimi qo‘shma loyihalar muvaffaqiyatining garovi bo‘lib xizmat qilmoqda.

Shu ma’noda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 16 va 18 iyul kunlari qabul qilingan ishbilarmonlik muhitini tubdan yaxshilash, tadbirkorlikka katta erkinliklar berish, shuningdek, hisobot topshirish, litsenziya va ruxsatnomalar olish borasida biznesga qo‘yiladigan talablarni qisqartirishga yo‘naltirilgan farmonlarining ahamiyati yuksak baholandi.

Bo‘lib o‘tgan biznes-forum davomida O‘zbekiston va AQSh kompaniyalari o‘rtasida mashinasozlik, metallni qayta ishlash, energetika, neft va gaz qazib olish, neft-gaz kimyosi, elektrotexnika va tog‘-kon sanoati, farmatsevtika, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish va boshqa sohalarda umumiy qiymati qariyb 2,8 milliard dollarni tashkil etuvchi 21 loyihani amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgani mamnuniyat bilan ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi va AQSh ishbilarmon doiralari vakillariga o‘zbekistonlik sheriklari bilan samarali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishda muvaffaqiyatlar tiladi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati