Hamkorlikning yangi bosqichi
20.10.2010
Hamkorlikning yangi bosqichi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning taklifiga binoan 19-20 oktabr kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi.

Mamlakatimiz rahbarining tashrifiga Ashxobodda katta tayyorgarlik ko‘rilgan. Shahar aeroporti, ko‘chalari ikki mamlakat bayroqlari, o‘zbek va turkman tillaridagi qutlov so‘zlari bilan bezatilgan.

Tashrifning asosiy voqealari 19 oktabr kuni Ashxoboddagi “O‘g‘uzkent” qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning tor doiradagi suhbatidan boshlandi. O‘zbekiston-Turkmaniston munosabatlariga doir keng ko‘lamli masalalar, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik muammolar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Islom Karimov o‘zaro munosabatlarni har tomonlama chuqurlashtirish borasida manfaatlar va qarashlarning mushtarakligi, shuningdek, muhokama qilingan deyarli barcha masalalar yuzasidan pozitsiyalar va yondashuvlar o‘xshash va yaqinligi yana bir karra o‘z tasdig‘ini topganini ta’kidladi.

– O‘zbekiston Turkmanistonning puxta o‘ylangan tashqi siyosat yo‘lini, mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikni mustahkamlash, mintaqada savdo hamda iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, transport-kommunikatsiya yo‘laklari va energetika yo‘nalishlarini rivojlantirishga doir xolis yondashuvlarini, asosli tashabbuslarini izchil qo‘llab-quvvatlaydi, – dedi mamlakatimiz rahbari.

O‘zbekiston rahbari iqtisodiy munosabatlarga to‘xtalib, dunyoda moliyaviy-iqtisodiy inqiroz hamon davom etayotganiga qaramay, 2009 yilda ikki tomonlama savdo aylanmasi qariyb 40 foiz o‘sganini, bunda birgalikdagi sa’y-harakatlar va ko‘rilgan amaliy choralar, jumladan, Toshkent va Ashxobodda ikki mamlakat milliy ko‘rgazmalarining o‘tkazilgani muhim omil bo‘lganini qayd etdi.

– O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasida erkin savdo tartibini to‘la joriy etish mamlakatlarimizda ishlab chiqarilayotgan tovarlarning erkin harakatlanishi yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish va korxonalarimiz o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini kengaytirishga xizmat qiladi, – dedi Islom Karimov.

Mamlakatimiz rahbari Ashxobod shahrida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan avtomobillarni sotish va ularga servis xizmati ko‘rsatish bo‘yicha O‘zbekiston-Turkmaniston qo‘shma korxonasining ochilishi xo‘jalik subyektlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi amaliy qadam bo‘lganini qayd etdi.

Islom Karimov mamlakatimiz Turkmaniston-O‘zbekiston-Qozog‘iston-Xitoy gaz quvuri qurilishiga oid loyihaning amalga oshirilishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlaganini ta’kidladi. Mazkur quvur tabiiy gaz uchun barqaror tranzit yo‘lagini shakllantirib, Markaziy Osiyo mintaqasidan uglevodorod xomashyosi eksportini diversifikatsiya qilish imkonini beradi.

O‘zbekiston rahbari mintaqamiz kommunikatsiya salohiyatidan foydalanishda mamlakatlarimiz uchun ochilayotgan istiqbolli yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratdi.

– Bu o‘rinda gap O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron-Ummon-Qatar va Fors ko‘rfazining boshqa mamlakatlari orqali o‘tadigan transport yo‘lagini tashkil etish loyihasini ishlab chiqish haqida bormoqda, – dedi Islom Karimov. – Bu masalani biz Turkmaniston Prezidenti bilan muhokama qildik va men bu loyiha, bu yo‘lak mamlakatlarimiz katta ehtiyoj sezayotgan kommunikatsiya yo‘nalishlari, jahon bozoriga chiqish uchun ulkan imkoniyatlar yaratishi mumkinligini Turkmaniston Prezidenti to‘liq ma’qullaganidan mamnunman. Ushbu loyihani ishlab chiqish va amalga oshirishda O‘zbekiston va Turkmaniston o‘zaro ishonchli hamkor bo‘ladi, deb ta’kidlamoqchiman. Bu oddiy loyiha emas. Undan mamlakatlarimizdan tashqari boshqa ko‘plab davlatlar ham manfaat ko‘radi. Ushbu loyihani amalga oshirishda Turkmaniston muhim o‘rin tutadi. Agar Turkmaniston mazkur ishni amalga oshirishni boshlasa, boshqa mamlakatlar ham uni qo‘llab-quvvatlashiga ishonaman.

Muzokaralar yakunida Islom Karimov va Gurbanguli Berdimuhamedov O‘zbekiston-Turkmaniston qo‘shma bayonotiga imzo chekdilar. Mamlakatlarimiz hukumatlari o‘rtasida madaniy-gumanitar sohada 2011-2013 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi imzolandi.

Tashrifning ikkinchi kuni Prezidentlar Islom Karimov va Gurbanguli Berdimuhamedov Turkmanistonning Toshhovuz shahriga bordilar.

Bu yerda 18 oktabr kuni O‘zbekiston va Turkmaniston xalqlarining do‘stlik festivali boshlangan edi. Unda O‘zbekiston va Turkmanistondan uch yuzdan ziyod san’atkor ishtirok etayotgani anjumanning ko‘lami naqadar keng ekanidan dalolat beradi. Festival o‘tayotgan Saparmurod Turkmanboshi nomidagi sayilbog‘ har kuni mehmonlar bilan gavjum bo‘ldi.

Bu yerda Prezidentlar xalq amaliy san’ati buyumlari, oziq-ovqat sanoati mahsulotlari ko‘rgazmasi bilan tanishdilar. Chavandozlar, polvonlar o‘z mahoratini namoyish etdi.

Turkmaniston Prezidenti mamlakatimiz rahbariga jahondagi eng noyob axalteki zotidan bo‘lgan “G‘ayrat” laqabli ot sovg‘a qildi.

Toshhovuzdagi “Ruhiyat” saroyida do‘stlik festivalining asosiy voqeasi – O‘zbekiston va Turkmaniston san’at ustalarining galakonserti bo‘ldi.

Islom Karimov va Gurbanguli Berdimuhamedov mamlakatlarimiz munosabatlari tarixida ilk bor tashkil qilingan ushbu ijodiy anjuman o‘zbek va turkman xalqlari o‘rtasida madaniyat va san’at sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladilar.

– Bugun barchamiz Turkmanistonning so‘lim go‘shalaridan biri bo‘lgan Toshhovuz shahrida o‘zbek va turkman xalqlarining madaniy hayotida katta iz qoldiradigan tarixiy bir voqeaning guvohi bo‘lib turibmiz, – dedi Islom Karimov. – Ota-bobolarimizdan qolgan bir hikmat bor: agar qaysi bir xalqning tabiati, qalbi va yuragini bilmoqchi bo‘lsang, avvalo, uning madaniyati, adabiyoti va san’atini bilish kerak. Chindan ham, har bir xalqning shoir va bastakorlari, baxshilari va ijrochilari yaratgan asarlarda shu elning quvonchi, ezgu intilishlari, orzu-armonlari mujassam bo‘ladi.

Turkmanistonning milliy mumtoz san’ati, jozibador estrada qo‘shiqlarini eshitganimda, turkman xalqining tobora obod va farovon bo‘lib borayotgan bugungi hayotini, uning barcha sohalarda qo‘yayotgan dadil qadamlarini, turkman yoshlarining azmu shijoatini, suluv qizlarining nazokatini yorqin tasavvur qilaman. Ishonchim komilki, mana shu hashamatli zalda o‘tirgan turkman do‘stlarimiz ham buyuk o‘zbek shoiri Alisher Navoiy asarlarini o‘qiganda, kuy va qo‘shiqlarimizni tinglaganda elu yurtimizning kechagi kunini, bugungi farovon hayotini yorqin tasavvur qiladilar, deb ta’kidladi O‘zbekiston rahbari.

– Necha asrlarki, O‘zbekiston va Turkmaniston hududlarida o‘ziga xos madaniyat va sivilizatsiya namoyandalari ahil va inoq yashab kelmoqda, – dedi Gurbanguli Berdimuhamedov. – Bu xalqlarimizga xos mehr-oqibat, tinchlikparvarlik, ochiq ko‘ngillilik va bag‘rikenglik kabi olijanob fazilatlarning namoyon bo‘lishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Darhaqiqat, bunday festivallar o‘zbek va turkman xalqlarini bir-biriga yanada yaqinlashtiradi. Bu forum O‘zbekiston va Turkmanistonning zamonaviy va mumtoz san’ati bilan kengroq tanishish, ijodiy muloqotlarni faollashtirish uchun qulay imkoniyat bo‘ldi. Zero, madaniyat va san’at namoyandalari bir necha kun davomida teatr va konsert zallarida o‘z mahoratini namoyish etish barobarida, ko‘plab ijodiy suhbatlar, uchrashuvlar o‘tkazdilar. Bu festival ikki xalqning iste’dodli ijodkor yoshlari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni rivojlantirishda ham muhim omil bo‘ladi. Chunki festival ishtirokchilarining asosiy qismini yosh avlod vakillari tashkil qiladi.

Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Turkmanistonga rasmiy tashrifi yakuniga yetdi. Ushbu tashrif O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik aloqalari yanada yuksak bosqichga ko‘tarilganidan yorqin dalolatdir. Ashxoboddagi muzokaralar va Toshhovuzdagi do‘stlik festivali mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va qardoshlik tamoyillari asosida rivojlanib borayotganini yana bir bor namoyon etdi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 14.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati