Yana yangrar Sharq taronalari
26.08.2009
Yana yangrar Sharq taronalari Qadimiy va hamisha navqiron Samarqand shahrida 26 avgust kuni “Sharq taronalari” yettinchi xalqaro musiqa festivali ochildi.

Inson qalbiga yuksak va beg‘ubor tuyg‘ularni singdirish, uni ezgu va xayrli ishlarga da’vat etishda, ma’naviyatini yuksaltirishda musiqaning o‘rni va ahamiyati beqiyos. Musiqa, ohang, tarona olamdagi tili, dini va urf-odati turlicha bo‘lgan barcha millat va elatlarni birlashtiradigan qudratli vositadir. Ayni paytda musiqa millatning o‘ziga xos qiyofasini belgilovchi muhim omillardandir.

Mustaqilligimizning ilk yillaridan Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida o‘zligimizni anglash, boy tariximizni, serqirra madaniy merosimizni, milliy qadriyatlarimizni tiklash borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, asrlar osha avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan betakror san’atimizni, milliy musiqamizni chuqur o‘rganish va yanada rivojlantirish, bu borada erishgan yutuqlarimizni jahon uzra keng targ‘ib va tashviq etish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Yoshlarimizni ona Vatanga muhabbat, boqiy an’ana va qadriyatlarimizga hurmat-ehtirom ruhida tarbiyalashga xizmat qiluvchi yuksak musiqiy asarlar yaratish, yosh ijodkorlarni kamol toptirish borasida ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2008 yil 8 iyulda qabul qilingan “Bolalar musiqa va san’at maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha 2009-2014 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori musiqa san’atimiz rivoji yo‘lida amalga oshirilayotgan ezgu ishlarni yangi, yanada yuksak pog‘onaga olib chiqdi. Ushbu hujjat yoshlar iste’dodini har tomonlama kamol toptirish, madaniy saviyasini yuksaltirish, farzandlarimizning milliy va jahon musiqa san’atining yuksak namunalaridan bahramand bo‘lishi uchun zarur sharoit yaratish, boshlang‘ich musiqa ta’limi tizimini tubdan takomillashtirish, bolalar musiqa va san’at maktablarining faoliyatini rivojlantirish imkonini bermoqda.

Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 1997 yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali insonlarni go‘zallik, nafosat va ezgulikka da’vat etish, dunyo xalqlarining noyob musiqiy merosi va an’analarini rivojlantirish, tili, madaniyati, milliy qadriyatlari rang-barang bo‘lgan turli millat va elatlarni san’at vositasida mushtarak maqsadlar yo‘lida yaqinlashtirishga, mamlakatimizning jahon miqyosidagi obro‘-e’tibori ortishiga xizmat qilayotir.

Samarqand, Registon maydoni. 26 avgust, soat 19.00.

Ko‘hna tarixning boqiy guvohi bo‘lmish minoralar rango-rang chiroqlar yog‘dusida afsonaviy ko‘rinish kasb etgan. Yoqimli sabo kishiga o‘zgacha kayfiyat baxsh etadi. Maydondagi ulkan amfiteatr an’anaviy “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalining ochilish marosimiga yig‘ilgan tomoshabinlar bilan to‘lgan. Ular orasida festival qatnashchilari va mehmonlari, san’at namoyandalari, musiqashunos olimlar, san’at ixlosmandlari, chet ellik jurnalistlar, sayyohlar bor.

Anjuman ahli O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovni qarsaklar bilan kutib oladilar.

Registon uzra karnay-surnay, nog‘ora sadolari taraladi. Kuy-qo‘shiq jozibali raqsga ulanadi. Musiqa sadolari ostida muhtasham sahnaga festival qatnashchilari – 47 mamlakat san’atkorlari kirib keladi.

So‘z Prezident Islom Karimovga beriladi.

Davlatimiz rahbari “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali ishtirokchilari va mehmonlarini qutladi va ularga yangidan-yangi ijodiy yutuqlar, festival ishiga muvaffaqiyat tiladi.

Marosimda so‘zga chiqqan YUNESKOning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari Xorxe Espinal Prezident Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu an’anaviy festival qisqa davrda jahondagi nufuzli musiqa anjumanlari qatoridan munosib o‘rin egallaganini, nafaqat Sharq, balki dunyodagi ko‘plab mamlakatlar san’at namoyandalari va ixlosmandlarini o‘ziga keng jalb etayotganini ta’kidladi.

Milliy an’analar va zamon ruhini o‘zida mujassam etgan bu san’at bayrami yer yuzidagi turli xalqlarning ma’naviy olami, orzu-intilishlarini ifoda etib, insonlarni do‘stlik va hamkorlikka chorlovchi ezgulik minbariga aylandi. Ayni chog‘da milliy musiqa san’atimizga butun jahonda qiziqish tobora ortib borayotganida ham ushbu nafosat va san’at bayramining o‘rni va ahamiyati beqiyosdir.

“Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali qisqa muddatda jahondagi nufuzli musiqa anjumanlari qatoridan munosib o‘rin egalladi. Ko‘plab mamlakatlar, xalqaro madaniyat tashkilotlari, mashhur san’at namoyandalarining bu festivalga qiziqishi va e’tibori ortib, ishtirokchi mamlakatlar safi kengayib borayotgani buning yaqqol dalilidir.

Mazkur festivalning Samarqand shahrida o‘tkazilishi ham bejiz emas, albatta. Bu buyuk shahar o‘zining 2750 yildan ortiqroq tarixi davomida qadimiy sivilizatsiyaning noyob namunalari, Sharqning betakror tabiati va boqiy ruhini, boy madaniyatini o‘zida mujassam etib, dunyo ahlining e’tiborini tortib kelmoqda. Shaharda ilm-fan, madaniyat, san’at, musiqa azaldan rivoj topgan.

Samarqand viloyatining Urgut tumanidagi Mo‘minobod qishlog‘idan 3 ming 300 yil muqaddam suyakdan yasalgan musiqa asbobi – nay topilgani, ko‘hna Afrosiyob devoriy suratlaridagi mashshoq va mug‘anniylar tasviri, Abu Nosir Forobiy, Ibn Sino, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk ajdodlarimizning musiqaga oid nazariy-estetik qarashlari xalqimizning qadimdan musiqiy salohiyati naqadar yuksak bo‘lganidan dalolatdir.

Samarqand Sohibqiron Amir Temur zamonida Sharqning eng yirik ilm-fan va madaniyat markazlaridan biriga aylanib, bu yerda mushoiralar, musiqiy anjumanlar uyushtirilgani, unda turli yurtlardan kelgan xonandayu sozandalar ishtirok etgani tarixdan yaxshi ma’lum.

Muazzam Registon maydonining o‘zidan, bu yerdagi ulug‘vor obidalardan musiqa sasi taralib turgandek tuyuladi. Bu sadolar shu maskanga qadam qo‘ygan har bir insonga tarixning sehrli sahifalarini ochib, ezgulikka, tinchlik va do‘stlikka chorlayotgandek.

Ushbu festival yangi nomlarni kashf etish, iqtidorlilarni saralash va yuzaga chiqarish, san’at va san’atkorni yuksak pog‘onaga ko‘tarishning muhim omiliga aylandi.

An’anaga muvofiq festival doirasida “Sharq musiqa madaniyatining jahon tamaddunidagi o‘rni» mavzuida ilmiy konferensiya o‘tkaziladi.

Festival qatnashchilari tomonidan Registon maydonidagi asosiy sahnadan tashqari, “Mo‘jiza” amfiteatri, “Yoshlik” va “So‘g‘diyona” istirohat bog‘larida, Samarqand, Tayloq, Urgut, Jomboy, Oqdaryo, Payariq tumanlarida konsert dasturlari uyushtirish ko‘zda tutilgan.

Xalqaro musiqa festivali ochilishiga bag‘ishlangan teatrlashtirilgan tomoshalar anjuman ishtirokchilari va mehmonlarida katta taassurot qoldirdi.

Yettinchi xalqaro musiqa festivalining tantanali ochilish marosimi sun’iy yo‘ldosh orqali ko‘plab xorijiy mamlakatlarga olib ko‘rsatildi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati