Istiqlol imkoniyatlari va islohotlar samaralari
25.08.2009
Istiqlol imkoniyatlari va islohotlar samaralari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishish maqsadida 25 avgust kuni Surxondaryo viloyatida bo‘ldi.

Yurtimizning barcha joylarida bo‘lgani kabi Surxondaryo viloyatida ham keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Shahar va qishloqlar obodonlashib, zamonaviy korxonalar, keng va ravon yo‘llar, ta’lim va tibbiyot muassasalari, bog‘ va xiyobonlar bunyod etilayotir.

Viloyatda joriy yilning birinchi yarmida yalpi hududiy mahsulot o‘sishi 9,1 foizni tashkil etdi. Sanoat mahsulotlari, xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish, pullik xizmat ko‘rsatish va boshqa tarmoqlarda ham barqaror o‘sish ta’minlandi.

Istiqlol sharofati bilan Surxondaryo mamlakatimizning sanoati rivojlangan viloyatlaridan biriga aylandi. Mahsulot va xizmatlar eksporti hajmi oshmoqda. Sanoat korxonalarini texnik va texnologik qayta jihozlash, modernizatsiya qilish davom etayotir.

Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi sharoitida Prezidentimiz tashabbusi bilan qabul qilingan Inqirozga qarshi choralar dasturiga muvofiq, vohadagi eksport qiluvchi korxonalarning qo‘llab-quvvatlanayotgani ularning barqaror ishlashini ta’minlash hamda eksport salohiyatini oshirishda muhim omil bo‘lmoqda.

Viloyatda transport infratuzilmasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2007-2010 yillarda umumiy foydalanishda bo‘lgan avtomobil yo‘llarini rivojlantirish dasturining amalga oshirilishi bugungi kunda ishonchli transport aloqasini ta’minlayotir.

2007 yilda qurib bitkazilgan “Toshguzar-Boysun-Qumqo‘rg‘on” temir yo‘l liniyasi bu borada amalga oshirilgan ulkan ishlarning yorqin namunasidir. Vatanimiz mustaqilligining 18 yillik bayrami arafasida ushbu temir yo‘lda muhim yangilik ro‘y berdi – yo‘lovchi poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yildi.

Prezidentimiz dastlab Termiz davlat universitetining yangi bunyod etilgan asosiy binosiga tashrif buyurdi.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mazkur oliy o‘quv yurtida yangi o‘quv binosiga tamal toshi qo‘yilgandi. Muhtasham binoni bosh pudratchi “Santexgazmontaj” xususiy korxonasi quruvchilari qisqa vaqt ichida bunyod etib, eng ulug‘, eng aziz bayramimizning 18 yilligiga munosib sovg‘a hozirladi.

Yurtboshimiz bu yerda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, talaba va professor-o‘qituvchilar uchun yaratilgan sharoit bilan tanishdi. Universitet o‘qituvchilari, talaba-yoshlar bilan suhbatlashdi.

- Surxon vohasining yoshlari ham hech kimdan kam emas. Ular o‘z imkoniyatlarini to‘la ro‘yobga chiqarishi uchun barcha sharoitlarni yaratish zarur, – dedi Islom Karimov. – XXI asr – intellektual asr. Kimki yuksak marralarga erishmoqchi bo‘lsa, qaysi bir davlat taraqqiy etib, xalqaro maydonda keng e’tirof qozonmoqchi bo‘lsa, avvalo, o‘zining intellektual salohiyatini ishga solishi va yuksaltirishi kerak. Xalqimizda azaldan ilmiy tafakkur, keng dunyoqarash, ma’naviy komillik yuksak darajada bo‘lgan. Sohibqiron bobomiz, kuchli birni, ilmli mingni yengadi, deb bejiz aytmagan.

Termiz davlat universitetining o‘n fakultetida 30 ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 7 ming 866 nafar talaba ta’lim oladi. Ularga 506 nafar professor-o‘qituvchi saboq beradi. Bu yil ushbu oliy ta’lim muassasasini 1 ming 862 talaba bitirdi.

Universitetda uchta talabalar turar-joyi, sanatoriy-profilaktoriy, axborot-resurs markazi, kompyuter va til o‘rgatish markazlari faoliyat yuritmoqda.

Arxeologiya, etnografiya kabi yo‘nalishlarda ham ta’lim beriladigan ushbu oliy o‘quv yurti, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, o‘z mazmun-mohiyati bilan noyob universitet sanaladi. Yangi bino g‘oyat muhtasham, o‘quv jihozlari va ta’lim jarayonida foydalaniladigan eng zamonaviy texnik vositalar bilan to‘la jihozlangan. Bunday bunyodkorlik ishlari yoshlarni yangi marralar sari undashi alohida qayd etildi.

- Puxta bilim va yuksak salohiyatga ega, jismoniy va ma’naviy sog‘lom insonda g‘urur va iftixor baland bo‘ladi, – dedi Prezidentimiz. – O‘zbekiston yoshlari aynan ana shunday. Ular jamiyatimizning tayanchi va suyanchi bo‘lishi, istiqbolda hal qiluvchi kuchiga aylanishi kerak.

Islom Karimov Surxondaryo vohasi boy arxeologik va etnografik manba ekanini ta’kidlab, bu ikki sohani xalqaro miqyosda targ‘ib etish maqsadga muvofiq ekanini qayd etdi.

Yurtboshimiz Hakim Termiziy me’moriy majmuini ziyorat qildi.

Mamlakatimizda barcha jabhalar qatori ma’naviyat-ma’rifat sohasida ham keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Tarixiy obida va buyuk ajdodlarimiz qadamjolari obodonlashtirilmoqda. Ularning boy madaniy merosi chuqur o‘rganilmoqda.

Buyuk alloma Hakim Termiziy xoki abadiy qo‘nim topgan me’moriy majmua IX asr oxiri – X asr boshlarida barpo etilgan. Alloma islom madaniyati taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan. Olimning ilmiy va ma’naviy merosi chuqur o‘rganilmoqda. Istiqlol yillarida majmua to‘liq ta’mirlanib, atrofi obodonlashtirildi. Ziyoratchilar uchun barcha sharoit yaratildi. Bu yerda barpo etilgan “Meros” muzeyi yosh avlodni Vatanga muhabbat, milliy qadriyat va an’analarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qilayotir.

Mamlakatimiz rahbari majmuaning madaniy va ma’naviy ahamiyati nechog‘li katta ekani haqida so‘zlar ekan, uning atrofini obodonlashtirish, tashqi qiyofasini yanada ko‘rkamlashtirish uchun Surxondaryo iqlimiga mos daraxtlar o‘tqazish, ko‘kalamzorlashtirish borasida zarur tavsiyalar berdi.

Davlatimiz rahbari Termiz tumanidagi “Asadbek Davlatov” fermer xo‘jaligi dalalariga tashrif buyurib, fermerlar bilan muloqotda bo‘ldi.

Mazkur fermer xo‘jaligi joriy yilda 31,8 gektar maydonda g‘alla parvarishlab, har gektar maydondan 72,6 sentnerdan xirmon ko‘tardi. Ayni kunlarda 47,7 gektar maydonda “Namangan-77” navli g‘o‘za parvarishlanmoqda.

- Paxtachilikda avgust oyi hosil taqdirini hal qiluvchi palla hisoblanadi, buni tajribali mirishkorlarimiz yaxshi bilishadi, – dedi Islom Karimov. – Ko‘klam seryog‘in kelgani paxtakorlarimizga birmuncha qiyinchiliklar keltirgan bo‘lsa-da, ular o‘z mahorati va mehnati bilan barcha qiyinchiliklarni yengib, mo‘ljaldagi hosilni to‘plamoqdalar. Galdagi muhim vazifa yetishtirilgan hosilni vaqtida yig‘ib-terib olishdan iborat.

Yurtboshimiz mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishda, fermerlik harakatining ahamiyati katta ekanini alohida ta’kidladi. Fermerlar mamlakat ravnaqi, xususan, qishloq taraqqiyoti va farovonligini ta’minlashda hal qiluvchi kuchga aylandi.

- Fermer nafaqat dehqon, balki iqtisodchi, menejer, agronom, sanoatchi bo‘lishi lozim, – dedi mamlakatimiz rahbari. – Bugunning talabi – shu. Fermer o‘zi yetishtirgan mahsulotni o‘zi qayta ishlashi, shu orqali qishloqqa sanoatni olib kirishi va aholi farovonligini oshirishga, yoshlarni ish bilan ta’minlashga o‘zining faol hissasini qo‘shishi lozim.

Prezidentimiz “Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalarni izchil bajarish qishloq aholisining turmush darajasini oshirishda, qishloqlarni obod etishda, qishloqqa sanoatni olib kirishda, xizmat ko‘rsatish va servis sohasini yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

- Qishloqlarimiz qiyofasini o‘zgartirish, zamonaviy uylar, yangi yo‘llar, suv, gaz va elektr tarmoqlari, infratuzilmaning boshqa inshootlarini barpo etish odamlarning ongu shuurini, dunyoqarashini, hayotga munosabatini o‘zgartiradi, ertangi kunga ishonchini mustahkamlaydi, – dedi Yurtboshimiz.

Mazkur davlat dasturiga muvofiq viloyat qishloqlarida zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish, qishloq aholisining turmush darajasini yanada yuksaltirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida qishloqlarda 19,1 kilometr tabiiy gaz, 139,6 kilometr toza ichimlik suvi quvurlari yotqizildi. 328,4 ming kvadrat metr uy-joy qurildi.

Eng ulug‘, eng aziz bayramimiz – Vatanimiz mustaqilligining 18 yilligini nishonlayotgan yurtdoshlarimiz yuz berayotgan ulkan yangilanishlar, betimsol bunyodkorlik ishlari, turmushimiz farovonligi Istiqlol tufayli ekanini teran anglaydilar. Surxondaryo viloyatida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari ham bu haqiqatni yana bir bor tasdiqlab turibdi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati