Ishonch yorliqlari topshirildi
05.08.2009
Ishonch yorliqlari topshirildi O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovga 5 avgust kuni Gruziya hamda Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchilari etib tayinlangan – Georgiy Kublashvili va Rupert Joy ishonch yorliqlari topshirdi.

Davlatimiz rahbari ishonch yorliqlarini qabul qilib olar ekan, diplomatlarni sharafli va mas’uliyatli lavozimga tayinlangani bilan qutladi, yurtimizda boshlayotgan missiyalarida muvaffaqiyat tiladi. O’zbekistonning ushbu ikki davlat bilan o’zaro munosabatlari rivojlanib borayotganini ta’kidladi.

O’zbekiston-Gruziya munosabatlari 1995 yilda imzolangan Do’stlik va hamkorlik to’g‘risidagi shartnoma ruhida rivojlanib bormoqda. Mamlakatlarimiz o’rtasidagi munosabatlar o’zaro manfaatdorlik va do’stlik tamoyillariga asoslanadi.

Iqtisodiy sohada savdo-sotiq va transport kommunikatsiyalari yo’nalishidagi aloqalar alohida o’rin tutadi. Ayni paytda Ikki tomonlama hamkorlik bo’yicha hukumatlararo komissiya savdo-sotiq borasida an’anaviy mahsulotlar bilan cheklanmasdan, yangi tovarlarni ayirbosh qilish imkoniyatlarini ko’rib chiqmoqda. Xususan, Gruziya tomoni O’zbekistondan faqat paxta yo tranzit yuk emas, bug’doy ham import qilish mumkin, deb hisoblaydi.

G.Kublashvili O’zbekiston bilan Gruziya o’rtasida an’anaviy do’stona munosabatlar qaror topganini, hamkorlik ko’lamini imkon qadar mavjud imkoniyatlar darajasiga yetkazishni o’zining asosiy vazifasi, deb bilishini ta’kidladi.

O’zbekiston bilan Buyuk Britaniya o’rtasidagi munosabatlar ko’lami keng bo’lib, iqtisodiy va gumanitar sohalarda jadal rivojlanib bormoqda. Shu bilan birga, Buyuk Britaniya O’zbekistonning mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikni mustahkamlash borasidagi tashabbuslarini yuqori baholaydi va mamlakatimiz bilan siyosiy hamkorlikni yuksak qadrlaydi.

Buyuk Britaniya O’zbekistonning Yevropadagi yirik savdo-iqtisodiy sheriklaridandir. O’zbekistonda Buyuk Britaniya sarmoyadorlari bilan hamkorlikda tuzilgan 195 qo’shma korxona faoliyat ko’rsatmoqda. Shuningdek, ushbu mamlakatning 55 firma va kompaniyasi yurtimizda o’z vakolatxonasini ochgan.

Gumanitar sohadagi aloqalar ham jadal rivojlanmoqda. Toshkentda ochilgan Xalqaro Vestminster universiteti oliy ta’lim sohasidagi hamkorlikning yorqin natijasidir. Ikki mamlakatning qator oliy ta’lim muassasalari o’rtasida hamkorlik to’g‘risidagi hujjatlar imzolangan. Akademik doiralar ilm-fanning turli sohalarida qo’shma tadqiqotlar olib bormoqda.

– O’zbekiston bilan Buyuk Britaniya o’rtasidagi munosabatlar rivojlanib bormoqda, – dedi elchi R.Joy. – Biz savdo-iqtisodiy aloqalarni, biznes vakillarining bevosita muloqotlarini rivojlantirish, ta’lim sohasidagi hamkorlik ko’lamini kengaytirish yo’nalishlaridagi ishlarni faollashtirishni ko’zda tutmoqdamiz.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 19.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati