Oqsaroyda qabul
10.08.2009
Oqsaroyda qabul O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 10 avgust kuni Oqsaroyda Koreya Respublikasi Prezidentining maxsus vakili An Sang Suni qabul qildi.

Mamlakatimiz rahbari O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasidagi munosabatlar barcha sohalarda izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi.

O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasida muntazamlik kasb etgan oliy darajadagi muloqotlar hamkorlikni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar ochayotganini alohida qayd etish joiz. O‘zbekiston va Janubiy Koreya rahbarlari o‘zaro munosabatlarni rivojlantirish masalalari, ko‘plab mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik muammolar borasida hamfikrdir. Mamlakatlarimiz ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va gumanitar aloqalarni rivojlantirish bilan birga, xalqaro maydonda bir-birining taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasida parlamentlararo aloqalar faollashmoqda. Ikki mamlakat oliy qonun chiqaruvchi organlari o‘rtasida parlament delegatsiyalarining tashriflari yo‘lga qo‘yilgan.

Iqtisodiy hamkorlik izchil rivojlanmoqda. O‘zbekiston va Janubiy Koreya ko‘plab sohalarda yirik qo‘shma loyihalarni amalga oshirmoqda. 2008 yili o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 1 milliard 56,7 million AQSH dollarini tashkil etdi. Janubiy Koreyaning mamlakatimiz iqtisodiyotiga kiritgan sarmoyasining umumiy hajmi 2 milliard AQSH dollaridan oshadi.

Gumanitar hamkorlik izchil rivojlanmoqda. “O‘zbekiston-Koreya Respublikasi” do‘stlik jamiyati madaniy aloqalarni rivojlantirishga katta hissa qo‘shmoqda. Muntazam ravishda festival, ko‘rgazma, konsert va boshqa ko‘plab madaniy tadbirlar tashkil qilinmoqda.

Oqsaroydagi uchrashuvda An Sang Su samimiy qabul uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirib, Janubiy Koreya O‘zbekiston bilan hamkorlikni bundan buyon ham barcha sohalarda kengaytirib boraverishga tayyor ekanini ta’kidladi. Koreya Respublikasi Prezidentining mamlakatimiz mustaqilligining 18 yilligi va Toshkent shahrining 2200 yillik yubileyi munosabati bilan O‘zbekiston Prezidentiga yo‘llagan maktubini topshirdi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston-Koreya Respublikasi munosabatlariga doir va tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar yuzasidan fikr almashildi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 11.12.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati