Oqsaroyda qabul
18.08.2009
Oqsaroyda qabul

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 18 avgust kuni Oqsaroyda AQSH Qurolli kuchlari Markaziy Qo‘mondonligi qo‘mondoni Devid Petreusni qabul qildi.

Mamlakatimiz rahbari O‘zbekiston Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan munosabatlarni yanada rivojlantirishga muhim ahamiyat berishini hamda o‘zaro hurmat va teng huquqli sheriklik tamoyillari asosida ikki va ko‘p tomonlama samarali hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanini ta’kidladi.

O‘zbekiston va AQSH Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlik o‘rnatish, ushbu mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy tiklash ishlarida hamkorlik qilib kelmoqda. Mamlakatimiz hududi orqali Afg‘onistonga noharbiy va gumanitar yuklar yetkazib berilmoqda.

D.Petreus samimiy qabul uchun mamlakatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi va AQSHning hozirgi ma’muriyati O‘zbekiston bilan turli sohalarda hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi. U shuningdek, Afg‘onistonda barqarorlikni mustahkamlash va mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashga O‘zbekiston muhim hissa qo‘shayotganini qayd etdi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston-AQSH munosabatlarining istiqboliga doir hamda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar yuzasidan fikr almashildi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 14.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati