AQSH. NYU-YORK. BMT BOSH ASSAMBLEYASINING MINGYILLIK RIVOJLANISH MAQSADLARI BO‘YICHA OLIY DARAJADAGI YALPI MAJLISI
20.09.2010

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov BMT Bosh kotibi Pan Gi Munning taklifiga binoan BMT Bosh Assambleyasining Mingyillik rivojlanish maqsadlari bo‘yicha oliy darajadagi yalpi majlisida ishtirok etdi. Davlatimiz rahbari mazkur sammitda nutq so‘zladi.

O‘zbekiston bilan BMT o‘rtasidagi munosabatlar qamrovi keng. Mamlakatimiz 1992 yilda ushbu eng nufuzli xalqaro tashkilotga a’zo bo‘ldi. O‘tgan davrda tinchlik va barqarorlikka tahdid soluvchi xavf-xatarlarga qarshi kurashish, ekologik muammolarni bartaraf etish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish borasida O‘zbekiston BMT bilan izchil hamkorlik qilib keladi.

2002 yilda BMTning o‘sha vaqtdagi Bosh kotibi Kofi Annan O‘zbekistonga keldi.

Joriy yilning aprel oyida amaldagi Bosh kotib Pan Gi Mun mamlakatimizga tashrif buyurdi. Ushbu tashrif asnosida BMT Bosh kotibi ilk bor Orolbo‘yida bo‘ldi va u yerdagi butun dunyoga ta’sir ko‘rsatayotgan ekologik bo‘hron bilan bevosita tanishdi. Bu Markaziy Osiyodagi global ekologik muammoga jahon hamjamiyati e’tiborini yanada kuchaytirishda muhim omil bo‘ldi.

Bosh kotib Pan Gi Munning tashrifi asnosida BMT va SHHT kotibiyatlari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolangani Markaziy Osiyoda integratsiya jarayonlarini faollashtirish, mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlashda mazkur ikki tashkilotning ishtirokini kengaytirish uchun muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan Markaziy Osiyoning yadro qurolidan xoli hudud maqomini olishida ham BMT bilan hamkorlik alohida ahamiyat kasb etdi. Butun dunyoda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga ko‘maklashish, yadro quroli tarqalishining oldini olish yo‘lida jahon hamjamiyatini birlashtirishga intilayotgan BMT bu xayrli g‘oyani keng qo‘llab-quvvatladi.

BMT O‘zbekiston Respublikasining terrorizm, ekstremizm, ayirmachilik va narkotrafikka qarshi birgalikda kurashish hamda Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish borasidagi tashabbuslari va bu yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni kengaytirish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini ham yuksak baholaydi va qo‘llab-quvvatlaydi.

Prezident Islom Karimov BMT minbaridan so‘zlagan nutqida Mingyillik rivojlanish maqsadlari doirasida O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilgan ishlar, mamlakatimizning BMT bilan hamkorligi, Markaziy Osiyoda kechayotgan jarayonlar, mintaqaviy xavfsizlik va ekologiya muammolari, Afg‘oniston mojarosiga alohida to‘xtaldi.

Mamlakatimiz rahbari bugungi kunning eng dolzarb xalqaro muammolarini hal etishda urush va mojarolar to‘siq bo‘layotganini, Afg‘oniston misolida buning yaqqol tasdig‘ini ko‘rish mumkinligini ta’kidladi. Mazkur mamlakatda vaziyatni barqarorlashtirish uchun unga iqtisodiy yordam ko‘rsatish, ijtimoiy-gumanitar va infratuzilmaga oid loyihalarni amalga oshirish lozimligini qayd etdi. Shu bilan birga, Afg‘oniston xalqining ko‘p asrlik an’analari va qadriyatlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish zarur.

Prezident Islom Karimov Mingyillik rivojlanish maqsadlariga erishishda atrof muhit muhofazasi muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. So‘nggi qirq yilda Orol dengizining akvatoriyasi 7 barobar, suvining hajmi 13 marta kamaydi. Orolbo‘yi mintaqasi Amudaryo va Sirdaryo hisobiga suv bilan ta’minlanishi hisobga olinsa, ulardagi oqimning kamaytirilishi shusiz ham murakkab ahvoldagi ekologik barqarorlikka putur yetkazadi.

O‘zbekiston rahbarining ilgari surgan taklif va tashabbuslari BMT Bosh Assambleyasining oliy darajadagi majlisi ishtirokchilari tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilindi.

* * *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh qarorgohida BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun bilan uchrashdi.

Muzokara avvalida mamlakatimiz rahbari BMTning Faxriy mehmonlar kitobiga dastxat yozdi.

– BMTning O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlariga e’tibori kuchayib bormoqda, – dedi Islom Karimov. – Tashkilotning mintaqamizda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, xavfsizlikni mustahkamlash, narkotrafik, uyushgan transmilliy jinoyatchilik va boshqa tahdidlarga qarshi kurashish, ekologik muammolarni bartaraf etish va suv-energetika zaxiralaridan unumli foydalanish masalalarini hal qilishdagi hamkorligini yuksak qadrlaymiz.

Mamlakatimiz rahbari O‘zbekiston bilan BMT huzuridagi Taraqqiyot dasturi, YUNESKO, Bolalar jamg‘armasi, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti kabi tuzilmalar o‘rtasida yaqin aloqalar o‘rnatilgani va bu hamkorlik rivojlanib borayotganini ta’kidladi.

O‘zbekiston BMT bilan ko‘plab sohalarda hamjihatlikda harakat qilib kelmoqda. O‘zaro munosabatlar kun tartibidan xavfsizlik, ekologiya, iqtisodiy rivojlanish, ta’lim va sog‘liqni saqlash kabi masalalardan tashqari BMTni isloh qilish, jumladan, uning organlari faoliyati samaradorligini oshirish masalalari ham o‘rin olgan. O‘zbekiston BMTning mamlakatimizdagi tuzilmalarini yagona vakolatxonaga birlashtirish taklifini ilgari surmoqda. Bu O‘zbekiston bilan BMT o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish va faollashtirish, ushbu tashkilot tuzilmalarining mamlakatimizdagi sa’y-harakatlarini yanada samarali muvofiqlashtirish imkonini bergan bo‘lur edi.

Uchrashuvda Pan Gi Mun BMT O‘zbekiston bilan hamkorlikni yuksak qadrlashini, mamlakatimiz bilan munosabatlarga va umuman Markaziy Osiyo mintaqasiga alohida e’tibor qaratishini ta’kidladi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston bilan BMT o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan fikr almashildi.

* * *

BMT Bosh Assambleyasining Mingyillik rivojlanish maqsadlari bo‘yicha oliy darajadagi yalpi majlisida qatnashish uchun Nyu-Yorkka kelgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov AQSHning “General Motors” korporatsiyasi raisining o‘rinbosari Tomas Stivensni qabul qildi.

Mamlakatimiz rahbari O‘zbekistonda avtomobilsozlik sanoati jadal rivojlanayotgan sohalardan biri ekanini ta’kidlab, bunda “General Motors” bilan hamkorlik muhim o‘rin tutishini, bugungi uchrashuv o‘zaro aloqalarga oid masalalar yuzasidan fikr almashish uchun qulay imkoniyat ekanini ta’kidladi.

Darhaqiqat, “General Motors” mamlakatimiz avtomobilsozlik sanoatiga kirib kelganidan keyin o‘tgan qisqa davrda Asakadagi zavodda bir necha yangi rusumdagi avtomobillar ishlab chiqarila boshladi. Ilgari uning konveyerlaridan Damas, Matiz va Nexia chiqqan bo‘lsa, endilikda ular qatoriga Lacetti, Captiva, Epica va Tacuma rusumli avtomobillar qo‘shildi. Joriy yilning avgust oyidan esa Spark rusumli yangi avtomobil ishlab chiqarilmoqda. Zavod yiliga 50 ming dona shunday avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega. Ularning salkam yarmini eksport qilish mo‘ljallanmoqda.

“General Motors” bilan hamkorlik qo‘shma loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish hamda yangi zamonaviy avtomobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bilan birga, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, eksport hajmini oshirish va jug‘rofiyasini kengaytirish, savdo strategiyasini takomillashtirish, marketing tadqiqotlari o‘tkazishni ham qamrab oladi. Shu tariqa O‘zbekiston avtosanoati “General Motors“ning global tarmog‘idagi muhim bo‘g‘inga aylanib, avtomobilsoz davlatlar qatoridagi o‘rnini mustahkamlamoqda. “General Motors” bilan hamkorlik xorijdan O‘zbekiston avtomobilsozlik sanoatidagi yangi loyihalar, xususan, mahalliylashtirishga oid dasturlar uchun sarmoya jalb etishda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Uchrashuvda Tomas Stivens samimiy qabul uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik izhor etib, “General Motors” O‘zbekiston bilan hamkorlikni yuksak qadrlashini va o‘zaro aloqalarni izchil rivojlantirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.

Suhbat chog‘ida hamkorlikni kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlari, yaqin va o‘rta muddatli istiqbolga mo‘ljallangan rejalar yuzasidan fikr almashildi.

* * *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov AQSHning “Sikorsky Aircraft” kompaniyasi prezidenti Jeffri Pinoni qabul qildi.

Ushbu kompaniya samolyotsozlikning peshqadamlaridan hisoblanadi. Dunyodagi mavjud vertolyotlarning 90 foizi shu kompaniyaning dastlabki modeli asosida ishlab chiqariladi.

“Sikorsky Aircraft”ning vertolyotlari yengilligi, ko‘p vazifalarni bajara olish qobiliyati, parvoz imkoniyatlari va yuksak raqobatbardoshligi bilan ajralib turadi. Ushbu kompaniyada ishlab chiqarilgan texnika ko‘tariladigan yuk vazni, tezlik va boshqaruvning nisbatan qulayligi bilan xalqaro miqyosda keng e’tirof etilgan. “Sikorsky Aircraft” mahsulot ishlab chiqarish va xalqaro buyurtmalar borasida yetakchi kompaniya sanaladi. Ko‘plab davlatlarning tez yordam, qutqarish va qidirish xizmatlari shu kompaniya texnikasidan foydalanadi.

Uchrashuvda J.Pino samimiy qabul uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirib, “Sikorsky Aircraft” O‘zbekiston bilan hamkorlikdan manfaatdor ekanini ta’kiladi.

Suhbat chog‘ida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan fikr almashildi.

* * *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov AQSHning “Honeywell” korporatsiyasi raisi va ijrochi direktori Devid Koutni qabul qildi.

Mamlakatimiz rahbari O‘zbekiston bilan AQSHning yirik korporatsiyalari o‘rtasida hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini qayd etib, “Honeywell” bilan sheriklik aloqalari o‘rnatish va rivojlantirish uchun ham barcha imkoniyatlar mavjud ekanini ta’kidladi.

O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi yetakchi davlat sifatida ushbu korporatsiya uchun yangi bozorlar sari robita bo‘lishi mumkin. Ayni paytda uning texnika va texnologiyalarini, sarmoyasini jalb etish orqali O‘zbekistonda sanoatning yangi ilg‘or turlarini o‘zlashtirish imkonini beradi.

“Honeywell” ko‘p tarmoqli sanoat-texnologiya korporatsiyasi bo‘lib, dunyoning yetakchi yuzta kompaniyasi safida turadi. U aerokosmik texnika, ma’muriy, sanoat va turar-joy binolarini boshqarish texnologiyalari, avtomobilsozlik texnikasi, turbokompressorlar va ko‘plab turdagi boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Samolyot dvigatellari va parvozni boshqarish tizimlari, avtomatlashtirilgan xavfsizlik tizimlari, bug‘ qozon, sovutish uskunalari, suv ta’minoti tarmoqlari, termostat, kontroller kabi sanoat va ko‘plab maishiy texnika vositalari mana shu korporatsiya tomonidan yoki uning texnologiyalari asosida ishlab chiqariladi.

Korporatsiya faoliyatining ko‘lami juda katta. Ko‘plab mamlakatlardagi yirik neftni qayta ishlash zavodlari “Honeywell“ning avtomatlashtirilgan tizimlari bilan ishlaydi. Yirik muzey, galereya va teatr binolarida, parlament binolari va hukumat uylarida “Honeywell“ning xavfsizlik tizimlari o‘rnatilgan. Korporatsiya xizmatlari va mahsulotlarining yuqori sifati butun dunyoda e’tirof etiladi. “Honeywell” “mahsulotlar diapozoni eng katta bo‘lgan kompaniya” maqomini ham olgan.

Birgina avtomobilsozlik sanoati misolida oladigan bo‘lsak, “Honeywell” bilan hamkorlik turli ehtiyot qismlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish orqali ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni kengaytirish va jadallashtirish, avtomobillarda yoqilg‘i tejamkorligini oshirish, filtrlar, svechalar, antifrizlarning yaroqlilik muddatini uzaytirish imkonini beradi.

Uchrashuvda Devid Kout O‘zbekiston yuksak intellektual salohiyatga, boy ishlab chiqarish resurslariga ega davlat ekanini, “Honeywell” rahbariyati mamlakatimiz bilan hamkorlik istiqboliga qat’iy ishonch bilan qarashini ta’kidladi.

Suhbat chog‘ida “Honeywell” bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va kengaytirish masalalari, qo‘shma sarmoyaviy loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish kabi ikki tomonlama foydali bo‘ladigan ustuvor yo‘nalishlar yuzasidan fikr almashildi.

* * *

BMT Bosh Assambleyasining Mingyillik rivojlanish maqsadlariga bag‘ishlangan oliy darajadagi yalpi majlisida ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 21 sentabr kuni BMT Bosh qarorgohida Germaniya Federativ Respublikasi Kansleri Angela Merkel bilan uchrashdi.

Davlatimiz rahbari Germaniya O‘zbekistonning Yevropadagi ishonchli hamkorlaridan ekanini, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar barcha sohalarda izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi.

Germaniya bilan O‘zbekiston o‘rtasida mustahkam siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Turli darajadagi ko‘plab ikki tomonlama tashriflar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Germaniya O‘zbekistonning mamlakatni yanada demokratlashtirish borasidagi sa’y-harakatlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

O‘zbekiston bilan Germaniya o‘rtasida mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash borasida yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish mamlakatimizning Yevropa Ittifoqi bilan o‘zaro manfaatli hamkorligini ham kengaytirishga yo‘naltirilgan.

Uchrashuvda Angela Merkel Germaniyaning tinchlikparvar siyosati O‘zbekiston tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani uchun Prezidentimizga samimiy minnatdorlik izhor etdi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston-Germaniya hamkorligi ko‘lamini yanada kengaytirishga doir va tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar yuzasidan fikr almashildi.

* * *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov shu kuni BMT Bosh qarorgohida Belgiya Bosh vaziri Iv Leterm bilan uchrashdi.

Davlatimiz rahbari Belgiya O‘zbekistonning G‘arbiy Yevropadagi ishonchli hamkorlaridan ekanini, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar siyosiy, savdo-iqtisodiy va gumanitar sohalarda izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi.

O‘zbekiston bilan Belgiya o‘rtasida parlamentlararo aloqalar faollashmoqda, tashqi siyosat va mudofaa mahkamalari, xavfsizlik organlari, oliy ta’lim muassasalarining hamkorligi kengaymoqda.

Belgiya parlamenti vakillari, “O‘zbekiston-Belgiya” parlamentlararo hamkorlik guruhi a’zolari mamlakatimizda o‘tkaziladigan xalqaro anjumanlarda muntazam ishtirok etib kelmoqda. Tashqi ishlar vazirliklarining maslahatlashuvlari chog‘ida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga oid dolzarb masalalar muhokama qilinmoqda. O‘zbekiston va Belgiya mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash borasida ham yaqindan hamkorlik qilayotir.

Iqtisodiy sohada O‘zbekiston bilan Belgiya o‘rtasida eng ko‘p qulaylik yaratish tizimi joriy qilingan. O‘zbekiston Belgiyaga paxta tolasi, gazlama, noorgarnik kimyo mahsulotlari eksport qiladi. Belgiyadan mamlakatimizga mexanik uskunalar, farmatsevtika mahsulotlari, plastmassa va undan yasalgan buyumlar, kauchuk va rezina keltiriladi. 1999 yildan Toshkentda Valloniya Eksport va xorijiy sarmoyalar bo‘yicha agentligi (AWEX) vakolatxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan G‘arbiy Flandriya Savdo-sanoat palatasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolangan. Keyingi yillarda Toshkent va Bryusselda ikki mamlakatning qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorligini rivojlantirish imkoniyatlariga, O‘zbekistonning iqtisodiy va sarmoyaviy salohiyatiga, shaharlar infratuzilmasini takomillashtirishga bag‘ishlangan qator biznes-forum va taqdimot marosimlari, ishbilarmonlarning uchrashuvlari o‘tkazildi.

Madaniyat sohasidagi hamkorlik doirasida Belgiyada Samarqandning 2750 yillik, Marg‘ilonning 2000 yillik yubileylariga bag‘ishlangan ko‘rgazmalar tashkil qilindi. 1999 yildan “O‘zbekiston-Belgiya” do‘stlik jamiyati faoliyat ko‘rsatmoqda. 2004 yilda “Do‘stlik” Belgiya-O‘zbekiston madaniyat markazi ochildi. Toshkent va Kortreyk shaharlari o‘rtasidagi sheriklik aloqalari faollashmoqda. Belgiyaning bu shahrida Abu Ali ibn Sinoga haykal o‘rnatilgan. Samarqand va Lyej shaharlari o‘rtasida ham sheriklik aloqalari rivojlanmoqda.

Uchrashuvda Iv Leterm Belgiya O‘zbekiston bilan hamkorlikni yuksak qadrlashi, o‘zaro munosabatlarni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor bilan yondashishini ta’kidladi. O‘zbekistondagi qulay sarmoyaviy muhit belgiyalik ishbilarmonlarning o‘zbekistonlik sheriklar bilan birga biznes qilish ishtiyoqini kuchaytirayotganini qayd etdi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston-Belgiya munosabatlariga doir hamda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar muhokama qilindi.

* * *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov BMT Bosh qarorgohida Vengriya Respublikasi Prezidenti Pal Shmitt bilan uchrashdi.

Mamlakatimiz rahbari O‘zbekiston bilan Vengriyani o‘zaro ishonch va manfaatdorlikka asoslangan davlatlararo munosabatlar, xalqlarimizning ma’naviy yaqinligi bir-biriga bog‘lab turishini, ushbu uchrashuv ikki tomonlama hamkorlikka oid barcha dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashish uchun qulay imkoniyat ekanini ta’kidladi.

Mamlakatlarimiz siyosiy sohada ikki va ko‘p tomonlama aloqalarni rivojlantirmoqda. O‘zbekiston va Vengriyaning o‘zaro hamkorlikni kengaytirishga doir masalalarga, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik muammolarga qarash va yondashuvlari o‘xshash va yaqin.

O‘zbekiston va Vengriya yaqin iqtisodiy hamkorlardir. Mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik, sarmoyalarni o‘zaro himoyalash va rag‘batlantirish, ikki tomonlama soliqdan qochishga oid muhim hujjatlar imzolangan.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi Vengriyaning Savdoni rivojlantirish va sarmoya bo‘yicha agentligi hamda “Eutoter Kft” sarmoyaviy kompaniyasi bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Ishbilarmonlarning bevosita sheriklik aloqalarini rivojlantirish maqsadida Toshkent va Budapeshtda muntazam ravishda biznes-forumlar o‘tkazilmoqda.

Sarmoyaviy hamkorlik doirasidagi aloqalar rivojiga 2009 yilda O‘zbekiston hukumati bilan Vengriyaning “Omninvest Development Ltd” kompaniyasi o‘rtasida imzolangan shartnoma yaxshi misol bo‘ladi. Moliyaviy qiymati 100 million AQSH dollaridan iborat bu hujjat O‘zbekistonda grippga qarshi vaksina ishlab chiqaruvchi qo‘shma korxona tashkil etishni nazarda tutadi.

Shuningdek, Vengriya Eksimbanki O‘zbekistonga umumiy qiymati 50 million AQSH dollariga teng kredit ajratishga qaror qildi. Bu mablag‘ poliklinikalarni tibbiyot uskunalari bilan jihozlash, shaharlar infratuzilmasiga energiya tejash texnologiyalarini joriy etish, neftni qayta ishlash zavodlarida tozalash inshootlarini rekonstruksiya qilish va neft shlamini qayta ishlash texnologiyasini o‘zlashtirish bo‘yicha loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Gumanitar sohada O‘zbekiston Fanlar akademiyasi va Sog‘liqni saqlash vazirligi Vengriyaning qator tashkilotlari bilan materialshunoslik, mikroelektronika, priborsozlik, farmakologiya kabi sohalarda hamkorlik qilib kelmoqda. Ikki mamlakatda kino kunlari, turli ko‘rgazmalar tashkil qilinmoqda. Toshkent bilan Budapesht shaharlari o‘rtasida sheriklik aloqalari o‘rnatilgan.

Uchrashuvda Pal Shmitt Vengriya barcha sohalarda O‘zbekiston bilan munosabatlarni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston bilan Vengriya o‘rtasidagi hamkorlikning istiqbollariga oid va tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar muhokama qilindi.

* * *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 21 sentabr kuni AQSHning “Boeing” korporatsiyasi katta vitse-prezidenti Marti Bentrotni qabul qildi.

Mamlakatimiz rahbari “Boeing” O‘zbekistonning aviatsiya va samolyotsozlik sohasidagi yaqin hamkorlaridan biriga aylanganini, ushbu korporatsiya bilan aloqalar havo kemalari yetkazib berish barobarida, parvozlar xavfsizligini oshirish, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishni takomillashtirish, texnikaviy ta’minot va ta’mirlash, kadrlar tayyorlash, mutaxassislar malakasini oshirish kabi sohalarni qamrab olganini ta’kidladi.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi o‘z samolyotlari parkini yangilash doirasida 1995 yildan buyon “Boeing” bilan hamkorlik qilib keladi. Shu kungacha milliy aviakompaniyamiz 11 “Boeing” rusumli samolyotni xarid qilgan. Shu tariqa qanotiga O‘zbekiston bayrog‘i tushirilgan “Boeing” samolyotlari dunyo mamlakatlariga parvoz qilmoqda. Mamlakatimiz uchuvchilari “Boeing-757-200” va “Boeing-767-300ER” samolyotlari boshqaruvini to‘liq o‘zlashtirgan. “Uzbekistan Airways Technics” aviakorxonasida nafaqat O‘zbekistonga qarashli, balki ko‘plab boshqa davlatlardagi aviakompaniyalarga tegishli shu rusumdagi samolyotlarga texnik xizmat ko‘rsatilmoqda.

“Boeing” bilan hamkorlik yil sayin rivojlanmoqda. “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi bilan “Boeing” o‘rtasida imzolangan bitimlarga ko‘ra, ushbu korporatsiya 2011-2013 yillarda O‘zbekistonga yana to‘rtta “Boeing-767-300ER” samolyoti yetkazib beradi. 2016 yilda esa “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi parkiga “Boeing-787-8” rusumdagi ikkita yangi avlod samolyoti qo‘shiladi.

Shu bilan birga, uchuvchi-texnik tarkib, texnik xizmat ko‘rsatish mutaxassislari tayyorlash borasida “Boeing” bilan hamkorlik izchil davom ettirilmoqda. O‘zbekistonlik uchuvchi va texnik xodimlar “Boeing” o‘quv markazlarida malaka oshirmoqda.

Uchrashuvda Marti Bentrot samimiy qabul uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirib, “Boeing” “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi bilan hamkorlikni izchil rivojlantirish tarafdori ekanini ta’kidladi.

Suhbat chog‘ida aviatsiya va xizmat ko‘rsatish sohasidagi hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan fikr almashildi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 20.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati