Hamkorlikning yangi imkoniyatlari
20.04.2010
Hamkorlikning yangi imkoniyatlari

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Dmitriy Medvedevning taklifiga binoan 19-20 aprel kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo’ldi.

Tashrifning asosiy voqealari 20 aprel kuni Kremlda Islom Karimov va Dmitriy Medvedevning yakkama-yakka uchrashuvidan boshlandi. Muloqot chog’ida O’zbekiston-Rossiya munosabatlarini yanada rivojlantirish, xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorlikni kengaytirishga oid masalalar, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik muammolar, jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozining ta’sirini yumshatish va oqibatlarini bartaraf etish yuzasidan fikr almashildi.

O’zbekiston tashqi siyosatida Rossiya, Rossiya tashqi siyosatida O’zbekiston bilan munosabatlar alohida o’rin tutadi. Mamlakatlarimiz o’rtasida 2004 yilda Strategik sheriklik to’g’risidagi shartnoma, 2005 yilda Ittifoqchilik munosabatlari to’g’risidagi shartnoma imzolangan. Bugungi hamkorlik ana shu hujjatlar asosida rivojlanmoqda. Buning tasdig’i sifatida oliy darajadagi muloqotlar muntazam tus olganini ta’kidlash joiz.

Turli maqomdagi delegatsiyalarning o’zaro tashriflari ham faol davom etmoqda. Joriy yilning mart oyida O’zbekiston-Rossiya hukumatlararo qo’shma komissiyasining navbatdagi yig’ilishi bo’lib o’tdi.

Tashqi siyosat, tashqi savdo, mudofaa mahkamalari o’rtasidagi muloqot va maslahatlashuvlar izchil davom etmoqda.

O’zbekiston va Rossiya BMT, ShHT, MDH kabi xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar doirasida ham faol hamkorlik qilmoqda. Bu aloqalar mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, integratsiya jarayonlarini rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Mamlakatlarimiz Afg’onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish ishlariga yordam ko’rsatish borasida ham hamkorlik qilib kelmoqda.

Islom Karimov va Dmitriy Medvedev savdo-iqtisodiy va gumanitar hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratdilar. Rossiya O’zbekistonning ishonchli siyosiy, iqtisodiy va sarmoyaviy sherigidir. O’zbekiston tashqi savdosining beshdan bir qismi Rossiya hissasiga to’g’ri keladi. Gumanitar hamkorlik borasida ham aloqalar ko’lami keng ekanini ta’kidlash joiz. Bu yo’nalishdagi hamkorlik ta’lim, madaniyat, sog’liqni saqlash, sayyohlik kabi ko’plab sohalarni qamrab olgan.

Umuman aytganda, davlat rahbarlarining o’zaro munosabatlarni rivojlantirishga doir masalalar, mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan nuqtai nazar va qarashlari o’xshash va yaqinligi, xalqlarimizning do’stligi hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. O’zaro munosabatlar turli darajalarda imzolangan 276 hujjatga asoslanadi.

Suhbat chog’ida Markaziy Osiyoda suv-energetika zaxiralaridan oqilona foydalanish masalalari ham ko’rib chiqildi. Mintaqaning transchegaraviy daryolarida gidrotexnika inshootlari qurishda qo’shni mamlakatlar bilan maslahatlashish, bunday loyihalarni mustaqil xalqaro ekspertizadan o’tkazish zarurligi ta’kidlandi.

Islom Karimov va Dmitriy Medvedev muloqotni O’zbekiston va Rossiya rasmiy delegatsiyalarining kengaytirilgan tarkibdagi muzokarasida davom ettirdilar.

Dunyoda moliyaviy-iqtisodiy inqiroz hukm surayotganiga qaramay, 2009 yilda mamlakatlarimiz o’rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi qariyb 4,5 milliard AQSh dollarini tashkil qildi. O’zbekistonning Rossiyaga eksporti tabiiy gaz, qishloq xo’jaligi mahsulotlari, transport va kommunikatsiya xizmatlari, transport vositalari, to’qimachilik buyumlaridan iborat. O’zbekistonda ishlab chiqarilgan yengil avtomobillar Rossiyada eng xaridorgir transport vositalaridan ekanini alohida ta’kidlamoq joiz. Bu o’zaro savdoda yuqori qo’shimcha qiymatga ega, raqobatbardosh sanoat mahsulotlarining ulushi ortayotganiga yorqin misoldir. Rossiyadan O’zbekistonga rangli va qora metallar, mexanik va elektr uskunalar, yog’och va undan ishlangan buyumlar kabi mahsulotlar keltiriladi.

Sarmoyaviy hamkorlik rivoji qo’shma korxonalar sonining oshganida yaqqol ko’zga tashlanadi. Hozirgi kunda mamlakatimizda 843 O’zbekiston-Rossiya qo’shma korxonasi faoliyat yuritmoqda. Rossiyaning 135 firma va kompaniyasi mamlakatimizda o’z vakolatxonasini ochgan. Rossiyada esa o’zbekistonlik sheriklar ishtirokida tuzilgan 385 qo’shma korxona faoliyat yuritmoqda.

Prezidentlar ushbu ko’rsatkichlar ikki tomonning ham imkoniyatlarini to’la aks ettirmasligini ta’kidladilar. O’zbekiston va Rossiya savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik ko’lamini yanada kengaytirish uchun ulkan salohiyatga ega. Sanoatning qator tarmoqlarida, qayta ishlash sanoatida, boshqa ko’pgina sohalarda ikki mamlakatning firma va kompaniyalari hamkorligi uchun keng faoliyat maydoni mavjud.

Muzokarada madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ham ko’rib chiqildi. Ta’lim, sog’liqni saqlash, ilm-fan va texnika sohalarida hamkorlik muvaffaqiyat bilan rivojlanmoqda.

Sayyohlik sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida 2009 yilning oktyabr oyida “O’zbekturizm” milliy kompaniyasi bilan Rossiya Sayyohlik korporatsiyasi o’rtasida agentlik bitimi imzolangan. U Rossiyada O’zbekistonning sayyohlik salohiyatini keng ishga solish va sayyohlar oqimini oshirishni nazarda tutadi.

Tashrif yakunlari bo’yicha O’zbekiston va Rossiya Prezidentlarining qo’shma bayonoti qabul qilindi.

Ikki mamlakat hukumatlari o’rtasida Harbiy-texnika sohasidagi hamkorlik bo’yicha 2010-2012 yillarga mo’ljallangan tadbirlar rejasini amalga oshirishga ko’maklashish masalalariga oid o’zaro anglashuv memorandumi, O’zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo’mitasi bilan Rossiya Federatsiyasi Federal bojxona xizmati o’rtasida Oldindan xabardor etish bo’yicha eksperiment o’tkazish to’g’risidagi protokol, Madaniy-gumanitar sohada 2010-2012 yillarga mo’ljallangan hamkorlik dasturi imzolandi.

Prezidentlar ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda muzokaralar ochiq, do’stona ruhda o’tganini, erishilgan kelishuvlar o’zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladilar.

– Ushbu tashrif o’zaro munosabatlarni rivojlantirishning yangi ustuvor yo’nalishlarini belgilash, ishga solinmayotgan imkoniyatlardan to’laroq foydalanish masalalarini muhokama qilish uchun qulay imkoniyatdir, – dedi Islom Karimov. – O’zbekiston Rossiya bilan munosabatlarni yuksak qadrlaydi. Bu munosabatlar ikki mamlakat manfaatlariga, ayni paytda butun Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashga xizmat kiladi.

– Bo’lib o’tgan muzokaralar o’zaro sheriklik aloqalarini har tomonlama kengaytirishga Rossiyada ham, O’zbekistonda ham qiziqish katta ekanini namoyish qildi, – dedi Dmitriy Medvedev. – Biz iqtisodiy masalalar haqida fikr almashdik. Energetika, aviasozlik, mashinasozlik, telekommunikatsiya va ko’plab boshqa sohalardagi keng ko’lamli hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldik. Ushbu tashrif hamkorlikning asosiy yo’nalishlarini yanada mustahkamlab, yangi imkoniyatlarni ochishiga ishonaman.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Rossiya Federatsiyasi hukumati Raisi Vladimir Putin bilan uchrashdi. Mamlakatlarimiz o’rtasidagi savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirishga doir, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar muhokama qilindi.

Shu bilan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Rossiya Federatsiyasiga rasmiy tashrifi nihoyasiga yetdi. Ushbu tashrif o’zaro munosabatlarni rivojlantirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekanini yana bir karra tasdiqladi va hamkorlikni yanada yuqori bosqichga ko’tarishning yangi imkoniyatlarini ochib berdi, deyish uchun barcha asoslar bor.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 20.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati