Islom Karimov Ispaniya Qirolligi tashqi ishlar va hamkorlik vazirini qabul qildi
03.07.2009
Islom Karimov Ispaniya Qirolligi tashqi ishlar va hamkorlik vazirini qabul qildi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 3 iyul kuni Oqsaroyda Ispaniya Qirolligi tashqi ishlar va hamkorlik vaziri Migel Anxel Moratinosni qabul qildi.

Mamlakatimiz rahbari O‘zbekiston-Ispaniya munosabatlari rivojlanib borayotganini, joriy yil may oyida Madridda Qirol Xuan Karlos bilan uchrashuv chog‘ida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladigan kelishuvlarga erishilganini ta’kidladi.

– Tashrifingiz O‘zbekistonda Ispaniya, Ispaniyada O‘zbekiston bilan munosabatlarni rivojlantirishga intilish kuchli ekanidan yorqin dalolatdir, – dedi Islom Karimov.

O‘zbekistonda Ispaniya bilan hamkorlikka alohida e’tibor bilan qaraladi. 2006 yilda Ispaniya Qirolligi bilan hamkorlikni yanada kengaytirishga oid hukumat qarori, 2009 yilning fevral oyida hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi qabul qilindi.

Ispaniya ham mamlakatimiz bilan munosabatlarni yuksak qadrlaydi va O‘zbekistonga Markaziy Osiyoning yetakchi davlati sifatida qaraydi.

O‘zbekiston va Ispaniya xalqlarining aloqalari uzoq tarixga ega ekanini ta’kidlash joiz. Olti asr muqaddam Amir Temur saroyida ispaniyalik Rui Gonsales de Klavixo elchi bo‘lgan. Sohibqiron esa Muhammad al-Qoziyni Ispaniyaga elchi etib tayinlagan. Bir necha asrlik madaniy, ma’rifiy, siyosiy va iqtisodiy aloqalar bugun zamon ruhida yangicha asosda rivojlanmoqda.

Tashqi siyosat mahkamalarining muntazam maslahatlashuvlari yo‘lga qo‘yilgan. Parlamentlar, ombudsmanlar o‘rtasida hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan.

Iqtisodiy sohada O‘zbekiston bilan Ispaniya o‘rtasida eng ko‘p qulaylik yaratish tartibi amal qilishini qayd etish o‘rinlidir. Mamlakatimizda “Texkominvest” (savdo), “Balkan Eksport Import Asia” (qurilish materiallari ishlab chiqarish), “Maxam Central Asia”, “Maxam Uzbekistan” (kimyo sanoati) kabi qator O‘zbekiston-Ispaniya qo‘shma korxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligida Ispaniyaning “Preparado Alimenticios” (oziq-ovqat sanoati), “Atlas Consorcio” (muqobil energiya texnologiyalari) singari yirik kompaniyalari vakolatxonalari akkreditatsiyadan o‘tgan.

Ispaniya O‘zbekistonning ishonchli sarmoyaviy sheriklaridan. Ikki mamlakat kompaniyalari va banklari o‘zaro hamkorlikda tibbiyot, infratuzilma va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirmoqda.

Gumanitar hamkorlik ham rivojlanmoqda. 2000 yilda “Klavixo-Amir Temur” Ispaniya-O‘zbekiston do‘stlik uyushmasi tuzilgan. Mazkur uyushma bilan hamkorlikda 2004 yili Toshkent va Samarqand shaharlarida Amir Temur davlati bilan Ispaniya Qirolligi o‘rtasida diplomatiya munosabatlari o‘rnatilganining 600 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar bo‘lib o‘tdi, Barselonada Zahiriddin Muhammad Boburning mashhur “Boburnoma” asari ispan tilida nashr qilindi.

2008 yil iyun oyida Ispaniya Tashqi ishlar vazirligining Osiyo mamlakatlari bilan madaniy aloqalar bo‘yicha instituti (“Casa Asia”) delegatsiyasi O‘zbekistonga keldi. Ushbu tashrifdan ko‘zlangan maqsad madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish, ko‘rgazma, konferensiya va seminarlar tashkil etish orqali Ispaniyada o‘zbek xalqining madaniy-ma’naviy merosini targ‘ib qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish, oliy o‘quv yurtlari o‘rtasidagi bevosita aloqalarni rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdan iborat edi.

Oliy o‘quv yurtlari o‘rtasidagi aloqalar ham faollashmoqda. Xususan, O‘zbekiston Davlat jahon tillari universiteti Madrid, Granada, Alkala de Enares, Malaga universitetlari bilan bevosita aloqa o‘rnatgan. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tizimidagi institutlar Ispaniyadagi yirik ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan qo‘shma tadqiqotlar olib bormoqda.

Oqsaroydagi uchrashuvda Migel Anxel Moratinos samimiy qabul uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirib, Ispaniya O‘zbekiston bilan aloqalar ko‘lamini yanada kengaytirish tarafdori ekanini ta’kidladi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston-Ispaniya munosabatlariga doir masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 09.12.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati