Taraqqiyot va farovonlik – islohotlar samarasi
02.07.2009
Taraqqiyot va farovonlik – islohotlar samarasi O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishish maqsadida 2 iyul kuni Namangan viloyatida bo’ldi.

Namangan viloyati mamlakatimiz iqtisodiy-ijtimoiy, madaniy-ma’naviy hayotida muhim o’rin tutadigan mintaqalardandir. Namangan ahli mustaqilligimizni mustahkamlash, mamlakatimizni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirishga munosib hissa qo’shib kelmoqda. Viloyatda joriy yilning birinchi yarmida yalpi hududiy mahsulot o’sishi 10,7 foizni tashkil etdi, sanoat mahsulotlari va xalq iste’moli mollari ishlab chiqarishning barqaror o’sishi ta’minlanmoqda.

Bu yil viloyatda 79 ming gektar maydonga g’alla, 86 ming gektardan ziyod yerga paxta ekildi. Viloyatdagi yetti mingga yaqin fermer xo’jaligi paxtachilik va g’allachilikdan tashqari, bog’dorchilik, chorvachilik, poliz ekinlari yetishtirish bilan shug’ullanadi.

Bugungacha viloyatning besh tumani davlatga g’alla topshirish bo’yicha shartnoma majburiyatini bajardi. Umumiy g’alla maydonining 65,4 foizidagi hosil o’rib-yig’ib olindi. G’alladan bo’shagan maydonlarni somondan tozalash va peshma-pesh shudgorlash ishlari izchil davom etmoqda.

Prezident Islom Karimov Kosonsoy tumanidagi “Chinor” fermer xo’jaligi dalalariga tashrif buyurdi. Bu yerda mamlakatimiz rahbari fermerlar bilan muloqotda bo’ldi.

Islom Karimov fermerlik harakatining istiqboli haqida so’z yuritar ekan, fermerlar nainki iqtisodiy, ijtimoiy, balki siyosiy hayotimizning tayanchiga aylanib borayotganini ta’kidladi.

– Fermer faoliyati faqat g’alla yoki paxta yetishtirish bilan cheklanib qolmasligi kerak, – dedi mamlakatimiz rahbari. – Fermer o’zi yetishtirgan mahsulotni o’zi qayta ishlashni yo’lga qo’yishi, shu orqali qishloqqa sanoatni olib kirishi va pirovardida aholi farovonligini oshirishga xizmat qilishi kerak. Jumladan, chorvachilik serdaromad sohalardan biri. Bu sohani rivojlantirish, chorva mahsulotlarini qayta ishlash orqali daromadni bir necha hissa orttirish mumkin. Bu nafaqat ichki bozor talablarini qondirish, balki mamlakatimizning eksport salohiyatini yanada oshirish imkonini ham beradi.

Prezidentimizning taklif va maslahatlari nechog’li asosli ekaniga Kosonsoy tumanidagi Hamidxon Mo’ydinxo’jayev rahbarlik qilayotgan “Chashmai safed” fermer xo’jaligi misolida ham ishonch hosil qilish mumkin.

– 189 gektar yerimiz bor, – deydi H.Mo’ydinxo’jayev. – Asosan chorvachilik bilan shug’ullanamiz. Xo’jaligimizda 730 bosh qoramol bor. 300 bosh sog’in sigir kuniga 5 tonnagacha sut beradi. Uni zamonaviy texnologiyalar asosida qayta ishlab, 12 turdagi mahsulot ishlab chiqaryapmiz. Yaqinda go’shtni qayta ishlaydigan sex ochdik.

Yurtboshimiz “Chashmai safed” kabi fermer xo’jaliklari tajribasini ommalashtirish, boshqalarga ham qayta ishlash sanoatini rivojlantirishda yordam berish maqsadga muvofiqligini ta’kidladi.

Mamlakatimiz rahbari Sug’oriladigan yerlarda g’alla va dukkakli o’simliklar ilmiy-tadqiqot institutining Namangan filialida olimlar va fermerlar bilan uchrashdi.

Mazkur institut mahalliy tuproq xususiyatlari va iqlim sharoitidan kelib chiqib, sug’oriladigan maydonlarda g’alla hosildorligini oshirish va sifatini jahon andozalariga moslashtirish, zararkunanda va kasalliklarga qarshi kurashish, yangi urug’lik navlari yetishtirish kabi vazifalarni bajaradi.

Filialda g’alla va paxta urug’chiligi bo’yicha har yili yuqori hosil olinmoqda. Buning samarasi o’laroq, namanganlik fermerlarning 95 foizi viloyatning o’zida tayyorlanayotgan sifatli urug’ bilan ta’minlanmoqda.

Mutaxassislarning ilmiy izlanishlari natijasida g’allaning serhosil, ertapishar, kasalliklarga chidamli ikki yangi navi – “G’ayrat” va “Gavhar” yaratildi.

Prezidentimiz filialda Farg’ona vodiysi dalalarida yetishtirilayotgan g’allaning yigirmadan ziyod navi namunalarini ko’zdan kechirdi. “Chillaki” navining o’ziga xos xususiyatlari va afzalliklari bilan qiziqdi. “Chillaki” Namangan viloyatining iqlim va tuproq sharoitiga moslashgan, ertapishar, serhosil nav bo’lib, gektaridan 50-60 sentner hosil beradi.

– Istiqbolli g’alla navlarini yaratish davlat ahamiyatiga molik masala, – dedi Islom Karimov. – Biz ertani o’ylashimiz, yangi navlarni yaratishda ilmiy asoslarga tayangan holda fermerlarning maslahatlari, taklif va tavsiyalarini inobatga olishimiz darkor.

Islom Karimov mustaqillik yillariga qadar O’zbekistonda g’allachilik ancha oqsoq soha bo’lganini, bugungi kunda olimlarimiz va fermerlarimiz hamjihatlikda ish yuritib, yuksak natijalarga erishayotganini ta’kidladi. Fermerlarning turmushi, mehnat sharoiti, sohadagi yutuq va muammolar haqidagi ularning fikrlari bilan qiziqdi.

Mamlakatimiz rahbari Namangan viloyati faollari bilan uchrashdi.

Islom Karimov “Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalarni izchil ijro etish qishloq aholisining hayot darajasini oshirishda, qishloqlarni obod etishda, qishloqqa sanoatni olib kirishda, qishloq joylarda xizmat ko’rsatishni yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Namangan shahri infratuzilmasini takomillashtirish, yoshlarni, ayniqsa, kollej va litseylarni bitirayotgan yigit-qizlarni ish bilan ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

Islom Karimov Namangan viloyatidagi harbiy qismlardan birida bo’lib, askarlar va ofitserlar bilan suhbatlashdi. Bu yerdagi sharoit, o’quv mashg’ulotlar jarayoni, harbiylarning jangovar va jismoniy tayyorgarligi bilan tanishdi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 24.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati