Xavfsizlik masalalari muhokamasi
01.08.2009

Avval xabar qilinganidek, Qirg‘iziston Respublikasining Cho‘lponota shahrida Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining (ODKB) norasmiy sammiti bo‘lib o‘tdi.

Uning ishida O‘zbekiston, Armaniston, Belarus, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston prezidentlari ishtirok etdilar. Muzokaralar chog‘ida keng ko‘lamli dolzarb masalalar muhokama qilindi, jumladan, ODKBga a’zo davlatlar xavfsizligini ta’minlash, tashkilotni takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish, xalqaro terrorizm, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, narkobiznes kabi zamonaviy xavf-xatar va tahdidlarga qarshi kurashish borasidagi sa’y-harakatlar yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuv ishtirokchilari o‘zaro muvofiqlashtirilgan axborot siyosati yuritish borasida kelishuvga erishilgani muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar. Axborot xavfsizligi sohasida mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha texnologiyalar markazi tuzishga qaror qilindi. Prezidentlar muzokaralar samarali bo‘lganini ta’kidladilar.

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining norasmiy uchrashuvi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Qirg‘iziston Respublikasi rahbari Qurmanbek Bakiyev bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tomonlar ikki va ko‘p tomonlama munosabatlarning istiqbollarini muhokama qildilar. Shuningdek, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik qator dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Shu bilan davlatimiz rahbarining Qirg‘izistonga tashrifi yakuniga yetdi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 23.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati