Xalqaro anjumanlar saroyi bilan tanishuv
28.08.2009
Xalqaro anjumanlar saroyi bilan tanishuv O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 28 avgust kuni Toshkent shahri markazida qad rostlagan “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyi bilan tanishdi.

Istiqlolning har bir yili mamlakatimiz tarixi sahifalariga ulkan bunyodkorlik, xalqimiz erishayotgan olamshumul yutuqlar, ezgulik va shodumonlik, taraqqiyot va farovonlik yili sifatida zarhal harflar bilan bitilmoqda. Shahar va qishloqlarimizda barpo etilayotgan zamonaviy korxonalar, turar joylar, ta’lim va tibbiyot muassasalari, ravon yo‘llar va ko‘priklarni ko‘rib ko‘z quvnaydi, dillarda shukronalik, g‘urur hissi ortadi.

Insoniyat taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan, haqli ravishda “Sharq darvozasi” deya e’tirof etilgan, xalqimizning iftixori bo‘lmish azim Toshkent shahri o‘zining 2200 yillik to‘yi arafasida o‘zgacha chiroy, o‘zgacha mahobat kasb etmoqda. Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlari azim shahrimizni zamonaviy megapolisga aylantirdi.

Istiqlol yillarida Toshkent nafaqat mamlakatimizdagi, balki butun mintaqadagi yirik ijtimoiy-siyosiy, ilmiy va madaniy markaz sifatida obro‘-e’tibor qozondi.

Davlatimiz rahbarining qaroriga muvofiq 2008 yilda Toshkent shahrida “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyini qurish boshlangan edi. Zamonaviy me’moriy yechimga ega mazkur inshoot qisqa fursatda sifatli bunyod etildi.

Prezidentimiz Islom Karimov 28 avgust kuni “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyi bilan tanishdi.

Amir Temur xiyoboni me’moriy ansamblining durdonasiga aylangan mazkur saroy o‘z mahobati, salobati, betakror tarxi, zamonaviy landshaft dizayni bilan Toshkent shahri chiroyiga chiroy qo‘shdi. Bu yerda yirik xalqaro anjumanlar, madaniy-ma’rifiy tadbirlar, konsertlar o‘tkaziladi.

Davlatimiz rahbari g‘oyasi asosida bunyod etilgan mazkur muhtasham saroy o‘zida milliy va zamonaviy me’morchilik uslublarini mujassam etgan. Ushbu saroy devorlaridagi serjilo naqshlar, mahobatli marmar ustunlar, diametri 53 metrlik gumbaz me’morchilik bobida ham dunyo ahlini lol qoldirgan ajdodlarimizning asriy an’analari bardavom ekanidan dalolatdir.

Islom Karimov saroy zallari bilan tanishar ekan, ranglar mutanosibligiga, zamonaviy me’moriy yechimlarga uyg‘un milliy an’ana va uslublarga alohida e’tibor qaratdi.

– Mazkur saroy ham xalqimiz bunyodkorligining yana bir timsoli sifatida qad rostladi, – dedi Prezidentimiz. – Shaharlarimizda, xususan, poytaxtimizda bunyod etiladigan har bir bino shaharning me’moriy yechimiga mos bo‘lishi lozim. Mazkur saroyni qurishda ham ana shu jihatga alohida e’tibor qaratildi. Qurayotgan inshootlarimiz, ma’muriy bino bo‘ladimi, ta’lim va tibbiyot muassasasi yoki turar joy binosi bo‘ladimi, albatta, kelajak avlodlarimizga ham xizmat qilishi zarur.

“Toshgiprogor” aksiyadorlik jamiyati loyihasi asosida “Neftgazmontaj” qo‘shma korxonasi bunyodkorlari tomonidan barpo etilgan “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyining balandligi 48 metr. U 300 o‘rinli majlislar, 300 o‘rinli qabullar zali va 1800 o‘rinli anjumanlar zaliga ega.

Davlatimiz rahbari saroyning tarxi, dizayni, yoritish tizimini yuqori baholadi. Saroy foyesida ranglar mutanosibligini ta’minlash, tomoshabinlar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish, bino atrofida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini yanada kengaytirish va takomillashtirish yuzasidan zarur tavsiyalar berdi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 14.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati